Sunʼiy intellekt xavfsizligi: Google ham yangi yechimlar izlamoqda

Google Cloud operatsion direktori Francis de Souza Los-Anjelesdagi tadbirlardan birida kompaniyalar hozirgi sunʼiy intellekt (AI) davrida duch kelayotgan xavfsizlik muammolari haqida oʻz fikrlari bilan boʻlishdi. Uning taʼkidlashicha, hozirda barcha, hatto Google kabi texnologik gigantlar ham AI xavfsizligini real vaqt rejimida oʻrganish va moslashish jarayonini boshdan kechirmoqda. De Souza xavfsizlik masalasi loyihaning oxirida qoʻshiladigan element emas, balki boshidanoq strategiyaning ajralmas qismi boʻlishi kerakligini uqtirdi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Ekspertning soʻzlariga koʻra, kompaniyalar "shadow AI" — xodimlarning tashkilot nazoratisiz turli isteʼmolchi vositalaridan foydalanishi xavfidan ehtiyot boʻlishlari zarur. "Maʼlumotlar strategiyasi va xavfsizlik strategiyasisiz hech qanday AI strategiyasi mavjud boʻlmaydi. Ular doimo yonma-yon yurishi kerak", — deydi de Souza. Shuningdek, u zamonaviy kiberhujumlar tezligi keskin oshganini, buzib kirish va hujumning keyingi bosqichi orasidagi vaqt 8 soatdan 22 soniyagacha qisqarganini qayd etdi.
Yana bir jiddiy xavf sifatida kompaniya ichki tizimlarida harakatlanuvchi AI agentlari koʻrsatildi. Ushbu agentlar yillar davomida unutilgan, xavfsizlik choralari yangilanmagan eski SharePoint serverlari va maʼlumotlar omborlarini topib, maxfiy maʼlumotlarning sizib chiqishiga sabab boʻlishi mumkin. Bunday tezkor tahdidlarga qarshi turish uchun de Souza "mashina tezligiga qarshi mashina tezligi" bilan javob qaytarishni, yaʼni toʻliq agentli mudofaa tizimlariga oʻtishni taklif qilmoqda.
LinkedIn axborot xavfsizligi boʻyicha direktori Lea Kissner ham ushbu fikrlarni qoʻllab-quvvatlab, soha mutaxassislari yaqin yillar ichida AI keltirib chiqaradigan zaifliklar toʻlqini — "bug-pocalypse" bilan kurashishiga toʻgʻri kelishini aytdi. Bu muammo nafaqat texnik guruhlar, balki kompaniya rahbariyati va direktorlar kengashi darajasida hal qilinishi lozim boʻlgan strategik masalaga aylandi.













