20:55 / 07.11.2018
7 083

GM Uzbekistan avtomobillarini endi internet va mobil ilova orqali ham sotib olish mumkin (video)

GM Uzbekistan avtomobillarini endi internet va mobil ilova orqali ham sotib olish mumkin (video)
"O‘zavtosanoat" AJ GM Uzbekistan avtomobillarini xarid qilish bo‘yicha onlayn rejimida internet va mobil ilovasini ishga tushiryapti.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning har bir fuqarosi va yurtimiz mehmonlari uzavtosavdo.uz sayti orqali, shuningdek, Android va iOS mobil telefonlariga Uzavtosavdo ilovasini yuklab olgan holda avtomashina sotib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Buning uchun foydalanuvchi Identifikatsiyaning yagona tizimi(One ID)dan ro‘yxatdan o‘tishi lozim. Agar elektron raqamli imzo bo‘lsa, avtomobilni xorijda turib ham xarid qilish mumkin.

Foydalanuvchi avtoulov rusumi, modifikatsiyasi, rangi va hatto dilerlik markazini tanlay oladi. Bundan tashqari, avtomobil uchun to‘liq yoki qisman to‘lovni amalga oshirish imkoni ham mavjud. Mazkur jarayonlarning barchasi avtomatlashtirilgan.

Xaridorga navbat raqami va dilerdagi avtomobillar soni haqida ma’lumotlar beriladi. Agar unga zarur bo‘lgan avtomashina dilerda yo‘q bo‘lsa, buyurtma to‘g‘ridan-to‘g‘ri avtomobil zavodiga yuboriladi.

Xaridor shartnoma va avtomobilning individual VIN-raqamiga ega bo‘ladi. Shundan so‘ng u dastlab tanlangan avtomobilning umumiy qiymatidan 3 foizini bank kartasi orqali o‘tkazishi va keyinchalik qolgan summani to‘lab berishi lozim.

“Savdoning eski tizimiga bildirilgan noroziliklar va shikoyatlarning asosiy sababi shartnoma olish, to‘lovlarni to‘lash bo‘yicha uzundan-uzoq navbatlar, shundan so‘ng avtomobilning o‘zini uzoq kutish bilan bog‘liq edi. Buning boisi avtomobil olish muddatini noma’lum muddatga cho‘zuvchi noinsof odamlar tomonidan yaratilgan soxta navbatlar edi. 3 foizlik avans to‘lovining joriy etilishi mazkur sabablarni yo‘q qilish va xaridorga eng qisqa muddatlarda avtomobilni yetkazib berishga xizmat qiladi”, - deyiladi kompaniya xabarida.

Uzavtosavdo ilovasi xaridorga barcha jarayonlarni boshidanoq nazorat qilish imkonini yaratadi. Foydalanuvchilar o‘z navbati va avtomobilni olish sanasini bilib borishadi.

Avtomobilning 85 foiz narxi to‘langandan so‘ng yana bir qo‘shimcha qulaylik taqdim etiladi. Ya’ni xaridor avtomobilni uyigacha bepul yetkazib berish imkoniyatidan foydalanishi mumkin.
VIDEO

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » GM Uzbekistan avtomobillarini endi internet va mobil ilova orqali ham sotib olish mumkin (video)