Muhammad Salah Liverpul rekordini yangilab Stiven Jerrarddan oʻzib ketdi

Muhammad Salah Angliya Premer-ligasining soʻnggi turida Brentford jamoasiga qarshi bahsda ajoyib assist qayd etib, Liverpul tarixidagi eng yaxshi assistentga aylandi. Misrlik hujumchi ushbu koʻrsatkich boʻyicha klub afsonasi Stiven Jerrardni ortda qoldirib, oʻzining afsonaviy maqomini yana bir bor mustahkamladi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Uchrashuvning 74-daqiqasida zaxiraga olingan Salah muxlislarning davomli qarsaklari ostida maydonni tark etdi. Oʻyin davomida u Curtis Jonesga golli uzatma yetkazib berib, Premer-ligadagi assistlari sonini 93 taga yetkazdi. Muhammad Salah oʻng qanotdan markazga yorib kirib, oyoq tashqarisi bilan uzatgan pasini Jones darvozaga aniq yoʻlladi.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, Salah oʻyin davomida 69 marta toʻpga tegindi va 84 foizli aniq uzatmalarni amalga oshirdi. Shuningdek, u raqib darvozasiga toʻrt bor zarba berib, bir marta toʻsinni poylagan boʻlsa, yana bir marta xavfli vaziyat yaratdi. Ushbu durang natija Liverpul uchun kelasi mavsumda Chempionlar ligasi yoʻllanmasini naqd qildi.
Muhammad Salah Liverpul safidagi toʻqqiz yillik faoliyati davomida 442 ta oʻyinda maydonga tushib, 257 ta gol urishga muvaffaq boʻldi. U jamoa bilan ikki bor Angliya Premer-ligasi chempionligini qoʻlga kiritdi, Chempionlar ligasi va boshqa koʻplab sovrinlarga ega chiqdi. Shuningdek, u toʻrt marta Premer-liga oltin butsasini qoʻlga kiritgan.
Hozircha erkin agentga aylangan yulduzning keyingi manzili nomaʼlumligicha qolmoqda. U yaqin vaqt ichida bor eʼtiborini Misr terma jamoasi bilan Jahon chempionatiga qaratadi. Shundan soʻng u Yevropa grandlari, Turkiya, Saudiya Arabistoni yoki AQSH klublaridan kelayotgan takliflarni koʻrib chiqishi kutilmoqda.













