Xiaomi suv toshqinidan zarar koʻrgan qurilmalarni bepul taʼmirlab beradi

Xiaomi kompaniyasi Xitoyning bir qator hududlarida yuz bergan kuchli suv toshqinlari va jala yogʻingarchiliklari oqibatida shikastlangan qurilmalarni bepul taʼmirlash aksiyasini boshladi. Kompaniya eʼlon qilgan vaqtinchalik dastur smartfonlar, planshetlar, noutbuklar, taqiladigan gadjetlar va hatto ayrim maishiy texnika vositalarini qamrab oladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ushbu tashabbus 2024-yilning 22-mayidan 20-iyuniga qadar amal qiladi va asosan Szyansi, Xunan hamda Xubey provinsiyalaridagi jabrlangan tumanlarga tegishlidir. Xiaomi va Redmi brendi ostidagi telefon, fitnes-bilakuzuk, aqlli soat, quloqchin va noutbuk egalari suv kirishi natijasida yuzaga kelgan nosozliklarni bepul diagnostika qildirishlari, tozalashlari va taʼmirlatishlari mumkin.
Shuningdek, Xiaomi servis markazlari tashrif buyuruvchilarni quvvatlash qurilmalari, Wi-Fi tarmogʻi va ichimlik suvi bilan taʼminlashi xabar qilingan. Foydalanuvchilar oflayn markazlarga shaxsan tashrif buyurishlari yoki pochta orqali taʼmirlashga ariza topshirishlari mumkin. Dastur Mijia ekotizimi mahsulotlari va yirik maishiy texnikalarga ham taalluqlidir.
Xiaomi kompaniyasining ushbu qadami koʻpchilik uchun kutilmagan boʻldi, chunki odatda suv bilan bogʻliq shikastlanishlar standart kafolat shartlariga kirmaydi. Suv tekkan elektronika, ayniqsa smartfon va noutbuklarni taʼmirlash juda qimmatga tushishini hisobga olsak, bu tashabbus tabiiy ofatdan zarar koʻrgan aholi uchun katta yordam boʻlishi shubhasiz.













