Xitoyning GeForce RTX 4060 muqobili 48 soat ichida sotilib ketdi

Xitoyning GeForce RTX 4060 muqobili 48 soat ichida sotilib ketdi

Xitoyning birinchi haqiqiy oʻyin videokartasi hisoblangan, WHQL sertifikatiga ega Lisuan LX 7G100 bozorda katta shov-shuvga sabab boʻldi. Lisuan Technology kompaniyasi xabariga koʻra, savdolar boshlanganidan keyin atigi 48 soat ichida 30 mingdan ortiq buyurtma qabul qilingan. Shu bilan birga, ishlab chiqaruvchi Microsoft WHQL tomonidan tasdiqlangan grafik drayverni va 40 ta mashhur zamonaviy oʻyinlar uchun optimallashtirish boʻyicha batafsil qoʻllanmani taqdim etdi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Lisuan LX 7G100 videokartasi NVIDIA, AMD va Intel kabi «katta uchlik»dan tashqaridagi Xitoy kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan boʻlib, u Microsoft kompaniyasining rasmiy WHQL muvofiqlik sertifikatini olgan va DirectX 12 texnologiyasini apparat darajasida toʻliq qoʻllab-quvvatlaydigan tarixdagi birinchi qurilmadir. Bu esa uni xalqaro standartlarga javob beradigan raqobatbardosh mahsulotga aylantiradi.

Texnik jihatdan Lisuan LX 7G100 6 nanometrli GPU bazasida qurilgan va 12 GB GDDR6 xotiraga ega. Qurilma DX12, Vulkan 1.3, OpenGL 4.6 va OpenCL 3.0 API’larini qoʻllab-quvvatlaydi. Videokartaning quvvat isteʼmoli 225 Wni tashkil etadi va u toʻrtta DisplayPort 1.4a porti bilan jihozlangan.

Dastlab ushbu model GeForce RTX 4060 videokartasining analogi sifatida taqdim etilgan edi, biroq ilk test natijalari uning unumdorligi hatto GeForce RTX 3060 darajasiga ham yetmasligini koʻrsatdi. Shunga qaramay, 500 dollarlik narx va oʻrtacha samaradorlik xitoylik xaridorlarni toʻxtata olmadi — mahsulotga boʻlgan talab kutilganidan ancha yuqori boʻlib chiqdi.

"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Mavzuga oid yangiliklar

Maʼlumot Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu maqolaga izoh qoldira olmaydi.