O‘zbekistonga yana bir yengil mashina ishlab chiqaradigan zavod kerakmi?

  • 13 iyun 2019, 00:07
  • 2 544
  • Avto
  • O‘zbekistonga yana bir yengil mashina ishlab chiqaradigan zavod kerakmi?
    O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqaruvchi yangi zavodlar qurish kerakligi haqida fikrlar yangramoqda.

    Mavzuning dolzarbligidan kelib chiqib, Kun.uz «Sizning fikringiz» Telegram-kanalida so‘rov o‘tkazdi. Ishtirokchilardan O‘zbekistonda yengil mashinalar ishlab chiqarish bo‘yicha yana bir zavod ochish kerakligi borasidagi fikrlari so‘raldi. So‘rovda 3 044 kishi qatnashdi. Ularning 57 foizi O‘zbekistonda yangi zavod qurish kerak deb hisoblaydi. Ularning fikricha, bozorda raqobat paydo bo‘ladi.

    So‘rovda ishtirok etganlarning 43 foizi esa mamlakatda yangi zavod qurishga ehtiyoj yo‘q deb hisoblaydi. Ularning 35 foizi bojlarni bartaraf qilish yaxshiroq deb hisoblasa, 8 foizi mashinalar baribir qimmat bo‘lishini aytgan.

    Avvalroq iqtisodchi Yuliy Yusupov O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqaradigan yangi zavod qurish borasida o‘z fikrini bildirgandi.

    «To‘g‘risini aytsam, O‘zbekiston avtomobil bozorida raqobatni rivojlantirish haqida gap ketganida ko‘pincha yangi korxona tashkil etishni nazarda tutishlarini umuman tushunmayman. Bu katta xato. Bir nechta ishlab chiqaruvchilarni ko‘tara olmaymiz! Ularning keragi yo‘q! Bu sohada miqyos effekti kuchli ishlaydi: sotuvi kam bo‘lgan ishlab chiqaruvchida tannarx yuqori bo‘ladi», - dedi u.

    Iqtisodchining fikricha, bu bozorda monopoliyaga barham berish uchun import bojlarini pasaytirish kerak. Ana shunda iste’molchilarda tanlash imkoniyati, avtosanoatchida esa raqobatchilar, byudjetda esa bozordan keladigan daromad (hozirda import ozligi uchun deyarli to‘lanmayotgan bojxona to‘lovlari) paydo bo‘ladi.

    «Bundan qimmat ehtiyot qismlar uchun «otkat» oladigan va avtomobil savdosidagi «shapka»dan kun kechiradigan korrupsionerlar hamda raqobatni yo‘lga qo‘ya olmaydigan samarasiz menejerlargina yutqazadi», - deb hisoblaydi u.

    Umuman olganda, iqtisodchining yuqoridagi fikrini Buyuk Britaniya misolida tasdiqlash mumkin. Bu mamlakatda Opel avtozavodi Vauxhall brendi ostida yengil mashinalar ishlab chiqaradi. Shu bilan birga bu yerda boshqa rusumdagi mashinalarni ham ko‘rish mumkin. chegaralar import uchun ochiq, ammo bunga qaramasdan, zavod hech qachon past bojxona bojlaridan shikoyat qilmagan va chegaralar hech qachon Vauxhall manfaatlarini himoya qilish uchun yopilmagan.

    » » O‘zbekistonga yana bir yengil mashina ishlab chiqaradigan zavod kerakmi?