DeepSeek oʻzining flagman V4-Pro modeli narxini 75 foizga arzonlashtirdi

Xitoyning sunʼiy intellekt sohasidagi yetakchi startaplaridan biri boʻlgan DeepSeek oʻzining eng ilgʻor V4-Pro modeli uchun narxlarni doimiy ravishda 75 foizga pasaytirdi. Endilikda ushbu modeldan foydalanish xarajatlari dastlabki narxning chorak qismini tashkil etadi. Kompaniya ushbu qarorni yuqori unumdorlikka ega tizimlardagi hisoblash quvvatlari bilan bogʻliq cheklovlar yumshatilgani bilan izohladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
DeepSeek tomonidan berilgan rasmiy bayonotga koʻra, V4-Pro API xizmati uchun narxlar foydalanish turiga qarab bir million token uchun 0,025–6 yuangacha (taxminan 0,0035 dollardan 0,83 dollargacha) tushirildi. Avvalroq ushbu koʻrsatkich 0,1–24 yuan oraligʻida edi. Maʼlumot uchun, token sunʼiy intellekt modeli tomonidan qayta ishlanadigan matn birligidir.
Tahlilchilarning fikricha, narxlarning bunday keskin pasayishi Huawei Ascend 950 chiplari yetkazib berish hajmining ortishi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. AQSH tomonidan NVIDIA mahsulotlariga qoʻyilgan eksport cheklovlari fonida Huawei chiplari Xitoy bozorida asosiy muqobilga aylandi. DeepSeek avvalroq Huawei Ascend 950 super-tugunlarining ommaviy ishga tushirilishi narxlarni sezilarli darajada pasaytirishga imkon berishini taʼkidlagan edi.
Oʻtgan oyda V4 versiyasi taqdim etilganda, Pro talqini hisoblash resurslari tanqisligi sababli oddiy Flash versiyasidan 12 baravar qimmatroq boʻlishi aytilgan edi. Narxlarning arzonlashishi DeepSeek modellarini ishlab chiquvchilar va biznes vakillari uchun yanada hamyonbop qiladi va sunʼiy intellekt bozoridagi raqobatni kuchaytiradi.













