Bavariya uchun kutilmagan zarba: Anthony Gordon boshqa klub bilan kelishib oldi

Bavariya uchun kutilmagan zarba: Anthony Gordon boshqa klub bilan kelishib oldi

Ispaniyaning Mundo Deportivo nashri xabariga koʻra, Barselona jamoasi Nyukasl hujumchisi Anthony Gordonni oʻz safiga qoʻshib olish borasida asosiy daʼvogarga aylandi. Maʼlumotlarga koʻra, kataloniyaliklar Angliya terma jamoasi aʼzosi uchun kurashda peshqadamlikni qoʻlga kiritgan. Italiyalik transfer eksperti Fabrizio Romano ham futbolchi va klub oʻrtasida kelishuvga erishilganini tasdiqlamoqda. Bu haqda Goal.com xabar beradi.

Natijada, 25 yoshli futbolchi uchun kurash olib borayotgan yana ikki gigant — Bavariya va Liverpul quruq qolishi kutilmoqda. Anthony Gordon faoliyatini Ispaniyada davom ettirishni afzal koʻrmoqda. Unga murabbiy Hansi Flick, sport direktori Deco va prezident Joan Laporta tomonidan taqdim etilgan sport loyihasi maʼqul kelgan.

Barselona rahbariyatining yaqinda Londonga amalga oshirgan safari hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻldi. Deco boshchiligidagi delegatsiya Angliya poytaxtida futbolchi bilan uchrashib, uni oʻz tomoniga ogʻdirishga muvaffaq boʻlgan. Xabarlarga koʻra, ingliz hujumchisining asosiy maqsadi Camp Nou stadionida toʻp surish hisoblanadi.

Hozirda Nyukasl va Barselona oʻrtasida transferni yakunlash boʻyicha rasmiy muzokaralar davom etmoqda. Kataloniyaliklar raqiblarini ortda qoldirish uchun tezkor harakat qilishmoqda. Bavariya bir necha hafta oldin futbolchiga qiziqish bildirgan boʻlsa, Liverpul soʻnggi kunlarda hujumni kuchaytirish maqsadida unga jiddiy taklif bilan chiqqan edi.

Liverpul Muhammad Salah ketishi kutilayotgan bir paytda hujum chizigʻini yangilashni maqsad qilgan edi. Biroq, ularning barcha urinishlari besamar ketganga oʻxshaydi, chunki futbolchi allaqachon Barselona foydasiga tanlov qilib boʻlgan.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.