09:36 / 05.07.2019
8 581

Haydovchilar uchun qiziq: orqa eshikka parda o‘rnatsa bo‘ladimi?

Haydovchilar uchun qiziq: orqa eshikka parda o‘rnatsa bo‘ladimi?
Foto: «walmart.com»
Shu desangiz muhokama uchun qiziq bir mavzu bor, qo‘pol qilib aytganda, yana bir «lazeyka» chiqib qoldi. Kun.uz saytida shu mavzuda e’lon qilingan maqolam 1 sutkada salkam 100 ming marta o‘qilibdi.

Masalani qisqaroq tushuntiraman.

Muammo shundaki, yurtimizdagi haydovchilar va yo‘lovchilarga jaziramadan himoyalanishning yetarli imkoniyati yaratilmagan. Tonirovkaga ruxsat berilsin, deb petitsiya qilishgandi, Hukumat bunga javoban «mana, olinglar» dediyu, 1 yilga 18 mln so‘m evaziga tonirovka joriy qildi.

Deputatlarimiz qo‘llab-quvvatlagan qonun bilan esa ruxsatsiz tonirovka uchun jarimani 200 ming so‘mdan 5 mln so‘mgacha oshirishdi (25 baravar!). Issiqdan farzandi yoki oilasini himoya qilmoqchi bo‘lgan otani o‘ta xavfli retsidiv jinoyatchi deb o‘ylashyapti shekilli.

Mayli, bu boshqa mavzu. Hozir gap orqa eshikka o‘rnatiladigan parda haqida.

Orqa eshikka parda o‘rnatgan haydovchilar (garchi parda tushirib qo‘yilgan bo‘lsa ham) MJtK 126-moddasi bilan javobgarlikka tortilmoqda. Ammo huquqshunos sifatida bu noto‘g‘ri jazo ekanligi, qonunchiligimizda orqa eshikka parda o‘rnatganlik uchun jarima yo‘qligini ta’kidlayapman. Buning huquqiy asosi qo‘yidagicha:

1) orqa eshikka parda o‘rnatganlarni MJtK 126-moddasida qayd etilgan «haydovchining o‘rnidan tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qo‘shimcha narsalar o‘rnatilgan transport vositalaridan foydalanish» degan qismi bilan jazolashadi;

2) Xo‘sh, «haydovchining o‘rnidan tevarak-atrof» (ruscha variantida «obzornost s mesta voditelya») deganda qaysi hududlar tushuniladi? Milliy qonunchiligimizda «haydovchining o‘rnidan tevarak-atrof» degan atamaga ta’rif berilmagan;

3) lekin bu ta’rifni O‘zbekiston nomidan «O‘zstandart» agentligi imzolagan va biz uchun rasman amal qiladigan davlatlararo standart (GOST 33988-2016) ichidan topsa bo‘ladi;

4) o‘sha standartning 2.12 bandiga muvofiq, haydovchining joyidan tevarak-atrof ko‘rinishi maydonining ustki chegarasi deb, haydovchi ko‘zlari va jami maydonining ostki chegarasini tashkil qiladigan 180 gradus sektorda old ko‘rinishning shartli maydoni hisoblanadi;

5) demak, davlatlararo standartga ko‘ra, orqa eshik haydovchining joyidan tevarak-atrof hududiga kirmaydi, chunki u 180 gradus maydonda joylashmagan. Pastda ilova qilingan suratga qarasangiz, buni yanada yaxshiroq tasavvur qilish mumkin;

6) o‘z-o‘zidan orqa eshik haydovchining joyidan tevarak-atrof hududiga kirmasa, demak mantiqan olib qaraganda orqa eshikka parda o‘rnatganlik uchun jarima ham qo‘llab bo‘lmaydi;

7) milliy qonunchilikda orqa eshikka parda o‘rnatish mumkin emas, degan konkret taqiqlovchi qoida mavjud emas;

8) umumiy texnik reglamentning 74-bandida yengil avtotransport vositalarining orqa oynasiga chiy parda va darparda o‘rnatishga ruxsat etilgani yozilgan. Ko‘pchilik mana shu joyda chalg‘iydi. Ya’ni shu bandda orqa oyna aytilgan, ammo orqa yon oynaga (orqa eshik) ruxsat beriladi deyilmaganku, deb ikkilanadi. Ha, to‘g‘ri, hech qayerda orqa eshikka parda o‘rnatishga ruxsat berilsin, degan joyi yo‘q, ammo yuqoridagi 7-bandda ta’kidlanganidek, taqiqlansin degan joyi ham yo‘q-da!

QAT’IY ESLATMA: yuqoridagi gaplar mening shaxsiy fikrim bo‘lib, rasmiy maqomga ega emas. «Xushnudbek orqa eshikka parda o‘rnatish mumkin, debdi», deya o‘zboshimchalik qilib, 5 mln so‘m jarima to‘lab o‘tirmang.

Maqola yuzasidan mutasaddilarning tezkor munosabati va asoslantirilgan fikrlarini kutib qolamiz. Zora, qonunchilikni xalqning ziyoniga emas, balki foydasiga talqin qilib, yuzlab davlatlarda bo‘lgani kabi, haydovchilarga orqa eshikka parda o‘rnatishga ruxsat berib yuborishsa. Orzuga ayb yo‘q! Maqsad jaziramadan saqlanish xolos, maqtanchoqlik qilish emas-ku!

Qo‘shimcha

Maqolani tayyorlash chog‘ida internetda IIV YHXBB boshlig‘i Xolmatjon Saydaliyev imzosi bilan hududiy boshqarmalarga chiqarilgan xat tarqab ketdi.

Xatda transport vositalari yon oynalarini sochiq yoki quyoshni to‘suvchi boshqa materiallar bilan vaqtincha yopib qo‘yilgan holatlar yuzasidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilmaslik haqida ko‘rsatma berilgan. Xatning haqiqiyligi haqida ishonchli dalillar mavjud.

Ushbu xat ham yuqoridagi fikrimizni qisman isbotlab turibdi. Xatdan ko‘rinadiki, mashinaning (u xoh uzoq yo‘lga, xoh yaqin yo‘lga yurayotgan bo‘lsin) yon oynalari sochiq yoki boshqa materiallar bilan to‘silgan bo‘lsa, bu harakatga hech qanday xavf keltirib chiqarmaydi va jarimaga ham tortilmaydi.

Mantiqiy xulosa qilish mumkinki, orqa eshikka o‘rnatiladigan pardalar ham xavf tug‘dirmaydi. Chunki odatda orqa eshikdagi pardalar ham sochiq kabi vaqtinchalik bo‘ladi, ya’ni qachon kerak bo‘lsa (jazirama issiqda) ko‘tarib qo‘yiladi, quyosh yo‘q paytda tushirib (olib) qo‘yiladi.

Mayli, rasmiylarning munosabatini kutaylikchi, nima deyisharkin...
Xushnudbek Xudoyberdiyev

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Haydovchilar uchun qiziq: orqa eshikka parda o‘rnatsa bo‘ladimi?