Ford "chiqindi"dan dunyodagi ilk ekologik elektromotorni yaratdi

Britaniyaning Ionic Technologies kompaniyasi boshchiligidagi konsorsium Ford ishtirokida 100 foiz qayta ishlangan nodir metallardan tayyorlangan magnitli elektromotor sinovlarini muvaffaqiyatli yakunladi. Buyuk Britaniyadagi Ford ilmiy-tadqiqot markazida oʻtkazilgan testlar shuni koʻrsatdiki, bunday motorlarning unumdorligi va chidamliligi birlamchi xomashyodan tayyorlangan agregatlar bilan bir xil darajada. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Bu qayta ishlangan nodir elementlarning avtosanoatning qatʼiy tijorat standartlariga birinchi urinishdayoq toʻliq mos kelishini isbotlagan dunyodagi ilk holatdir. Texnologik jarayon bir necha bosqichdan iborat boʻldi: dastlab Ionic Technologies Belfastdagi zavodida neodim-temir-bor (NdFeB) magnitlari parchasidan yuqori tozalikdagi neodim, disproziy va terbiy oksidlarini ajratib oldi.
Keyingi bosqichda Less Common Metals (LCM) kompaniyasi ushbu oksidlarni maxsus qotishmaga aylantirdi, Germaniyaning GKN kompaniyasi esa ulardan tayyor doimiy magnitlarni ishlab chiqardi. Yakuniy bosqichda Ford muhandislari Xeylvuddagi zavodda ikkita sinov rotorini yigʻib, stendda resurs sinovlarini oʻtkazdilar.
Ushbu loyiha Yevropa bozori uchun strategik ahamiyatga ega, chunki hozirda nodir metallar sohasida Xitoy hukmronlik qilmoqda va eksport nazoratini kuchaytirmoqda. Disproziy va terbiy kabi elementlar avtomobil magnitlarining yuqori haroratga chidamliligi uchun oʻta muhim hisoblanadi.
Hozirda Ionic Technologies Belfastda qiymati 85 million funt sterlingga teng boʻlgan tijorat zavodini qurish boʻyicha yakuniy qarorni qabul qilishga tayyorlanmoqda. Mazkur korxona yiliga 400 tonnagacha tozalangan nodir metall oksidlarini ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻladi.













