Kenan Yildiz jarohat oldi: Turkiya terma jamoasi yulduzi xavf ostida

Kenan Yildiz jarohat oldi: Turkiya terma jamoasi yulduzi xavf ostida

Yuventus hujumchisi Kenan Yildiz mashgʻulotlar vaqtida boldir mushagidan jarohat oldi va A Seriyaning soʻnggi turini oʻtkazib yuboradigan boʻldi. Gazzetta dello Sport nashrining xabar berishicha, turkiyalik iqtidorli futbolchida mushaklarning biroz choʻzilishi kuzatilgan, biroq bu jiddiy uzilish emas. Bu haqda Goal.com xabar beradi.

Ushbu jarohat sababli vinger Yuventusning Torino jamoasiga qarshi muhim bahsida maydonga tusha olmaydi. Shifokorlarning taxminiga koʻra, tiklanish jarayoni taxminan uch hafta davom etishi mumkin. Bu esa futbolchining boʻlajak Jahon chempionatidagi ishtirokini soʻroq ostida qoldirmoqda.

Turkiya terma jamoasi oʻz yurishini 14-iyun kuni Avstraliyaga qarshi oʻyin bilan boshlaydi. Bosh murabbiy Vincenzo Montella hozircha 35 nafar futbolchini kengaytirilgan tarkibga kiritgan boʻlsa-da, yakuniy roʻyxatda faqat 26 kishi qolishi kerak. Kenan Yildiz va Arda Güler jamoaning asosiy umidlari hisoblanadi.

Kenan Yildiz joriy mavsumda Turin klubi safida ajoyib oʻyin koʻrsatib, Italiya chempionatining "Mavsumning koʻtarilayotgan yulduzi" deb eʼtirof etildi. Bavariya akademiyasi tarbiyalanuvchisi boʻlgan 21 yoshli futbolchi Yuventus safida oʻz oʻrnini topishga muvaffaq boʻldi.

Hozirgi kunga qadar Yildiz Turkiya milliy terma jamoasi safida 28 ta oʻyinda maydonga tushib, 5 ta gol urishga erishgan. Endilikda u musobaqa boshlangunga qadar oʻz sport formasini tiklash uchun vaqt bilan poyga oʻynashiga toʻgʻri keladi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.