Xiaomi xonani 3 daqiqada sovutuvchi Mijia Giant Power Saver 2026 ni taqdim etdi

Xiaomi kompaniyasi Xitoy bozorida yangi Mijia Air Conditioner Giant Power Saver 2026 konditsionerini namoyish qildi. Qurilma allaqachon JD.com platformasida paydo boʻldi, uning narxi 1899 yuanni (taxminan 280 dollar) tashkil etadi. Sotuvlar rasman 30-maydan boshlanishi rejalashtirilgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Konditsionerning yillik energiya samaradorligi koeffitsienti (APF) 5,36 ga teng boʻlib, bu Xitoy standartlari boʻyicha birinchi darajali energiya tejash sinfiga mos keladi. Xiaomi hisob-kitoblariga koʻra, ushbu texnologiya yiliga taxminan 208 kW·soat elektr energiyasini tejash imkonini beradi.
Mijia Air Conditioner Giant Power Saver 2026 diametri 108 mm boʻlgan ventilyator bilan jihozlangan boʻlib, u soatiga 760 m³ havo oqimini taʼminlaydi. Kompaniya bayonotiga koʻra, qurilma oddiy xonada belgilangan haroratga bor-yoʻgʻi uch daqiqa ichida erisha oladi. Shuningdek, u foydalanuvchi odatlariga moslashuvchi Mijia Lingyun aqlli tizimi bilan taʼminlangan.
Yangi model Mijia ilovasi bilan integratsiya qilingan va HyperOS Connect ekotizimini qoʻllab-quvvatlaydi. Qurilma masofadan yangilanish (OTA), oʻz-oʻzini diagnostika qilish va muammolar haqida xabar berish funksiyalariga ega. Masalan, filtrni tozalash yoki xladagent kamayganligi haqida bildirishnoma yuboradi.
Konditsionerning oʻziga xos jihati — oʻz-oʻzini tozalash tizimidir. Ichki qismlar mogʻor va bakteriyalar koʻpayishining oldini olish uchun 58°C haroratda yuviladi va quritiladi. Qurilma tashqarida -35°C dan +60°C gacha boʻlgan haroratda ishlashga moʻljallangan boʻlib, tungi rejimda shovqin darajasi atigi 18 dB gacha pasayadi.













