Muhammad Salah Liverpul bilan koʻz yoshlar ostida xayrlashdi

Muhammad Salah yakshanba kuni Liverpul bilan hissiyotlarga boy tarzda xayrlashdi. Misrlik superyulduz oʻzining ikki qizi hamrohligida "Kop" tribunasining qarshisida koʻz yoshlarini tiya olmadi. Jamoadoshlari tomonidan tashkil etilgan faxriy yoʻlakcha va "Enfild" muxlislarining olqishlari ostida u gollar va sovrinlarga boy toʻqqiz yillik afsonaviy davrga yakun yasadi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Angliya Premer-ligasining X ijtimoiy tarmogʻidagi rasmiy sahifasida eʼlon qilingan videoda 2025-26-yilgi mavsumning soʻnggi turida Liverpul va Brentford oʻrtasidagi 1:1 hisobidagi durangdan keyingi lahzalar muhrlangan. Salah maydon markazida turib, muxlislar tomonidan kuylangan "You'll Never Walk Alone" madhiyasini tinglar ekan, oʻzini tutib tura olmadi. Hujumchi Liverpul faoliyatidagi soʻnggi daqiqalardan zavqlanib, muxlislarga minnatdorchilik bildirdi.
Uchrashuvning 74-daqiqasida Jeremie Frimpongga almashtirilgan Salahni jamoadoshlari va murabbiy Arne Slot iliq kutib olishdi. Ushbu oʻyinda u Curtis Jonesga golli uzatma berib, Angliya Premer-ligasidagi assistlari sonini 93 taga yetkazdi va Steven Gerrardning Liverpuldagi rekordini yangiladi. Toʻqqiz yillik faoliyati davomida u klub bilan barcha yirik sovrinlarni, jumladan ikki bor Angliya Premer-ligasi va Chempionlar ligasini qoʻlga kiritdi.
33 yoshli futbolchi Sky Sports nashriga bergan intervyusida xayrlashuv ogʻir boʻlganini tan oldi: "Men juda koʻp yigʻladim – oʻylashimcha, butun umrim davomida bunchalik yigʻlamagan edim. Bunday joyni tark etish juda qiyin. Men odatda hissiyotlarimni koʻrsatmaydigan, qattiqqoʻl yigitman, lekin ich-ichimdan buni goʻdakdek his qilyapman. Biz bu yerda yoshligimizni qoldirdik va klubni u loyiq boʻlgan choʻqqiga qaytardik".
Salah 2017-yildan beri uni qadrlab kelayotgan muxlislardan minnatdor ekanini taʼkidladi. Uning keyingi manzili hozircha nomaʼlum boʻlib qolmoqda, biroq uning "Enfild"dagi merosi abadiy muhrlandi. Liverpul esa kelasi mavsum uchun Chempionlar ligasi yoʻllanmasini rasman naqd qildi va endilikda oʻzining asosiy yulduzisiz yangi davrni boshlashga tayyorlanmoqda.













