10:17 / 31.01.2017
11 353

Sherali Jo‘raev Ka’batullohga Islom Karimov bilan kirganmidi?

Sherali Jo‘raev Ka’batullohga Islom Karimov bilan kirganmidi?

Xalqning nazariga, el-yurt ardog‘iga sazovor bo‘lgan insonlar bilan hamsuhbat bo‘lish bir tomondan har qanday insonga g‘urur, yengillik baxsh etsa, boshqa tomondan ularning salobati, “yuk”i bosadi. O‘zbekiston Xalq artisti, Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Sherali Jo‘raev bilan muloqot paytida ham ana shunday sharaf va mas’uliyatni his etdik.

— Siz bilan 2017 yilning avvalida diydorlashib turibmiz. Xabaringiz bor, o‘tgan yil mamlakatimiz hayotida bir qator o‘zgarishlar yuz berdi. Shu bilan birga, og‘ir yo‘qotishlarni ham boshdan kechirdik. Keling, suhbatimizni o‘tganlar yodi bilan boshlasak...

— Hayotning azaliy va abadiy qonuni shu! O‘tganlarni Alloh o‘z rahmatiga olgan bo‘lsin. Chindan ham, Yurtboshimizning vafoti barchamiz uchun og‘ir musibat bo‘ldi. Chunki ul zot mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi edilar. Yurtimizni istibdoddan xalos etib, oyoqqa turishini ta’minladilar. Men u kishi bilan ko‘p marotaba hamsuhbat bo‘lganman. Ko‘p safarlarga birga chiqqanmiz. Ayniqsa, marhum Yurtboshimiz bilan Makkai Mukarramada, muborak Ka’batullohning ichiga kirganimiz aslo esimdan chiqmaydi. Birinchi Prezidentimiz butun hayotini shu xalq, Vatan uchun baxshida qildi. U kishining juda ko‘p xislatlari, fazilatlariga guvoh bo‘lganman. Insonning qandayligini bir qarashda bilardilar. Hamisha uzoqni ko‘zlab, aql-zakovat bilan ish tutdilar. Joylari jannatda bo‘lsin.

O‘tgan yilda zamonaviy o‘zbek adabiyotining ikki buyuk darg‘asidan ajralib qoldik. Ular ham eng yaqin qadrdonlarimdan edilar. Abdulla Oripovni “Mitti yulduz” to‘plami orqali taniganman. “Birinchi muhabbatim” qo‘shig‘i har ikkimizga ham katta shuhrat olib keldi. Keyin “Dunyoni qizg‘anma”, “O‘zbekiston – Vatanim manim”, “Xayr endi...”, “Vahki ishq sahrosida...” singari she’rlarini qo‘shiq qilib aytdim. Juda ko‘p davralarda birga bo‘lganmiz. Abdulla akaning har bir she’rida u kishining qalbi urib turadi.

Erkin Vohidov bilan ham uzoq yillardan beri qadrdon edik. “O‘zbegim” qasidasi va qo‘shig‘i uchun o‘sha paytlar bizning boshimizga ne kunlarni solishmadi... Bizni shovinistga, millatchiga chiqarganlar bo‘ldi. Gazetalarda feletonlar yozildi. Bir yili ana shunday gazetalardan birini olib tushkun kayfiyatda Erkin Vohidovning uylariga bordim. Maqolani ko‘rsatsam, “Qo‘yavering, mana endi siz ham bizga o‘xshab qolibsiz”, deb hazillashdilar. Yarim kechagacha uylarida chaq-chaqlashib o‘tirdik. Mashinalarida meni to uyimgacha olib keldilar. Yo‘l-yo‘lakay “Erkin aka, insonning barcha yaxshi-yomon tomonlari, yutuqlariyu kamchiliklari, suvratiyu siyrati, buyukligiyu tubanligini aks ettiradigan bitta she’r yozing”, dedim. Erkin aka “ma’qul” degandek bosh irg‘adilar. Shu tariqa “Inson" qasidasi dunyoga keldi. Bu qo‘shiq ham katta bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Buyuklarimizning joylari jannatda bo‘lsin...

— O‘tgan yilning dekabrida mamlakatimiz hayotidagi muhim voqea – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘ldi. Siz ham ishtirok etgan bo‘lsangiz kerak?


— Albatta! Farzandlarim bilan birga saylov uchastkasiga borib, Yurtboshimizning buyuk ishlarini davom ettirishga qodir bo‘lgan, u kishi bilan uzoq yillar elkama-elka ishlagan, fidoyi, xalqparvar inson Shavkat Mirziyoyevga ovoz berdik. Shavkat Miromonovich el-yurt manfaati uchun o‘z huzur-halovatidan voz kechgan, hamisha xalqning yonini olib, halol mehnatkashga qalqon bo‘lib kelayotgan aqlli, tadbirkor rahbar. Men u kishini deputatlik paytidan beri bilaman. Ish vaqtining salmoqli qismi dalada, qo‘li qadoq dehqonning yonida o‘tganidan ham xabardorman. Undan boshqa yana kimga ovoz berishim mumkin? Buyuk Yo‘lboshchimiz boshlagan ezgu ishlarni faqat shu inson muvaffaqiyat bilan davom ettirishiga, Vatanimiz tinchligi va farovonligini saqlay olishiga ishonaman.

— Vatan, uning tinchligi har birimiz uchun muhim. Ayniqsa, dunyoning turli nuqtalarida notinchlik davom etayotgan bir paytda...

— Yurtimizni balo-qazolardan Allohning o‘zi asrasin. Qolaversa, bu yurtni ulug‘ ajdodlarimizning, buyuk zotlarning pokiza ruhlari o‘rab turibdi. Buyuk mutafakkir Mir Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat” asarida 770 nafar avliyoning nomlarini tilga olganlar. Ulardan aksariyati bizning diyorimizda yashab o‘tishgan. Qusam ibn Abbos, Bahouddin Naqshband, Abduxoliq G‘ijduvoniy, Abu Mansur Moturidiy singari ulug‘larning pokiza xoklari ham shu tuproqda yotibdi. Bunday yurtga inshaalloh balo tegmaydi. Lekin biz har birimiz ana shu Vatanning, tinchlikning qadriga etishimiz kerak.

— Vatan mavzusi haqida juda ko‘p qo‘shiq aytgansiz. Ularning har biri tinglovchining qalbiga chuqur kirib bora olgan...

— Vatan haqida shunchaki til uchida kuylab bo‘lmaydi. Uni sevmasdan turib unga qo‘shiq bag‘ishlashning keragi yo‘q. Vatanning qadrini undan olisda yurganlar yaxshi biladi. Men ham boshqa mamlakatga borsam, bir haftadan ortiq turolmayman. Yurtimni sog‘inib qolaman.

Hech esimdan chiqmaydi. Bir yili Rossiyaning uzoq hududlaridan biriga konsertga bordik. Rossiyada yashayotgan bir hamyurtimiz meni o‘z mashinasida olib yurdi. Yana ikki-uch nafar yurtdoshlarimiz ham biz bilan birga edi. Mashinasida “Vatan deb oh urmakni vatansizdan so‘rab ko‘r” degan qo‘shig‘im bor ekan. Bir kenglik oldida mashinani to‘xtatdi. Hammamiz mashinadan tushdik. O‘sha qo‘shiq yangrayapti. Haligi yurtdoshlarimiz hammasi baralla yig‘lab yuborishdi. Men ham ularga qo‘shildim. Xorijga ko‘p qatnaydigan bir muxlisim bor. Safarga chiqqanida o‘zi bilan doim mening Vatan haqida aytgan qo‘shiqlarim jamlangan diskni olib ketadi. Ayniqsa "O‘zbekiston — Vatanim manim", "O‘zbegim", "Oltinga topilmagay Vatan"ni sel bo‘lib eshitadi. "Bu qo‘shiqlar musofirlikda menga Vatan bo‘ladi, shularni eshitsam, o‘zimni Vatanda, deb his qilaman, Vatanimdan quvvat olaman", deydi u. Vatan haqidagi qo‘shiqning asosiy vazifasi vatanparvarlik tuyg‘usini quvvatlantirish, ruhiy madad berish, deb hisoblayman. Bu uchun qo‘shiqchining o‘zi, eng avvalo haqiqiy vatanparvar bo‘lishi kerak.

— Ota uchun farzandning yaxshi-yomoni bo‘lmaydi. Lekin iste’dod hammaga teng berilmasligi ham haqiqat. Siz san’atkor sifatida Shohjahon va Zohirshoh Jo‘raevlar ijodiga qanday qaraysiz?

— Dunyoda irsiyat, nasl-nasab degan tushunchalar bor. Ota-onaning qaysidir xislati albatta o‘z o‘g‘il-qizlariga ko‘chib o‘tadi. Masalan, san’atga, ma’rifatga oshnolik menga otamdan o‘tgan. Padari buzrukvorim Nurmuhammad ota san’atga, bobolarimiz merosiga ishtiyoqmand inson edilar. Hazrat Navoiyning kitoblarini o‘qib, bizga mag‘zini chaqib berardilar. Dalada qo‘y boqqani chiqqanimizda otam otga minib olar, men orqalaridan mingashib borardim. Shunda “Qaro ko‘zum”ni xirgoyi qilganlarida beixtiyor ko‘zlarimga yosh kelardi. Men ham ana shunday chiroyli qo‘shiq ayta olarmikinman, deb o‘ylardim. Men u kishiga havas qilib, qo‘shiqchilikni tanlaganman. Ammo otam rahmatli qo‘shiqchi bo‘lishimga boshida qattiq qarshilik qilganlar. Taqdirda bor ekan, shu kasbni tanladik. O‘zimga xos jihatlarni goh Shohjahonda, goh Zohirshohda ko‘raveraman. Birini-ikkinchisidan ustun qo‘yolmayman. Har ikkisi o‘z ovozi, o‘z yo‘lini topib boryapti.

— Xalq uchun siz buyuk hofiz, mashhur san’atkorsiz. Uyda esa oila boshlig‘i, farzandlar uchun ota, nabiralar uchun bobo... Uydagi va ko‘chadagi Sherali Jo‘raevning farqi nimada?

— Muxlislar uchun imkon qadar muloyim, xushmuomala bo‘lishga, qattiq gapirib birovning dilini og‘ritmaslikka harakat qilaman. Uyda esa imkon qadar qattiqqo‘l, jiddiy bo‘lishga urinaman. Farzand tarbiya­si qat’iyatni talab qiladi. Lekin nabiralar hali yosh. Ular mehrga, erkalashga loyiq.

— Muxlislar haqida gapirdingiz. Ko‘pchilik “muxlislar bevafo bo‘ladi, bugun bittasiga, ertaga boshqa birovga qarsak chalaveradi”, deyishadi. Bu fikrga qanday qaraysiz?

— Muxlis bo‘lmasa, san’atkor hech kim emas. Shu bois muxlisning mehrini, e’tiborini oqlash kerak. Xudoga shukr qilaman, ancha yillar katta sahnalarda ko‘rinmay yurgan bo‘lsam-da, chin muxlislarim meni unutib yuborishmagan. Ular bilan ko‘rishganimda, kuchli mehrni, ularning taftini, qalbini his etaman. Menga boshqa yana nima kerak?

— Ayni kunlarda "Milliy" telekanalida "Parijon" klipi ko‘rsatilayapti. Ushbu klipning taqdimoti munosabati bilan bo‘lib o‘tgan konsert ham namo­yish etildi. Tomoshabinlar va muxlislarning taassuroti bir olam. Klip olish sizning ijodingizdagi dastlabki tajriba. Aytingchi, o‘zingiz bu klipdan qoniqdingizmi?

— Savolingizga ha va yo‘q, deb javob beraman. Maromiga etmagan qo‘shiq, chala asarni muxlislarga taqdim etishni ham san’atga, ham muxlislarga nisbatan hurmatsizlik, deb bilaman. Shu sababli, qo‘shiqning dastlabki varianti yaratilgandan keyin ham uzoq muddat unga sayqal berishga, xalqqa manzur bo‘ladigan shamoyilini topishga harakat qilaman. Qisqa muddatda yaratilgan qo‘shiqlarim juda ko‘p, lekin ularning kurtaklari ancha oldin ko‘nglimda ochilgan bo‘ladi. Qaysidir bahonayi sabab turtki bo‘lib, bu qo‘shiqlar dunyoga keladi. Shu ma’noda "Parijon" klipi maromiga etganidan keyin tasmaga yozildi, deb hisoblayman.

Masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Ijodkor o‘zining asarlaridan, ijod mahsullaridan butkul mamnun bo‘lsa, qoniqish hissiga berilib ketsa, o‘sha kuni unda ijodkorlik qobiliyati yo‘qoladi. Umrboqiy asar yaratmoqchi bo‘lgan odam hech qachon o‘zidan ham, ijodidan ham qoniqmaydi. Niyatim, "Parijon"dan ham chiroyli, go‘zal qo‘shiqlar yaratish.

— Muxlislarni yaqin orada yangi qo‘shiqlar, konsert dasturlari bilan xushnud etish niyatingiz bormi?

— Yaqinda O‘zbekiston Milliy kutubxonasida buyuk bobokalonimiz Hazrat Alisher Navoiy tavalludining 575 yilligi munosabati bilan “Ishq darsini Navoiydin olurlar” deb nomlangan musiqiy kechamizni tomoshabinlar e’tiboriga havola etdik. Unda buyuk shoirimiz g‘azallari bilan aytiluvchi bir qancha yangi qo‘shiqlar ham ijro etildi. Albatta yangi qo‘shiqlar ustida ishlayapmiz. Bir qanchasini tayyorlab ham qo‘ydik. Ammo ularning barini birdaniga havola etmoqchi emasman. Har birini o‘z mavridi bilan etkazmoqchiman. Muxlislarga atalgan tuhfalarimiz ko‘p. Vaqti-soati bilan nasib etsa, hammasini bilib olishadi.

Shu o‘rinda biz singari san’atkorlarga keng yo‘l ochib, katta imkoniyatlar yaratib berayotgan davlatimiz rahbariga o‘z nomimdan, shu bilan birga, muxlislarimiz nomidan minnatdorligimni bildirib o‘tmoqchiman.

— Suhbatlaringizda ko‘p bor xiyonat, aldovlarga duchor bo‘lganingizni aytgansiz. Ana shu xiyonatlardan so‘ng chiqargan xulosangiz?

— Boya tilga olingan tadbirda Hazratning bir g‘azallarini kuyga solib aytdim. Unda shoir o‘z ko‘ngilga xitoban aytmoqda:

Hajr o‘tida istasang yoqilmag‘aysan, ey ko‘ngul,
Yordin zinhor ham ayrilmag‘aysan ey ko‘ngul.
Vah, ne tole’durki topmay umre istab yorni,
Chun seni yor istag‘ay topilmag‘aysen ey ko‘ngul.

Bilasiz, hazrat Navoiy yaqin do‘sti Husayn Boyqaro taxt tepasiga kelmasidan avval uzoq yillar darbadarlikda hayot kechirganlar. Bir muddat Samarqandda tahsil olganlar. Navoiyning bolalik paytlari yozgan birgina baytlari uchun Mavlono Lutfiy 12 ming bayt kulliyotini almashtirmoqchi bo‘lganlari ham tarixdan ma’lum. Mana shunday buyuk zot ham o‘z davrida juda katta qiyinchiliklarni boshdan kechirgan, xiyonat, aldov, tuhmatlarga ro‘para kelgan. Ehtimol shuning uchun ham:

Olam ahli bevafodurlar, alarning xaylidin,

Ey ko‘ngul, bo‘lsang vafo oyinidin ogoh, qayt,

deya yozg‘irgan bo‘lsalar kerak. Demak, odamzodning tabiati shunaqa ekan-da! Nega biz bundan ajablanishimiz kerak? Men ham ilgari bunday kimsalardan qattiq ranjiganman. Ammo ularning aksariyati o‘z qilmishlariga yarashasini olishdi. Men ularga zarracha yomonlik qilmadim. Ammo taqdirning o‘zi hisob-kitobini o‘rniga qo‘ydi. Eng muhimi, yaxshi insonlar ko‘p. Shular tufayli sayyoramizda hayot bardavom.

— Yaxshi insonlarga, sizni hamisha sog‘inib kutadigan muxlislarga tilak­laringiz?

— Har bir xonadonda tinchlik, xotirjamlik bo‘lsin. Har bir qadrdon hamyurtimizni, shu jumladan, bizni tinglaydigan, bizni kutadigan muxlislarni Alloh o‘z panohida asrasin. Men barchangizdan yurtimizda hukm surayotgan tinchlikning, farovonlikning, to‘kin-sochinlikning qadriga etishni so‘rardim. Dunyoda ko‘p mamlakatlarni kezib, O‘zbekistondek fayzli, obod diyorni uchratmadim. Mana shu yurtning ertasi uchun, taraqqiyoti uchun har birimiz kamarbasta bo‘laylik.

Rustam Jabborov suhbatlashdi

Manba: darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Sherali Jo‘raev Ka’batullohga Islom Karimov bilan kirganmidi?