"Import" mashinalarni O‘zbekistonga olib kirish uchun boj to‘lovi o‘zgardi (video)

  • Avto
  • 19-07-2018, 07:00
  • 2 949
  • "Импорт" машиналарни Ўзбекистонга олиб кириш учун бож тўлови ўзгарди (видео)
    Xorijda ishlab chiqarilganiga ikki yildan ko‘p muddat bo‘lmagan, shuningdek narxi 40 ming AQSh dollariga teng yoki undan yuqori bo‘lgan yengil avtomobillarni boj to‘lovisiz O‘zbekistonga olib kirish mumkin bo‘ladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev imzolagan "Tashqi iqtisodiy faoliyatni va bojxona-tarif tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida” gi qarorining ilovasida aytilgan.

    Ma’lum qilinishicha, bojxona tizimidagi ushbu yangilik 2019 yilning 1 yanvaridan amalda qo‘llaniladi. Endilikda ishlab chiqarilganiga ikki yil to‘lmagan, narxi esa 40 ming dollarga teng yoki undan yuqori bo‘lgan yengil avtomobillardan 0 foiz stavkadagi boj to‘lovi undirilishi belgilangan. Ularga nisbatan 20 foiz miqdorida aksiz solig‘i qo‘llaniladi. Bundan tashqari qo‘shimcha qiymat solig‘i ham 20 foiz bo‘lishi kutilmoqda. Boshqa avtomobillarga nisbatan boj to‘lovi va aksiz solig‘i o‘zgarishsiz qoldi.

    Ushbu vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Kun.uz O‘zbekiston Respublikasi Bojxona davlat qo‘mitasiga murojaat qildi.

    «Yangi yildan boshlab, ushbu yangilik joriy etilgach, mana shu tasnifga tushgan mashinalarni bojxona rasmiylashtirishda quyidagicha hisob-kitob amalga oshiriladi. Ya’ni, yengil avtomobilning narxi 40 ming dollar deb olsak, undan 20 foiz aksiz solig‘i undiriladi. Bu 8 ming dollar bo‘ladi. Qo‘shimcha qiymat solig‘ini undirish uchun asos bo‘ladigan qiymat - aksiz solig‘i va mashinaning asl narxi hisoblanadi. Shuning uchun QQS 48 ming dollarning 20 foizi, deb olinadi. Demak, aksiz solig‘i 8 ming, QQS esa 9600 dollar bo‘ladi. Umuman olib qaraganda, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchisi bo‘lgan shaxslar 40 ming dollar narxdagi mashinani O‘zbekistonga olib kirishda 17600 dollar miqdoridagi to‘lovlarni amalga oshiradi», deydi qo‘mita vakili Ilhom Pardayev.

    Yangi huquqiy hujjatda aytilishiga ko‘ra, 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab O‘zbekistonga olib kelinayotgan 700 dan ortiq mahsulotlar uchun yangi boj stavkalari kamaytirilgan. Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklatura kodi 870380 bo‘lgan elektr quvvati bilan harakatlanuvchi transport vositalari uchun boj stavkasi «0» miqdorida belgilangan. Shu bilan birga ularga nisbatan QQS 20 foiz miqdorda saqlanib qolmoqda.

    Ma’lumot uchun, avval o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, mashina ishlab chiqarilgan mamlakat boj to‘lovlarini belgilashda muhim omil hisoblangan bo‘lsa, endilikda bu amaliyot qisman bekor qilinadi.

    » » "Import" mashinalarni O‘zbekistonga olib kirish uchun boj to‘lovi o‘zgardi (video)
    Яндекс.Метрика