20:20 / 02.07.2018
9 338

Tanqid va tahlil: Bizga o‘zi GM Uzbekistan zavodi kerakmi?

Tanqid va tahlil: Bizga o‘zi GM Uzbekistan zavodi kerakmi?
Monopolist mavqeidagi eskirgan rusumlarni ishlab chiqaruvchilar “strategik”, “iqtisod uchun ustuvor” kabi shiorlar ortiga berkinishlari juda uzoq cho‘zildi, deb yozmoqda carzone.uz sayti.

Ko‘p sonli internet-forumlarda na avtosanoat, na avtomobillarga aloqador bo‘lgan va umuman befarq bo‘lmagan fuqarolar o‘rtasida shiddatli bahs-munozaralar ketmoqda. Muhokama mavzui faqatgina GM Uzbekistan ishlab chiqaruvchi avtomobillarning sifati emas, balki soni, shubhali “shapka”lar va navbatlardir. Qolaversa, ishlab chiqariluvchi avtomobillarning lineykasi ham omma diqqatini tortmoqda.

Ammo ko‘pgina muhim va asosli masalalar e’tibordan chetda qolmoqda. O‘zbekistonga avtozavod kerakmi o‘zi? Bu eng asosiy va jiddiy savol bo‘lib, ushbu maqolada javob topishga harakat qilamiz.
Ko‘plar GM konveyeridan avtomobillar chiqarilishini og‘iz to‘ldirib “zavod” deya atashadi, biroq bu tushunchaning ma’nosini bilishmaydi.

Stanislavskiyning iborasiga ko‘ra teatr kiyim ilgichdan boshlansa, unda zavod aslida konstruktorlik byurosidan boshlanadi.

Dadil aytish mumkinki, mustaqillikning 25 yillik davrida to‘laqonli zavodni bunyod etmadik. Konveyerli va yirik uzelli ishlab chiqarish ma’naviy va texnik jihatdan eskirgan, boshqa mamlakatlar zavodidan chiqarib tashlangan rusumlar asosida amalga oshirildi.

Zavodning raqobatbardoshligi haqida gapirish umuman ortiqcha. Bo‘lmasa, zavodni raqobatchilarining mahsulotlaridan himoyalovchi proteksionistik bojlarni nima bilan izohlash mumkin?

Sun’iy tanqislikni qanday tushuntirish mumkin? Sovetning eng yaxshi davrlaridagidek avtomobilga navbatni nima bilan izohlash mumkin? Chiqariladigan avtomobillarning nochorgina va g‘arib lineykasi, shuningdek, qoniqarsiz butlovchi qismlarini nima bilan tushuntirsa bo‘ladi? Nima sababdan mijoz mashinaga chanqoq va mashinaning narxi osmon baravar bo‘lib turganda zavod ishchilari arzimagan maosh oladi? Nima uchun milliy avtomobillarimiz mahalliy bozorda emas, chetga yuborilgani arzonroq turadi? (Bu haqda avtostrada.uz sayti narxlarni qiyoslab, batafsil maqola e’lon qilganiga yarim yil bo‘ldi, biroq ahvol o‘zgargani yo‘q).

Bu va boshqa savollar javobsiz qolib ketmoqda. Afsuski, zavodning “to‘g‘onboshida” turganlar sobiq sovetcha eski gigantizm kasaliga chalingan bo‘lib, o‘ylamasdan ishlab chiqarish va ishlab chiqarish quvvatini oshirishga zo‘r bergan.

Ammo shunda ham ichki talabni qondira olishmagan. 70-80 yillarda Yevropadagi ulkan zavod bo‘lgan AvtoVAZni eslang. Bugun u bir joyda qotib qolgan.

Bizda ham shunday. Ishlab chiqarish va qayta ishlab chiqarish o‘sayotgani haqida zafarli xitoblar avtomobillarga navbat va astronomik narxlardagi korrupsiya aks etgan hayotning achchiq haqiqatiga duch kelmoqda.

Darhaqiqat, noxush holat yuzaga kelgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev “Bu zavod nomigagina, hech kimga foydasi yo‘q”, deb bekorga aytmadi.

Nima qilmoq kerak? XIX asrdagi rus mumtoz adabiyotining savoli O‘zbekistonning avtomobil sanoatida bugun ham dolzarb.

Yechim yo‘q emas. Zavod kerak. Ammo aynan istehzoli qo‘shtirnoq ichidagi “zavod” emas. 25 yil mobaynida biz o‘zbek dizayner va konstruktorlari ishlab chiqqan, bizning quvvatimiz va O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan materiallar asosida birorta ham chinakam o‘zbekcha avtomobil yig‘madik.

Bizga o‘zbek avtomobillarini ishlab chiqaruvchi zavod kerak. Buning imkoniyati bor. Boshqa mamlakatlarda ishlab chiqariladigan yoki chiqarish to‘xtatilgan avtomobillardan nusxa ko‘chirish bu boshi berk yo‘ldir.

Deylik, Yevropada Volkswagen Polo yil avtomobili bo‘ldi. Shundan keyin uni O‘zbekistonda ishlab chiqarishga qaror qildik. Bir yil muzokaralar va hujjatlarni imzolashga, 2 yil yig‘uvchi konveyerni qurishga ketdi va uch yildan so‘ng biz ma’naviy va texnik jihatdan eskirgan rusumni ishlab chiqardik. Chunki biz Volkswagen Poloni ishlab chiqargan vaqtimizda Yevropada yil avtomobili, masalan, Renault Megan bo‘ladi.

Tarixga nazar solaylik, yirik avtomobil saltanatlari qanday vujudga kelgandi? Genri Ford o‘z avtomobilini omborxonada yiqqan. Enzo Ferrari ham ishni kamtarona ustaxonadan boshlagandi. Bunga misollar talaygina.

E’tirozlarni tasavvur qilyapman: bularning bari uzoq o‘tmish va o‘tgan asrga xos bo‘lsa, velosipedni boshqatdan yaratishning nima keragi bor? E’tiroz bildiruvchilarga fan-texnikaning boshqa sohalaridan misol keltiraman. Yaqin o‘tmishdagi Bill Geyts va Stiv Jobsning saltanati yo‘qdan bino bo‘lgan, aniqrog‘i eski garajda boshlangan.

Tadbirkorlarning kuchi yordamida oz sonli avtomobil ishlab chiqarishdan boshlasak, sovet davridan beri ongimizga chuqur ildiz otgan “gigantizm kasalligi”ga barham bera olamiz. Ya’ni “gigantizm kasalligi” marketing riskini hisobga olmasdan ishlab chiqarish quvvatini oshirishga zo‘r berishda namoyon bo‘ladi.

Talabning tushib ketishi va eksport susayishi haqida so‘z ochganda aytish kerakki, G‘arbda davlat avtozavodlari yo‘q. GM, Volkswagen va boshqalar gigantlardir, biroq ular xususiy va yo‘qdan bino bo‘lgan kompaniyalardir.

Davlat avtozavodining turg‘unlikka yuz tutishi egasi va bosh aksioneri bo‘lmish davlatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarar keltiradi. Xususiy tadbirkorlarning kam seriyali ishlab chiqarish korxonasi zarar ko‘rganda ham bu davlat cho‘ntagiga xavf solmaydi.

Davlat hissasini kamaytirish va xususiylashtirish, shuningdek, yanada liberallashtirish jarayonlari avtosanoatga ham tegishli bo‘lmog‘i lozim. Monopolist mavqeidagi eskirgan rusumlarni ishlab chiqaruvchilar “strategik”, “iqtisod uchun usutuvor” kabi shiorlar ortiga berkinishlari juda uzoq cho‘zildi.

Afsuski, tijoriy korxona siyosiy tus oldi. “Avtomobil ishlab chiqaruvchi davlat” bo‘lish yoki shunday ko‘rinish istagi korrupsiya, poraxo‘rlik va davlat monopolizmi hamda narxlarning g‘ayritabiiy ravishda o‘sishi bilan bog‘liq qurbonliklarni talab qildi.

Bojxona siyosatidagi ichki ishlab chiqaruvchini qo‘llashga qaratilgan proteksionizm mahalliy avtosanoat mahsulotlari sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Sifat asosiy mezon bo‘lmay qoldi.

Baribir sotib oladigan bo‘lsa, ter to‘kishning nima keragi bor? Buning ustiga “shapka” ham berishadi. Biz hammamiz “avtomobil ishlab chiqaruvchi davlat” degan nom uchun juda katta pul to‘lab qo‘ydik. Bu sohada liberallashtirish va raqobatchilik muhitini shakllantirish vaqti keldi. Bularni davlat ixtiyoridan chiqarish va xususiylashtirishsiz uddalab bo‘lmaydi. Aynan kam seriyali xususiy ishlab chiqarish O‘zbekistonning avtomobil bozorini to‘ldiradi, mukammallashtiradi va turfalashtiradi.

Davlat yangi mahalliy rusumlar ustida ishlash va ishlab chiqarish uchun shart-sharoit yaratib berishi kerak. Shart-sharoit yaratishi va nazorat funksiyasinigina qoldirib... boshqa aralashmasligi lozim.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Tanqid va tahlil: Bizga o‘zi GM Uzbekistan zavodi kerakmi?