«Avtotest» «o‘yindan chiqdi». Endi nima bo‘ladi?

  • 02 avgust 2019, 06:00
  • 1 658
  • Avto
  • «Avtotest» «o‘yindan chiqdi». Endi nima bo‘ladi?
    «Avtotest» yuridik shaxslar haydovchilarini tayyorlash faoliyatini to‘xtatmoqda. Bu haqda kompaniya rasmiy saytida bayonot berildi.

    «Avtotest» yuridik shaxslar haydovchilarini tayyorlash faoliyatini to‘xtatmoqda. Biz jamoamiz bilan shu qarorga keldik. Bizning bosh maqsadimiz pul ishlash emasligini, bizda qadriyatlar boshqa ekanligini shu bilan namoyon etmoqchimiz. Biz odamlardan qing‘ir yo‘l bilan pul ishlashdan yiroqmiz.

    Boshqa avtomaktablardan farqli o‘laroq «Avtotest» kompaniyasi paydo bo‘lganidan beri hali biron marta daromad olgani yo‘q. Hamma topilgan daromad faqat va faqat rivojlanishga, yangi zamonaviy maktablar barpo etish, dasturlar, yangi texnologiyalar yaratishga yo‘naltirildi. Bor kuch va mehnat asosiy bosh g‘oya — odamlar o‘limini kamaytirish, yo‘llarda tartib bo‘lishini ta’minlash va ushbu sohaning rivojlanishi uchun sarf etildi.

    «Avtotest» bizning farzandimiz. Biz unga bor yuragimiz va mehrimizni berdik.

    O‘tgan davr mobaynida bizni har kuyga solishdi. Yo‘llarda mashinalarimizni to‘sib kulgu qilishdi. Endi bunga yo‘l qo‘ymaymiz. Andishaning otini qo‘rqoq qo‘ymang.

    Tan olish kerak, bugun ko‘chada ahvol juda yomon. Internet saytlarida, ijtimoiy tarmoqlarda minglab odamlar yo‘l transport hodisalari oqibatida vafot etgani haqida malumotlar chiqadi. Lekin birorta odam bunga qayg‘urganini, xuddi «Avtotest»ni muhokama qilganidek muhokama qilganini ko‘rmadik.

    Bizda qadriyatlar boshqa. Bizda tahsil olganlarning birontasi ta’lim sifatiga, metodiga, yaratilgan sharoitga e’tiroz bildira olmadi, hech bir o‘quvchi shikoyat qilmadi, qilolmaydi ham. Chunki biz xalq xizmati uchun jonimizni berib harakat qildik. Shu orqali biror bir inson hayotini saqlashga hissa qo‘shgan bo‘lsak, yo‘llarda bizning bitiruvchilarimiz ozgina bo‘lsa-da tartibli harakatlanayotgan bo‘lsa, shuning o‘zi bizga katta baxt. Bizning yutug‘imiz mana shu.

    Hurmatli yurtdoshlar! Biz, «Avtotest» jamoasi barchangizga minnatdorchilik bildirgan holda, shu ma’lum qilmoqchimiz: «Avtotest» kompaniyasi yuridik shaxslar haydovchilarini o‘qitish faoliyatini to‘xtatadi. Ro‘yxatga olish jarayoni va barcha mavjud shartnomaviy majburiyatlarni amalga oshirish uchun bir oz vaqt kerak bo‘ladi. Biz tahqirlardan charchadik.

    Biz endilikda faqat haydovchilarni tayyorlash, metodika va qo‘llanmalar yaratish bilan shug‘ullanamiz. Iltimos, «Avtotest» nomini yomonotliq qilishni bas qiling. U bizning farzandimiz, uni xafa qildirib qo‘ymaymiz. Yo‘llardagi holat, sotib olingan haydovchilik guvohnomalari va bu ishni qilgan, qilayotgan haydovchilar, ma’sul xodimlarga qarshi kurashishga, minglab o‘limlarning oldini olishga kurashishga da’vat qilamiz. E’tiboringiz uchun yana bir bor rahmat, deyiladi «Avtotest» jamoasi murojaatida.


    Eslatib o‘tamiz, avvalroq Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi «Avtotest»ni monopolist korxonalar reyestriga kiritish bo‘yicha o‘rganish va tahlillar o‘tkazilayotganin ma’lum qilgandi.

    «Avtotest»ning yuridik shaxslarga tegishli avtotransport vositalarini boshqarayotgan shaxslar malakasini oshirishdan voz kechayotgani mavhum holatni yuzaga keltirmoqda.

    Xo‘sh, endi nima bo‘ladi?

    2019 yilning 2 may kuni e’lon qilingan «O‘zbekiston Respublikasining jinoyat, jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonunda barcha yuridik shaxslarning transport vositalari haydovchilaridan malaka oshirishdan o‘tgani to‘g‘risidagi sertifikati talab qilinishi, sertifikati yo‘q bo‘lgan taqdirda haydovchi ma’muriy javobgarlikka tortilib, unga eng kam ish haqining bir barobari miqdorida (hozirda 202730 so‘m) jarima qo‘llanishi, mazkur qonun 3 oy vaqt o‘tib, ya’ni 2019 yilning 3 avgust kunida kuchga kirishi ko‘rsatilgan.

    Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ma’lumotiga tayanadigan bo‘lsak, bugungi kunga qadar yuridik shaxslarning avtomototransport vositalari haydovchilarini malakasi oshirish faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziya talablariga faqatgina «Avtotest Report» MChJ va uning hududlardagi filiallari javob berishi aniqlangan.

    Demak, «Avtotest»dan boshqa avtomaktablarda yuqoridagi qaror talabiga javob beradigan litsenziya hali yo‘q. Yuridik shaxslar haydovchilari sertifikat olish uchun endi malakasini qayerda oshiradi? Bunday chigal vaziyatda sertifikat olishga ulgurmagan yuridik shaxslar haydovchilari 3 avgustdan jarimaga solinishi mantiqsiz bo‘lib qolmaydimi?

    «Avtotest»ning kutilmagan bayonoti shunday qator savollarni keltirib chiqardi.

    Manba: Xabar.uz

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » «Avtotest» «o‘yindan chiqdi». Endi nima bo‘ladi?