18:05 / 10.10.2018
6 186

Oʻzbekistonda yana bir avtosalon direktori ishdan boʻshatildi

Oʻzbekistonda yana bir avtosalon direktori ishdan boʻshatildi
“Oʻzavtosanoat” AJ dilerlik markazlari tomonidan amalga oshirilayotgan qoidabuzarliklarni aniqlash borasidagi amaliy harakatlarni davom ettirmoqda.

“ToshkentAvtosavdo” MCHJga amalga oshirilgan koʻchma tekshiruv chogʻida tizimli ravishda xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilganligi aniqlandi va buning natijasida ushbu korxonaga yangi boshqaruv raisi Dilshodbek Bakiyev tayinlandi.

Dilerlik korxonasida mavjud hujjatlar oʻrganilganda, 2018 yilning avgust-sentyabr oylarida sotilgan avtomobillar boʻyicha tuzilgan noqonuniy hujjatlar mavjudligi, sotilgan avtomobillar boʻyicha toʻlov rejasida qoidabuzarliklar, avtomobillarni sotish boʻyicha tizimli ishlar taʼminlanmaganligi, oʻtkazilayotgan aksiyalarning qoidalariga qatʼiy amal qilinmaganlik, mijozlarga avtomobil xarid qilish boʻyicha toʻgʻri maʼlumot taqdim etilmaganlik hamda call-markaz mavjud emasligi kabi holatlar aniqlandi.

Shuningdek shartnomalarni rasmiylashtirishda bir qator qoidabuzarliklar, xususan, avtosalon muhri, mijozlar imzosi, pasport nusxalari hamda toʻlov amalga oshirilganligi haqidagi hujjatlarning yoʻqligi namoyon boʻldi. 37 dona avtomobil yetkazib berish toʻgʻrisidagi shartnoma xaridorlar ishtirokisiz tuzilganligi maʼlum boʻldi. Shuningdek avtomobillarni sotishda ilova qilingan hujjatlarda mijozlarning imzolari soxtalashtirilganligi ehtimoli tekshirilmoqda.

Avvalroq “Soft Locus” XK direktori lavozimida faoliyat yuritgan “ToshkentAvtosavdo”ning yangi rahbari zimmasiga avtosalon ishini toʻgʻri yoʻlga qoʻyish hamda oldiga qoʻyilgan vazifalarni vijdonan bajarish kabi masʼuliyat yuklandi, deyiladi kompaniya xabarida.

Eslatib oʻtamiz, bundan avval GM Uzbekistanʻning Xorazmdagi filialida qator rahbar xodimlar ishdan olingandi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Oʻzbekistonda yana bir avtosalon direktori ishdan boʻshatildi