Tesla yangi ixcham krossoverini namoyish qildi

  • 07 iyun 2017, 17:15
  • 4 335
  • Avto
  • Tesla yangi ixcham krossoverini namoyish qildi
    Elektrokarlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Tesla kompaniyasi aksiyadorlar majlisi doirasida qimmatli qog‘ozlar egalariga yangi ixcham krossover tizerini namoyish qildi. Hozircha, uning Model Y deb atalishi ma’lum. Tizer suratini InsideEVs e’lon qildi.

    Shu bilan birga, yangi elektromobilning texnik tafsilotlari ham oshkor qilinmagan. Tesla rahbari Ilon Maskning so‘zlariga ko‘ra, krossover Model 3 platformasida barpo etilmaydi. Chunki, uning fikricha, Model S negizida Model X elektrokarini ishlab chiqish xato bo‘lgan.

    Mask qayd etganidek, Tesla Model Y’ning seriyali namunasi 2019 yilda paydo bo‘ladi. Uning taxminicha, yo‘ltanlamasga bo‘lgan talab Model 3 talabidan ortib ketadi, deb yozadi Kun.uz nashri.

    Tesla Model Y eshiklari tepaga ochiladigan bo‘lishi ehtimol. Bu kabi eshiklar Model X’da ham qo‘llaniladi. Bundan tashqari, u yangi avlod avtopilotiga ega bo‘ladi.

    Tesla kompaniyasi rejalariga, shuningdek, bir nechta yangi elektrokarlarni ishlab chiqish kiradi. Xususan, kompaniya Roadster modelini tiklashni, yuk mashinasi va shahar elektrobusini ishlab chiqishni rejalashtirmoqda.

    » » Tesla yangi ixcham krossoverini namoyish qildi