Shenzhou 23: Yangilangan illyuminatorlar va tezkor tutashuv tizimi

Xitoyning Shenzhou 23 kosmik kemasini uchirish 2026-yil 24-mayga rejalashtirilgan. Kema Szyusyuan kosmodromidan Long March 2F (Chanchjen-2F) raketa-tashuvchisi yordamida orbitaga chiqariladi. Ushbu missiya tarkibida ilk bor gonkonglik taykonavt Li Szyain ishtirok etishi kutilmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ekipaj bir qator ilmiy tajribalarni oʻtkazish uchun "Tyangun" milliy orbital stansiyasiga yoʻl oladi. Kema mavjud texnologiyalar asosida koʻp tomonlama texnologik modernizatsiyadan oʻtkazildi. Xususan, qaytuvchi kapsulaning asbob-uskunalar tizimi yangilandi va inson-mashina interfeysi optimallashtirildi.
Dasturchilar asboblar panelini miniatyuralashtirish hisobiga foydali yuklarni joylashtirish uchun koʻproq joy boʻshatishga muvaffaq boʻlishdi. Bundan tashqari, 3,5 soat ichida amalga oshiriladigan tezkor yaqinlashish va tutashuv tizimi takomillashtirildi, tutashuv mexanizmining bufer tizimi modernizatsiya qilinib, uning moslashuvchanligi va ishonchliligi oshirildi.
Kema missiyani moslashuvchan tarzda oʻzgartirishni qoʻllab-quvvatlaydi: u yuk platformasiga aylantirilishi mumkin va boshqa stansiyalar bilan foydalanish uchun maxsus interfeyslarga ega. Shuningdek, kosmonavtlar xavfsizligini taʼminlash maqsadida illyuminatorlar mustahkamlandi. Hozirda Szyusyuan kosmodromida barcha tayyorgarlik ishlari reja asosida davom etmoqda.













