10:04 / 21.10.2019
3 548

Avtomobillarda monitordan foydalanishga ruxsat berish taklif qilindi

Avtomobillarda monitordan foydalanishga ruxsat berish taklif qilindi
Avtotransport vositalarida tele va videomonitorlardan foydalanishga ruxsat berish taklif etilmoqda. Tegishli petitsiya “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida joylashtirildi.

“Ma’lumki, zamonimiz kundan-kunga rivojlanib bormoqda. Axborot texnologiyalari har bir sohada o‘z o‘rnini mustahkamlamoqda. Xususan, avtomobillar ham zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlanib, haydovchi va yo‘lovchilar uchun qulayliklar yaratilmoqda”, - deb yozadi murojaat muallifi.

Ta’kidlanishicha, navigator, kuzatuv kameralari hozirda avtotransport vositalari uchun zarur qurilma hisoblanadi. Xususan, “UzautoMotors” avtozavodida yangi avloddagi Tracker, Malibu, Captiva avtomobillarida ushbu qurilmalar zavod tomonidan o‘rnatilgan holda xaridorlarga yetkazilmoqda.

“Lekin boshqa turdagi avtoulovlarda axborot-ko‘ngilochar tizimi faqat auditizim bilan kifoyalangan. Ko‘pchilik haydovchilar o‘z qulayliklari uchun avtouloviga qo‘shimcha tarzda audiosistema o‘rniga monitorli ko‘ngilochar tizimni o‘rnatishni ma’qul ko‘rishmoqda. Shu orqali, navigator tizimidan foydalanish mumkin bo‘lib, xavfsizlik tizimi uchun ham qulay bo‘lar edi”, - deyiladi petitsiyada.

Yo‘l harakati qoidalarining 12-bandi 7-xatboshiga muvofiq, haydovchi uchun transport vositasi salonining old qismiga, shu jumladan, priborlar paneliga, quyosh soyaboniga va orqa tomonni ko‘rish ko‘zgusiga (faqat tashqi ko‘rinishni tasvirga oladigan videokamera, navigator, videoregistratorlardan tashqari, agar ular haydovchiga ko‘rinishni cheklamasa) tele, video monitorlar o‘rnatish taqiqlangan. Mazkur normaning bekor qilinishi barcha haydovchilar uchun qulaylik yaratishi aytiladi.

“Yuqoridagilar va ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasini inobatga olgan holda avtotransport vositalarida tele va video monitorlardan foydalanishdagi amaldagi cheklovlar bekor qilinishini taklif qilamiz”, - deya yakunlangan petitsiya.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » Avtomobillarda monitordan foydalanishga ruxsat berish taklif qilindi