20:02 / 21.02.2018
17 703

Toshkentda to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidasini buzganlarga nisbatan choralar ko‘rilmoqda

Toshkentda to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidasini buzganlarga nisbatan choralar ko‘rilmoqda
Shu kunlarda Toshkent shahar IIBB YHX Boshqarmasi xodimlari tomonidan to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidabuzarligi yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rilmoqda, deb xabar qiladi boshqarma matbuot xizmati.

Jumladan, to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidasini buzgan haydovchilarga nisbatan joyida ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirib kelinmoqda. Agarda transport vositasining haydovchisi bo‘lmasa va to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalariga rioya kilinmaganligi oqibatida mazkur transport vositasi yo‘l harakati ishtirokchilarining harakatlanishiga halaqit bersa, MJtKning 291-moddasiga asosan transport vositasini maxsus to‘xtash joylari (jarima maydoni)ga evakuatsiya qilinmokda.

Prezidentning 14 fevral kunidagi “Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qarorida ikki oy muddatda ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida Vazirlar Mahkamasiga Toshkent shahrida transport vositalari haydovchilari tomonidan to‘xtab turish qoidalarini buzish bilan bog‘liq ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish to‘g‘risida takliflar kiritish, bunda haydovchisi bo‘lmaganda ham noto‘g‘ri to‘xtab turish holatini qayd etish va bayonnomalar tuzilishi nazarda tutilgan.

Mazkur qaror talablari ijrosi yuzasidan tegishli takliflar tayyorlanmoqda, deyiladi xabarda.

Hozirgi vaqtda poytaxt ko‘cha va yo‘llarida o‘rnatilgan 3.27 (To‘xtash taqiqlangan) va 3.28 (To‘xtab turish taqiqlangan) yo‘l belgilarini xatlovdan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda. Xatlov davomida hozirgi kunda o‘z ahamiyatini yo‘qotgan yo‘l belgilarini olib tashlash, shuningdek, 3.27 (To‘xtash taqiqlangan) yo‘l belgilarini 3.28 (To‘xtab turish taqiqilangan) yo‘l belgilariga almashtirish choralari ham ko‘rilmoqda.

Ma’lumot uchun:
MJtKning 1286-moddasi - transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi

  • Transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi eng kam ish haqining uch baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi. (hozirgi kunda 516 720 so‘mni tashkil etadi).
  • Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xuddi shunday huquqbuzarlikni ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish eng kam ish haqining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi (861 200 so‘mni tashkil etadi).
  • Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xuddi shunday huquqbuzarlikni ikki marta ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish eng kam ish haqining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi (1 722 400 so‘mni tashkil etadi).
  • Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan xuddi shunday huquqbuzarlikni uch marta va undan ortiq ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish eng kam ish haqining o‘n besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi (2 583 600 so‘mni tashkil etadi).

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Toshkentda to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidasini buzganlarga nisbatan choralar ko‘rilmoqda