Berlinning Peec AI startapi yillik daromadini 10 million dollarga yetkazdi

Berlinning eng tez rivojlanayotgan startaplaridan biri boʻlgan Peec AI qisqa vaqt ichida yillik daromadini 10 million dollardan oshirishga muvaffaq boʻldi. TechCrunch nashri tomonidan tasdiqlangan ichki maʼlumotlarga koʻra, kompaniya oʻzining moliyaviy koʻrsatkichlarini bir necha oy ichida ikki baravardan koʻproqqa oshirgan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Peec AI bundan olti oy avval 21 million dollarlik Series A investitsiya raundini yakunlagan edi. Oʻshanda kompaniya bosh direktori Marius Meiners startap qiymati 100 million dollardan yuqori ekanini, daromad esa ishga tushirilganidan beri 4 million dollarga yetganini maʼlum qilgan edi. Hozirgi natijalar esa kompaniyaning oʻsish surʼati yanada tezlashganini koʻrsatmoqda.
Ushbu startap brendlarga sunʼiy intellekt qidiruv tizimlarida (AI search) oʻz koʻrinuvchanligini kuzatish va yaxshilashga yordam beradi. Garchi kompaniya shtab-kvartirasi Berlinda joylashgan boʻlsa-da, yaqinda New York shahrida ham oʻz ofisini ochdi. Bu esa Yevropa texnologiya ekotizimidagi muhim oʻzgarishlardan biri — daromadga yoʻnaltirilgan biznes modelining isbotidir.
Antler hamkori Christoph Klinkning taʼkidlashicha, hozirgi vaqtda muvaffaqiyat kompaniya qiymati (valuation) bilan emas, balki real oʻsish va daromad bilan oʻlchanmoqda. 2021-yildagi bozor pufagi va undan keyingi inqirozdan saboq olgan investorlar endi daromad masalasiga birinchi darajali vazifa sifatida qarashmoqda.
Peec AI kabi zamonaviy startaplar daromad koʻrsatkichlarini real vaqt rejimida kuzatib boruvchi dashboard tizimlaridan foydalanadi. Baʼzan bu maʼlumotlar barcha xodimlar uchun ochiq boʻladi, bu esa jamoaning umumiy maqsad yoʻlida jipslashishiga va bozorning yangi talablariga tezroq moslashishiga xizmat qiladi.













