Spotify va Universal Music muxlislarga AI-remikslar yaratishga ruxsat beradi

Spotify va Universal Music muxlislarga AI-remikslar yaratishga ruxsat beradi

Spotify va Universal Music Group (UMG) oʻrtasida imzolangan yangi kelishuvga koʻra, endilikda foydalanuvchilar generativ sunʼiy intellekt yordamida sevimli qoʻshiqlarining kover va remiks talqinlarini yaratishlari mumkin boʻladi. Ushbu yangi vosita faqat Spotify Premium obunachilari uchun pullik qoʻshimcha funksiya sifatida taqdim etiladi. Eng muhimi, AI tomonidan yaratilgan musiqalardan tushgan daromadning bir qismi asar mualliflariga yoʻnaltiriladi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

Kompaniya hozircha yangi xizmatning narxi yoki rasmiy ishga tushish sanasini ochiqlamadi. Spotify oʻtgan yili Sony Music Group, Warner Music Group va Merlin kabi yirik leybllar bilan hamkorlikda sanʼatkorlar manfaatini himoya qiluvchi AI mahsulotlari ustida ishlayotganini maʼlum qilgan edi. Kompaniya rahbariyati bu borada Suno kabi startaplardan farqli oʻlaroq, mualliflik huquqlarini buzmasdan, oldindan kelishuv asosida ish tutishini taʼkidlamoqda.

Spotify hammuassisi Alex Norströmning soʻzlariga koʻra, yangi tizim rozilik, mualliflikni tan olish va adolatli kompensatsiya tamoyillariga asoslanadi. UMG rahbari Sir Lucian Grainge esa bu loyihani sanʼatkorlar uchun muxlislar bilan aloqani mustahkamlash va qoʻshimcha daromad manbai yaratish imkoniyati deb atadi. Hozircha aynan qaysi xonandalar oʻz ijod namunalaridan AI-remikslar yaratishga ruxsat bergani maʼlum emas.

Ushbu qadam bozordagi Suno va Udio kabi AI-musiqa servislariga qarshi jiddiy zarba boʻlishi kutilmoqda. Mazkur servislar hozirda yirik leybllar tomonidan mualliflik huquqini buzganlikda ayblanib, sudga tortilgan. Spotify esa muammolarni chetlab oʻtish uchun toʻgʻridan-toʻgʻri huquq egalari bilan kelishish yoʻlini tanladi.

Investorlar kunida eʼlon qilingan ushbu yangilikdan tashqari, Spotify yana bir qator AI-yechimlarni taqdim etdi. Ular orasida sunʼiy intellekt yordamida audiokitoblar yaratish vositasi, podkasterlar uchun yangi funksiyalar va eng sodiq muxlislar uchun konsert chiptalarini band qilish tizimi mavjud.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Nodirbek Razzokov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.