O‘zbekiston haydovchilarni 100 ballik tizimda baholashga o‘tishi mumkin

  • Avto
  • 18-05-2018, 06:30
  • 1 459
  • Ўзбекистон ҳайдовчиларни 100 баллик тизимда баҳолашга ўтиши мумкин
    O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi haydovchilarni baholashning ballik tizimini tatbiq etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Toshkent shahar IIBB axborot multimedia markazi rahbari Baxtiyor Inog‘omov 17 may, payshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifing chog‘ida ma’lum qildi.

    Inog‘omovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu taklif O‘zbekiston ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov tomonidan 16 may kuni Olmazor tumani aholisi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida aytib o‘tilgan.

    Amaldagi Yo‘l harakati qoidalariga muvofiq, haydovchi bir yil davomida uch marta bir xil turdagi qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ysa, u haydovchilik guvohnomasini qaytadan qo‘lga kiritish uchun imtihon topshirishi kerak bo‘ladi. Hozirgi vaqtda loyihasi o‘rganib chiqilayotgan ballik tizim aynan shu jarayon o‘rnini egallashi ko‘zda tutilgan.

    «Deylik, haydovchining hisobida 100 ball bor. Har bir qoidabuzarligidan so‘ng uning ballari kamayib boradi, ko‘rsatkich 0 ga tushib qolgach — limitini to‘liq tugatgach — haydovchi qaytadan imtihon topshirishi kerak bo‘ladi. Bu hali loyiha darajasidagi taklif, ko‘rib chiqilyapti. Avval o‘rganiladi, joriy qilish maqsadga muvofiq deb topilsa, qoidalarga ham kiritiladi», — dedi Baxtiyor Inog‘omov.

    Qayd etish joiz, Ichki ishlar vazirligi ushbu g‘oyani ko‘rib chiqish jarayonida haydovchilarning bunga munosabatini ham o‘rganishni maqsad qilgan.

    Gruziyada 2017 yil iyulidan beri haydovchilarning harakati 100 ballik tizimda baholab boriladi. Agar haydovchi 100 ballik qoidabuzarliklarni sodir etsa, u haydovchilik guvohnomasidan mahrum etiladi.

    Masalan, transport vositasini alkogol ichimlik ta’sirida boshqarish 30 ballning yo‘qotilishiga, mashina boshqaruvini giyohvand modda ta’siridagi shaxsga ishonib topshirish esa 40 ballning yechib olinishiga sabab bo‘ladi. Haydovchi yoki old o‘rindiqdagi yo‘lovchi xavfsizlik kamarini taqmasa, haydovchi 5 balldan mahrum bo‘ladi.

    » » O‘zbekiston haydovchilarni 100 ballik tizimda baholashga o‘tishi mumkin
    Яндекс.Метрика