Orbital tutib olish: Rossiya sunʼiy yoʻldoshlari ICEYE-X36 ga yaqinlashmoqda

Orbital tutib olish: Rossiya sunʼiy yoʻldoshlari ICEYE-X36 ga yaqinlashmoqda

Yer atrofidagi fazoda Rossiyaning “Kosmos” seriyasiga mansub sunʼiy yoʻldoshlarining noodatiy faolligi qayd etildi. 16-aprel kuni Plesetsk kosmodromidan “Soyuz-2.1b” raketasida uchirilgan toʻrtta apparat (“Kosmos-2610” – “Kosmos-2613”) oʻz orbitalari ogʻish burchagini sinxron ravishda oʻzgartirdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Ekspertlarning taʼkidlashicha, bunday manyovrlar juda koʻp energiya va yoqilgʻi sarfini talab qiladi. Odatda bu kabi harakatlar faqat aniq bir maqsad — taʼqib qilinayotgan obʼyekt bilan bir xil trayektoriyaga chiqish uchun amalga oshiriladi. Hozirda Rossiya apparatlari Finlyandiya va AQSHga tegishli boʻlgan ICEYE-X36 sunʼiy yoʻldoshidan 500 metrdan 22 kilometrgacha boʻlgan masofada joylashgan.

ICEYE-X36 qurilmasi Yerni radiolokatsion kuzatish tizimiga kiradi. Ushbu turdagi apparatlar ob-havo va vaqtdan qatʼi nazar, sirtning 16 santimetrgacha aniqlikdagi batafsil tasvirlarini olish imkoniyatiga ega. ICEYE kompaniyasi bir qator davlat va tijorat tuzilmalari bilan faol hamkorlik qilib keladi.

Integrity ISR mutaxassisi Greg Gillingerning fikricha, Rossiya apparatlarining harakatlari “yaqinlashish operatsiyalari” bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Bu amaliyot sunʼiy yoʻldoshlarni tekshirish, kuzatish yoki orbitada aniq manyovr qilish texnologiyalarini sinovdan oʻtkazish uchun qoʻllaniladi. Hozircha ICEYE-X36 ga nisbatan toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir choralari qayd etilmagan.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.