20:49 / 27.11.2016
8 685

Agar Ruxshonaning o‘g‘irlik qilgani fosh bo‘lsa…

Agar Ruxshonaning o‘g‘irlik qilgani fosh bo‘lsa…

Barchaga yaxshi tanish bo‘lgan estrada yulduzi Ruxshona Matkarimova o‘zbek san’atida o‘z o‘rni va ko‘plab muxlislariga ega. Yaqinda ikkinchi bor ona bo‘lish baxtiga erishgan xonanda san’at pillapoyasida bir zumga ham to‘xtagani yo‘q. Aksincha, chin insoniy baxt qurshovida uning ijod olami ham kengayib bormoqda. Ruxshonaning protoday.uz sayti ijodkorlari bilan samimiy suhbatidan bahramand bo‘ling:

—Assalomu alaykum. Sarhisob qilib ko‘rsak, san’at sohasiga kirib kelganingizga ancha bo‘libdi. Shuncha yillik faoliyatingiz sizga nimalarni o‘rgatdi?

— Assalomu alaykum. Avvalo, savolingiz uchun rahmat. Haqiqatdan ham san’atga kirib kelganimga ham etti yildan oshib qolibdi. Menga bu soha professionallikka intilish, ko‘nglimdagi barcha-barcha tuyg‘ularni qo‘shiq orqali kuylashni o‘rgatdi. Avvallari san’at sohasida do‘stlik bo‘lmaydi, deyishardi. Bu noto‘g‘ri, aksincha, san’atda hamma bir-biriga do‘st, bir-birini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu ko‘zbo‘yamachilik emas. San’at menga ko‘p vafoli, yaxshi kunda ham, yomon kunda ham yonimda turadigan do‘stlar berdi. Bu sohaga kirib kelganimdan afsuslanmayman, afsuslanmaganman ham.

—Ijodingizdan, asosan, quvnoq, pozitiv ruhdagi qo‘shiqlar joy olgan. Jiddiy yoki ma’yus qo‘shiqlar kuylash niyatingiz bormi?

—Repertuarimda ma’yus qo‘shiqlarim ham bor, lekin ularga klip suratga olmaganmiz. Mana yaqinda, “Yoqadimu” nomli yangi taronamizni muhlislarga taqdim etdik. Yaqin kunlarda unga klip suratga olmoqchimiz. Menimcha bu qo‘shig‘im repertuarimdagi boshqa qo‘shiqlardan ajralib turadi. “Yoqadimu” ko‘pchilikka ma’qul keldi, deb o‘ylayman.

—Sizningcha, xonanda ommaga ergashishi kerakmi, ya’ni xalq ehtiyojidan kelib chiqib ijod qilishi kerakmi yoki ommani ergashtirishi kerakmi?

—Menimcha, san’atkor dilidagini kuylashi kerak. Shundagina omma sizga ergashadi. Odamlarning dardini, ichidagi quvonchu qayg‘usini ham, hammasini qo‘shiq orqali kuylashi kerak, deb o‘ylayman. Yurakdan yaratilgan qo‘shiqgina o‘z muhlisiga ega bo‘ladi.

—Xonandalik faoliyatidan tashqari yana qanday faoliyatning uddasidan chiqa olgan bo‘lardingiz?

—Menimcha, san’atdan tashqari bolalar bilan bog‘liq sohada ishlay olgan bo‘lardim. Xoh u bolalar uchun kiyim yaratish bo‘lsin, xoh vokal, raqs bo‘yicha dars berish bo‘lsin yoki biror fandan dars berishmi, umuman, bolalar bilan bog‘liq mavzular menga juda yaqin.

—Oila, farzand, uy yumushlaridan tashqari turli tadbirlarga, ijod qilishga ham vaqt topasiz. Kitob mutolaa qilishgachi?

— (Kulib) Hozir mening “menyu”imdan bolalar kitoblari joy olgan. Hozir ham qizim bilan “Fermada hayvonlar qanday gapirishadi” (“Kak govoryat jivotnыe na ferme”) degan kitobni o‘qiyotgan edik. Asosan, bolalar kitoblarini o‘qiyapman, qizimga o‘qib beryapman, ichidagi hayvonlarni ko‘rsatyapman, umuman kitob bilan tanishtiryapmiz. “Kitob – bu do‘st”, deb o‘rgatyapmiz. Xudo xohlasa, qizim ham aqlli, esli-hushli bo‘lib, ko‘p kitoblar o‘qiydi.

—Ijodingizdagi biror qo‘shiqni ijro etganingizdan afsuslangan paytingiz bo‘lganmi?

—Yo‘q, afsuslangan paytlarim bo‘lmagan, menimcha, bo‘lmaydi ham. Axir, ijodkor qo‘shiqni o‘zi yaxshi ko‘rib kuylaydiku. Shuning uchun ijodkorda bunday afsuslanish bo‘lmaydi deb o‘ylayman.

—Tasavvur qiling, yangi klip suratga olib, muhlislaringiz e’tiboriga havola etgach, uning xorij klipidan aynan ko‘chirilganini bilib qoldingiz. Bu holda qanday yo‘l tutasiz?

—Menimcha, menda bundan buyon bunday holat bo‘lmaydi. Bilasiz, turmush o‘rtog‘im Sanjar Matkarimov klipmeykerlar. O‘zlari shu paytgacha g‘oya o‘g‘irlamaganlar. Mening masalamga kelsak, doim o‘zlari ham ssenariylarni yozib, ham aktyorlarni tanlaydilar, doim ishning tepasida turadilar. Plagiatga oilaviy juda qarshimiz. Shuning uchun men bunday vaziyatga tushmasam kerak.

—2016 yilda hayotingizda sodir bo‘lgan eng quvonchli voqea?

—2016 yil men uchun eng baxtli yillardan biri. 2014 yildan boshlasak, shu yili turmush qurdik. 2015 yili qiz farzandli bo‘ldik. 2016 yili o‘g‘il farzandli bo‘ldik. Xudoga behisob shukur, eng baxtli insonlardan biriman desam adashmayman. Mana shu uch yil ichida har bir inson uchun muhim bo‘lgan eng katta baxtga ega bo‘ldim. Bizni o‘qiyotgan barcha yigit-qizlar, barcha yurtdoshlarimizga bundan ham chiroyli baxtni tilab qolaman.

—Ijodingizda qanday yangiliklar kutilmoqda?

—Boya aytganimdek, yangi “Yoqadimu” taronasiga ishlangan klipni e’tiboringizga havola etamiz. Hamda yaqinda yangi teleloyiha ham taqdim etmoqchimiz. Bundan tashqari muhlislarimiz uchun yangi videoklip, yangi qo‘shiqlar ketma ketligini tayyorlayapmiz. Hozircha yangiliklar faqat shulardan iborat.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Agar Ruxshonaning o‘g‘irlik qilgani fosh bo‘lsa…