22:05 / 03.12.2016
13 246

Farruh Komilov: Qizimni juda kam ko‘raman. Maxsus intervyu

Farruh Komilov: Qizimni juda kam ko‘raman. Maxsus intervyu

Xonanda Farruh Komilov hozirda telekanallarda ancha kamnamo bo‘lib qoldi. Shunga qaramay u ijod qilishdan to‘xtagani yo‘q.
Uning Protoday nashriga bergan intervyusidan bahramand bo‘ling.

- Assalom alaykum, Farruh aka, qo‘shiqlaringiz orasida ancha tanaffus bo‘lyapti. Xozir san’atdan tashqari boshqa ishlar bilan bandmisiz yoki har bir qo‘shiq va klip ustida ko‘p vaqt ishlaysizmi?

Javob: Assalom alaykum. Tanaffusga kelsak, hozir yaxshi g‘oya chiqishi qiyin bo‘lyapti. Shu sababdan qo‘shiqlarimiz sekin chiqyapti. Lekin bu ijodiy tanaffus emas. Albatta, san’atdan tashqari ishlarim ham bor, ammo bu san’atga halal bermaydi.

- San’at sohasiga ancha yosh kirib keldingiz, faoliyatingiz davomida san’at sizga nimalarni o‘rgatdi?

Javob: Juda ko‘p narsalarni o‘rgatdi. Faqatgina san’at sohasida emas, hayotda ham. Umuman olganda, inson ulg‘aygan sari ko‘p narsani o‘rganib boraverar ekan.

- San’atdagi ilk ustozingiz otangiz bo‘lsalar kerak. Bugungi yosh, ustoz ko‘rmay san’atga kirib kelayotgan ijodkorlar haqida fikringiz qanday?

Javob: Ha ustozim dadam bo‘lganlar. Hozirgi yosh san’atkorlarga esa munosabatim yaxshi. Ularga faqat omad tilayman. Ularda bizga qaraganda ishtiyoq, qiziqish kuchliroq, deb o‘ylayman.

- San’at olamida do‘stlaringiz bormi?

Javob: San’at olamidagi barcha tengdoshlarimni do‘stlarim deb hisoblayman. Katta san’atkorlar esa ustozlarim.

- Yozda instagramdagi sahifangizga kimdir kirib tanishlaringizga noma’qul gaplar yo‘llayotgani haqida xabar bergandingiz. Bu vaziyat ba’zi yaqinlaringiz bilan mojarolarga sabab bo‘lmadimi?

Javob: Ha, instagramdagi sahifamni o‘g‘irlashgan edi. Profilimdan do‘stlarimga ko‘p yomon gaplarni yozishdi, lekin hamma yaqinlarimning bu gaplarni men yozmayotganimdan xabarlari bor edi. Shuning uchun mojarolar bo‘lmadi, lekin sahifamni qaytarib ololmadim. Profilimni o‘g‘irlashdi, deb xabar berganimda ko‘pchilik buni piar deb o‘yladi, gapimga ishonishmadi. Lekin men bunday reklamalarni yomon ko‘raman.

- San’atkor doimo elning e’tiborida bo‘ladi. Shunday ekan, turli mish-mishlar tarqalishi ham tabiiy hol. O‘zingiz haqdagi mish-mishlarni qanday qabul qilasiz?

Javob: Mish-mishlarga ko‘p ahamiyat bermayman.

- Siz haqingizda tarqalgan eng ahmoqona mish-mish?

Javob: O‘zim haqimda yomon mish-mishlarni eshitmaganman. 2010 yilda to‘yim bo‘lgandi, yarim yillardan so‘ng qulog‘imga Farruh Komilov ajrashibdi degan gaplar chalina boshladi. Bunday xabarni qayerdan olishgan hayronman.

- Instagramdagi sahifangizda qizingizning rasmlarini ham joylashtirib turasiz. Suratlarga qaraganda qizingizga juda mehribonsiz. Hayotdachi? Farruh Komilov qizi uchun qanday ota?

Javob: Qizi uchun juda kam ko‘rinadigan ota. Qizimni juda kam ko‘raman. Hamma narsaga vaqt topsa bo‘ladi, deyishadiku lekin vaqt masalasida juda qiynalaman. Bu xatoimni tan olaman. Lekin qizimni juda qattiq yaxshi ko‘raman!!!

- 2016 yilda hayotingizda sodir bo‘lgan eng quvonchli voqea?

Javob: Aynan bir voqeani aytolmayman. 2016 yilda ancha yillardan beri o‘ylab yurgan ishlarimni amalga oshirdim. Shunisi men uchun quvonchli.

- Kelgusi yilda ijodingizda qanday yangiliklar bo‘lishi kutilmoqda? Konsert berish niyatingiz bormi?

Javob:
Kelgusi yilda ijodimda ko‘p o‘zgarishlar bo‘ladi. Lekin konsert berishga shoshmayapman. Chunki konsert berish uchun bunga loyiq bo‘lish kerak. Har narsaning o‘z vaqti bor, degandek, hali vaqti keladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Farruh Komilov: Qizimni juda kam ko‘raman. Maxsus intervyu