Tottenxem Angliya Premer-ligasida oʻz oʻrnini saqlab qoldi

Shimoliy Londonda oʻtgan asabiy bahsda Tottenxem jamoasi Everton ustidan 1:0 hisobida gʻalaba qozonib, Angliya Premer-ligasidagi oʻrnini rasman saqlab qoldi. Roberto De Zerbi shogirdlari ushbu gʻalaba evaziga quyi ligaga tushib ketish xavfidan butunlay qutulishdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Uchrashuvning birinchi boʻlimi mezbonlarning toʻliq ustunligida oʻtdi. Conor Gallagher va Kevin Danso oʻyin boshida qulay imkoniyatlardan foydalana olmagan boʻlsalar-da, tanaffusga ikki daqiqa qolganida Joao Palhinha hisobni ochdi. Uning bosh bilan yoʻllagan zarbasi ustunga tegib qaytdi, biroq takroriy urinishda yarim himoyachi toʻpni darvoza chizigʻidan oʻtkazishga muvaffaq boʻldi.
Ikkinchi boʻlimda Everton toʻp nazoratini oʻz qoʻliga olgan boʻlsa-da, Tottenxem himoyasini yorib oʻtishda qiynaldi. Faqatgina hakam tomonidan qoʻshib berilgan vaqtda Tyrique George hisobni tenglashtirishi mumkin edi, biroq darvozabon Antonin Kinsky ajoyib seyv namoyish etib, jamoasining muhim gʻalabasini saqlab qoldi.
Ushbu natija Londonning boshqa bir klubi — Vest Xem uchun ayanchli yakunlandi. "Bolgʻachilar" Lids Yunayted ustidan gʻalaba qozonganlariga qaramay, Tottenxemning uch ochkosi ularni Chempionshipga ravona qildi. Roberto De Zerbi jamoasi esa kelasi mavsumda ham elitada ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritdi.
Oʻyin qahramonlaridan biri Kevin Danso himoyada ishonchli harakat qilib, raqib hujumchilariga deyarli imkon qoldirmadi. Joao Palhinha esa nafaqat gʻalaba goli, balki maydon markazidagi faolligi bilan ham ajralib turdi.













