00:09 / 04.03.2015
7 376

“O‘zbeknavo” plagiat qo‘shiqlarga qarshi kurashadi

“O‘zbeknavo” plagiat qo‘shiqlarga qarshi kurashadi

“O‘zbeknavo” estrada birlashmasi “Ijodkor mas’uliyati: san’atkor etikasi” mavzusida milliy estradani rivojlantirishning ayrim dolzarb muammolariga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazdi. Bu haqda “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi rasmiy saytida ma’lum qilingan.

Birlashma axborot xizmati xabariga ko‘ra, davra suhbatida ayrim xorijiy qo‘shiqlar va kuylarni ruxsatsiz o‘zlashtirib, mualliflik huquqi bo‘yicha xalqaro me’yorlarni qo‘pol ravishda buzayotgan ba’zi o‘zbek ijrochilari faoliyati tahlil qilindi. Suhbat jarayonida misol tariqasida xonandalar tomonidan “o‘zbekchalashtirilgan” xorijiy original qo‘shiqlar ishtirokchilarga havola etildi.

San’atshunos, adabiyotshunos olim Shuhrat Rizaev, O‘zbekiston Bastakorlar uyushmasi raisi Rustam Abdullaev, taniqli jurnalist Gulchehra Fayzieva ushbu xunuk holatga kuyunchaklik bilan munosabat bildirishdi. Birovlarning qo‘shig‘ini aytib, aravasida yuradigan zamonlar o‘tganini, bugun har bir san’atkor millat sha’nini, san’at nufuzini saqlashga mas’ul ekanligini ta’kidlashdi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi intellektual mulk agentligi boshqarma boshlig‘i Vohidjon Allayorov mualliflik huquqi tushunchasi, uni buzganlik uchun belgilangan javobgarlik haqida to‘xtalib o‘tdi. San’atkorlarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.

Kelgusida san’atkorlarning ko‘chirmakashlik (plagiatlik)ka yo‘l qo‘ymasligi uchun OAV va boshqa tegishli tashkilotlar hamkorligida keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Manba: www.kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » “O‘zbeknavo” plagiat qo‘shiqlarga qarshi kurashadi