Starlink Mobile oddiy mobil tarmoqlar bilan raqobatlashmoqchi

SpaceX kompaniyasi Starlink sunʼiy yoʻldosh aloqasini shunchaki "favqulodda vaziyatlar uchun yechim"dan oddiy mobil tarmoqlarning toʻlaqonli muqobiliga aylantirishni maqsad qilgan. Kompaniyaning IPO oldidan tayyorlangan hujjatlariga koʻra, gap direct-to-smartphone texnologiyasi, yaʼni oddiy smartfonlarni maxsus uskunalarisiz toʻgʻridan-toʻgʻri sunʼiy yoʻldoshlarga ulash haqida bormoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Hozirda Starlink Mobile asosan operatorlar qamrovi boʻlmagan hududlarda xabar almashish va bazaviy aloqa uchun ishlatiladi. Biroq SpaceX vaqt oʻtishi bilan sunʼiy yoʻldosh aloqasi sifati hatto shahar sharoitida ham yer usti mobil tarmoqlari bilan tenglashishiga ishonmoqda. Buning uchun kompaniya sunʼiy yoʻldoshlar guruhini faol kengaytirmoqda va radiochastotalardan foydalanish imkoniyatlarini kuchaytirmoqda.
Xususan, SpaceX ulanish barqarorligi va tezligini oshirish uchun Amerikaning EchoStar kompaniyasi spektridan foydalanishni rejalashtirmoqda. Kompaniya vakillarining taʼkidlashicha, mahsulot xususiyatlari yaxshilangani sari, mijozlar qishloq, shahar atrofi yoki megapolisda boʻlishidan qatʼi nazar, aynan Starlink xizmatlarini afzal koʻrishlari uchun kurash olib boriladi.
Hozircha telekommunikatsiya gigantlari, jumladan SpaceX hamkori T-Mobile ham sunʼiy yoʻldosh aloqasini faqat qimmat tariflar uchun qoʻshimcha opsiya sifatida koʻrmoqda. T-Mobile rahbari Srini Gopalan may oyida sunʼiy yoʻldosh trafigi umumiy tarmoq hajmining atigi 0,0002 foizini tashkil etganini maʼlum qildi. Shunga qaramay, SpaceX bir necha yildan soʻng sunʼiy yoʻldoshlar oddiy baza stansiyalari kabi odatiy aloqa vositasiga aylanishiga tikish tikmoqda.













