Samarqandda Volkswagen avtomashinalari ishlab chiqariladi

  • 16-11-2017, 22:54
  • 4 294
  • Avto
  • Samarqandda Volkswagen avtomashinalari ishlab chiqariladi
    O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripovning Germaniyaga rasmiy tashrifi doirasida “O‘zavtosanoat” AK va Volkswagen AG”konserni o‘rtasida JV MAN Auto-Uzbekistan qo‘shma korxonasida Volkswagen Amarok pikaplarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Loyiha 2018-2019 yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

    JV MAN Auto-Uzbekistan Markaziy Osiyodagi MAN rusumidagi yuk va yo‘lovchi tashishga ixtisoslashgan transport vositalari ishlab chiqaruvchi korxona hisoblanadi. 2009 yilning avgust oyida tashkil etilgan kompaniya Samarqand viloyatida joylashgan.

    JV MAN Auto-Uzbekistan O‘zbekiston — Germaniya qo‘shma korxonasi hozirda 15 tonnadan 50 tonnagacha yuk ko‘tarish quvvatiga ega zamonaviy MAN tijorat avtotransport vositalarini ishlab chiqarmoqda. Kompaniya, shuningdek, avtobuslar, yuk, beton qoruvchi, suv tashishga ixtisoslashgan mashinalar kabi 50 turdagi maxsus texnikalarni ishlab chiqaradi.

    Bosh qarorgohi Germaniyaning Volfsburg shahrida joylashgan Volkswagen AG dunyodagi yetakchi yirik avtomobilsozlik konsernlaridan biri sanaladi. Kompaniya 2016 yilda dunyo bo‘yicha 10,3 milliontadan ko‘proq avtomobil sotgan.

    Konsern dunyoga mashhur 20 brendni o‘zida birlashtirgan: Volkswagen, Audi, Seat, Skoda, Bentley, Bugatti, Lamborghini, Porsche, Ducati, Volkswagen, Scania va MAN shular sirasidandir.

    Konsernning modellar qatori mototsikllardan tortib, arzon narxlardagi ixcham va hashamatli avtomobillar, avtobuslar va og‘ir yuk mashinalarini qamrab olgan.

    Volkswagen Amarok o‘rta o‘lchamdagi pikap bo‘lib, o‘zida yuqori aniqlikdagi boshqaruvchanlik, katta yuk ko‘taruvchanlik jihatlari, 4MOTION to‘liq privodli tizim, 8 pog‘onali uzatmalar qutisi va ushbu toifadagi mashinalar uchun eng kuchli 3 litrli V6 TDI dvigatelini mujassamlashtirgan.

    » » Samarqandda Volkswagen avtomashinalari ishlab chiqariladi