09:50 / 20.07.2017
8 641

GM Uzbekistan mustaqillikning 26 yilligiga yangi avtomobillar taqdim etishi haqidagi xabarlarga oydinlik kiritdi

GM Uzbekistan mustaqillikning 26 yilligiga yangi avtomobillar taqdim etishi haqidagi xabarlarga oydinlik kiritdi
19 iyul kuni O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabariga tayangan holda GM Uzbekistan mustaqillikning 26 yilligiga yangi rusumdagi avtomobillarni taqdim etishini ma’lum qilingan edi.

GM Uzbekistan AJ bosh direktori vazifasini bajaruvchi Rustam Rajabov 18 iyul kuni O‘zAga bergan intervyusida: «Korxonamizning bosh shiori — xaridorlar talab va istagidan kelib chiqqan holda, xavfsiz va qulay zamonaviy rusumdagi avtomobillar ishlab chiqarish. Shu maqsadda yangi rusumdagi modellarni joriy etish ustidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Vatanimiz mustaqilligining 26 yillik bayramiga xalqimizga yangi rusumdagi avtomobillarni taqdim etishni rejalashtirganmiz», — degan edi.

19 iyul kuni xabardagi ushbu xatboshi quyidagicha o‘zgartirib qo‘yildi:

«Korxonamizning bosh shiori – xaridorlar talab va istagidan kelib chiqqan holda, xavfsiz va qulay zamonaviy rusumdagi avtomobillar ishlab chiqarish, – deydi «GM Uzbekistan» AJ bosh direktori vazifasini bajaruvchi Rustam Rajabov. – Shu maqsadda yangi rusumdagi modellarni joriy etish ustidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda».

Ya’ni mustaqillikning 26 yillik bayramiga yangi rusumdagi avtomobillarni taqdim etish rejalashtirilayotgani haqidagi jumla olib tashlandi.

GM Uzbekistan’ning o‘zi esa Facebook’dagi sahifasida O‘zbekiston mustaqilligining 26 yilligiga bag‘ishlab yangi modeldagi avtomobillar chiqarilishi haqida ba’zi OAVlar tarqatgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini rasman ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, «ushbu ma’lumotlar joriy yilning 5 iyul kuni bosma va elektron OAVlar vakillari uchun o‘tkazilgan press-tur chog‘ida taqdim etilgan axborotning noto‘g‘ri talqinidir».

«Ushbu tadbir chog‘ida kompaniya rahbariyati model qatorini yangilash doirasida avtomobillarning yangi rusumlarini o‘zlashtirish masalasi ishlab chiqilayotgani ma’lum qilingan edi. Shu bilan birga, bunday loyihalar amalga oshiriladigan aniq muddatlar marketing tadqiqotlari yakunlanib, texnik-iqtisodiy asoslar ishlab chiqilgach va boshqa parametrlar belgilangan tartibda muvofiqlashtirilgach, aniqlashtirilishi ta’kidlangan edi», — deyiladi xabarda.

Kompaniya OAVlarni jurnalistika odob-axloq qoidalariga rioya qilib, xabarlar va tahliliy maqolalar tayyorlashda rasmiy va xolis axborotga tayanishni so‘rab qoldi.

Manba: Daryo.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » GM Uzbekistan mustaqillikning 26 yilligiga yangi avtomobillar taqdim etishi haqidagi xabarlarga oydinlik kiritdi