13:58 / 06.08.2018
7 039

IIBB: «O‘zbekistonda «tonirovka»ga hali ruxsat berilmagan»

IIBB: «O‘zbekistonda «tonirovka»ga hali ruxsat berilmagan»
Shu yilning 18 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali yengil avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilingandi.

Darhaqiqat, ushbu qarorda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Moliya vazirligining 2018 yil 1 avgustdan boshlab, jismoniy va yuridik shaxslarga tusi o‘zgartirilgan oynali yengil avtotransport vositalaridan pulli asosda foydalanishga ruxsat berish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullangan. Lekin xulosa qilishga shoshmagan holda, qarorning keyingi bandlarida belgilangan vazifalarga ham e’tibor qaratamiz, deyiladi Toshkent shahar IIBB ma’lumotida.

Xususan, qarorning 4-bandida yengil avtotransport vositalari oynalarining qoraytirish bo‘yicha davlat standartlari ishlab chiqilishi belgilangan bo‘lib, buning uchun IIV va «O‘zstandart» agentligiga bir oy muddat berilgan.

Shuningdek, yengil avtotransport vositalari oynalarining tusini o‘zgartirishga ruxsatnoma berish, uni ro‘yxatga olish va ruxsatnomaning amal qilishini bekor qilish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash hamda Vazirlar Mahkamasiga oynalarining tusi ruxsatnomasiz o‘zgartirilgan yengil avtotransport vositalaridan foydalanganlik uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini kiritish vazifasi ham belgilab qo‘yilgan.

Bundan tashqari, bir oy muddatda xorijiy davlatlarning oynalari tusi o‘zgartirilgan yengil avtotransport vositalarining O‘zbekiston Respublikasi hududiga vaqtincha kirishi va tranzit harakatlanishi uchun majburiy yig‘imlarni undirish tartibini ishlab chiqish va tasdiqlash talab etiladi.

Demak, ana shu bosqichlar, ya’ni qoraytirilgan oynalardan foydalanishga oid mexanizm to‘liq ishlab chiqilmagunga qadar yengil avtotransport vositalarining oynalarini qoraytirish noqonuniy hisoblanadi. Yengil avtotransport vositalari old oynasining tepa qismi tusini eni 14 santimetrdan ko‘p bo‘lmagan va yorug‘lik o‘tkazuvchanligi 30 foizdan kam bo‘lmagan polosa shaklida o‘zgartirish (qoraytirish) bundan mustasno, buning uchun ruxsatnoma talab etilmaydi.

Shunga ko‘ra, davlat standarti normalariga muvofiq bo‘lmagan ko‘zgusimon yoki tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali transport vositalaridan foydalangan haydovchilar O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 126-moddasiga muvofiq, jarimaga tortiladi. Joriy yilning birinchi yarmida YPX inspektorlari tomonidan 1078 ta ana shunday qoidabuzarlik holatlari aniqlangan va choralar ko‘rilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » IIBB: «O‘zbekistonda «tonirovka»ga hali ruxsat berilmagan»