00:02 / 21.06.2017
7 242

To‘yda xizmat ko‘rsatishga ruxsatingiz bormi?

To‘yda xizmat ko‘rsatishga ruxsatingiz bormi?
LISENZIYaLANUVChI FAOLIYaT
U bilan tegishli ruxsat beruvchi hujjatga ega bo‘lmay shug‘ullanish taqiqlanadi.
Shunday faoliyat turlari borki, ularni lisenziyalamay turib amalga oshirishga ruxsat etilmaydi. Chunki bular fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, sog‘lig‘iga, jamoat xavfsizligiga zarar etkazishi mumkin bo‘lgan hamda lisenziyalashdan tashqari usullar bilan tartibga solish qiyin bo‘lgan faoliyat turlaridir. Tushunish oson bo‘lishi uchun bunga tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasini misol qilib keltirish mumkin. Aytaylik, biror xususiy tadbirkor aholiga ko‘z kasalliklarini davolash xizmatini ko‘rsatishni yo‘lga qo‘ymoqchi.

Tabiiyki, avvalo uning faoliyati lisenziyalanishi kerak. Ya’ni tadbirkor o‘z zimmasiga ushbu yo‘nalish bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan talablar va shartlarni bajarish majburiyatini oladi. Tashkil etilayotgan muassasa zarur tartibda jihozlanishi, moddiy-texnika bazasiga, malakali mutaxassislarga ega bo‘lishi va boshqa bir qancha talablarga javob berishi kerak.

Bundan ko‘rinadiki, ayrim faoliyat turlari majburiy ravishda lisenziyalanadi. Aks holda, ushbu faoliyat bilan shug‘ullanish qat’iyan taqiqlanadi. Bu kabi faoliyat ortidan tegishli ruxsat beruvchi hujjatga ega bo‘lmasdan daromad topish esa qonunga zid deb hisoblanadi, shunday huquqbuzarlikni sodir etgan shaxs javobgarlikka tortiladi. Biroq joriy yilning o‘tgan davrida soliq idoralari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar, nazorat tadbirlari davomida shu narsa aniq bo‘ldiki, bu boradagi mavjud qonun-qoidalarga xilof ravishda ish tutayotgan kishilar bor ekan.

TO‘YDA XIZMAT KO‘RSATIShGA RUXSATINGIZ BORMI?
Xalqimizning urf-odati ko‘p. Shulardan biri to‘y o‘tkazishdir. Topganimizni to‘plab, to‘yda sochamiz. Yaxshi niyatda qarindosh-urug‘, qo‘ni-qo‘shni, do‘stu birodarimiz uchun dasturxon yozamiz. Albatta, bu tadbirlar xonandayu sozandasiz, kuy-qo‘shiqsiz o‘tmaydi. Shu bois ushbu kasb egalariga ish ancha ko‘p.

Yana bir jihati ham bor. Bugun ko‘pchilikning asosiy istagi shuki, to‘yga chaqirilgan san’atkor davrani “yaxshi qizitsa” bo‘ldi. Uning lisenziyasi bormi yoki yo‘q, bunisiga sira qiziqmaymiz. Aslida bunga befarq bo‘lmasligimiz kerak. Buning bir qancha sabablari bor.
Ta’kidlash joiz, to‘yda qo‘shiq aytish ham amalga oshirilishi uchun lisenziya talab qilinadigan faoliyat turlari sirasiga kiradi. Mazkur faoliyat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015 yil 9 dekabrdagi “Konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tartibga solinadi. Unga ko‘ra, tegishli lisenziya konsert-tomosha faoliyatining olti reyting guruhlari bo‘yicha beriladi. Mazkur reyting guruhlarini olgan san’atkor restoranlar, barlar, qahvaxonalar va xususiy uylarda to‘y, yubiley va boshqa tantanalarga xizmat ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ladi.

Ahamiyatlisi, ijrochi muayyan reyting guruhini qo‘lga kiritish uchun lisenziyalash mezonlari va malaka talablariga mos kelishi kerak. Bunda uning ijro mahorati, repertuaridagi musiqa va qo‘shiqlar sifati ham e’tiborga olinadi. Albatta, bular pul to‘lab san’atkor xizmatidan foydalanayotgan tomoshabin manfaatini ko‘zlab qilingan. O‘z navbatida konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi lisenziya olgan shaxslar o‘zlariga berilgan reyting guruhiga bog‘liq ravishda tabaqalashtirilgan miqdorda davlat boji to‘laydilar.

Ushbu qaror ijrosini ta’minlash soliq idoralarining asosiy vazifasidir. Shu maqsadda joylarda nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda. Ayrim hollarda mavjud qoidalar qo‘pol ravishda buzilayotgani ma’lum bo‘ldi. Qarshi tumanidagi “O‘zbegim” to‘yxonasida bir badiiy guruh dovul chalish faoliyati bilan davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, lisenziyasiz shug‘ullangani aniqlandi. Guruh a’zolari, shu tumanda istiqomat qiluvchi fuqarolar — I.U. va S.S. ko‘rsatgan xizmati uchun 30 ming so‘mdan, B.Sh esa 100 ming so‘m pul olgani oydinlashdi.

Shuningdek, tadbir davomida Qarshi shahridagi “Hamro bobo” to‘yxonasida Kasbi tumanilik fuqaro B.K. 100 ming so‘m, Qarshi shahrilik Ch.M. 20 ming so‘m evaziga hech qanday ruxsatnomasi bo‘lmagani holda konsert-tomosha faoliyatini amalga oshirgani ayon bo‘ldi.
Aytish o‘rinliki, faoliyatning ayrim turlarini lisenziyalash to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga zid ish qilganlik ma’muriy va jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Yuqoridagi holatlarda ham aybdorlarga tegishli tartibda chora ko‘rilishi ta’minlandi.

NOQONUNIY DISK SAVDOSI YuQORI IJTIMOIY XAVF KELTIRADI
Ovozasi chiqqan kino yoki sevimli san’atkorning yangi konsertini birinchilardan bo‘lib tomosha qilishni xohlovchilar talaygina. Bu boradagi talab o‘sayotgani audiovizual asarlarni, fonogrammalarni takrorlash, sotish, ijaraga berish xizmati rivojiga keng yo‘l ochmoqda. Albatta, bu xizmatni tashkil etishning ham o‘z qonun-qoidasi bor. Mazkur ish ham lisenziyalanishi shart bo‘lgan faoliyat turlari sirasiga kiradi.

Ammo ko‘pchiligimiz ko‘chalarda audio va video disklar turli shaxslar tomonidan noqonuniy ravishda sotilayotganiga guvoh bo‘lamiz. Bu ayrimlar uchun yaxshigina daromad manbaiga aylanib qolgan. Qayd etish kerakki, mazkur “ishbilarmon”lar zo‘ravonlik, pornografiya, mamlakat xavfsizligi va ijtimoiy-siyosiy barqarorlikni, fuqarolar tinchligini, millatlararo va dinlararo totuvlikni buzishni targ‘ib qiluvchi, milliy mentalitetimizga mos kelmaydigan mazmundagi audiovizual asarlarni sotmasligiga hech kim kafolat bermaydi. Viloyat davlat soliq boshqarmasi xodimlari tomonidan joylarda o‘tkazilayotgan nazorat tadbirlarida bir necha ana shunday noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi kimsalar ishiga chek qo‘yilayapti.

Jumladan, viloyatimiz markazida o‘tkazilgan nazorat tadbirida Qarshi shahrilik fuqaro G‘.U. davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan, lisenziyasiz DVD va CD disklarni 2500 so‘mdan sotayotganligi aniqlandi. Undan 211 dona disk ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yildi.
Shuningdek, Qarshi shahrida yashovchi yana bir fuqaro R.J. ham lisenziyasi bo‘lmagani holda DVD va SD disklarni pullayotgani oydinlashdi. Qarshi tumanilik N.S. ham diskfurush bo‘lib, u 305 dona audiovizual mahsulotni sotish maqsadida bo‘lgani mavjud dalillar asosida isbotlandi.

Ma’lumot o‘rnida keltirish joizki, joriy yilning o‘tgan davrida soliqchilar tomonidan viloyatimizmiqyosida audio va video disklar noqonuniy savdosining oldini olishga qaratilgan 75 nazorat tadbiri tashkil etildi. Ularning 26 tasida qonunbuzilish holatlari aniqlangan. Tadbirlar davomida umumiy qiymati 16 million so‘mga yaqin bo‘lgan 6 ming donadan ortiq disk ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

12 TA INTERNET KAFE NOQONUNIY FAOLIYaT YuRITGAN
Internet tarmog‘i butun dunyoni egallab olishga ulgurdi. Uning yordamida bir daqiqada Er yuzining narigi chetidagi kishi bilan suhbatlashish, o‘zaro fikr almashish mumkin. Internet shu darajada ommalashdiki, unga murojaat qiluvchilar safi ham, e’lon qilinadigan mavzular ko‘lami ham kundan-kunga kengayib bormoqda. Hozirgi kunda jahon miqyosida milliardlab insonlar internetdan foydalanadi. Chunki yangiliklar, ob-havo, davolanishning yangi turlarini bilish uchun bemalol ushbu global tarmoqqa murojaat qilish mumkin.
Ahamiyatlisi, viloyatimiz aholisining mazkur xalqaro tarmoqdan foydalanish qamrovi ham tez sur’atlarda kengayib borayapti. Tabiiyki, ushbu ehtiyojni qoplash uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bu yo‘nalishda xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlari ham ko‘payib borayapti. Joylarda yangi internet kafelar faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.

E’tiborli jihati, hozirgi kunda aksariyat kishilar asosiy axborot manbai sifatida internetga yuzlanadi. Biroq xolis va noxolis axborotni hamma ham farqlay olish imkoniyatiga ega emas. Bugungi kunda xalqaro tarmoqda o‘z joniga qasd qilishning turli yo‘llarini targ‘ib qiluvchi 9 ming, shahvoniy mazmundagi 4 mingdan ziyod saytlar mavjud ekanligi bu boradagi xavotirimizni oshirishi tabiiy. Xalqaro ekspertlar dunyo miqyosida internetdan foydalanuvchi yoshlarning 38 foizi zo‘ravonlik ruhidagi saytlarga, 26 foizi millatchilik xarakteridagi veb-sahifalarga muntazam kirishini tasdiqlamoqda.

Internet xavfsizligini ta’minlash, bu boradagi choralarni kuchaytirish orqaligina mazkur tahdidlarga qarshi samarali kurashish mumkin. Viloyat davlat soliq boshqarmasi xodimlari tomonidan hamkor tashkilotlar ishtirokida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida tashkil qilingan nazorat tadbirlari ayni shu vazifalar ijrosiga qaratildi. O‘rganishlardan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, viloyatimizda fuqarolar tomonidan noqonuniy ravishda 12 ta internet kafe faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ushbu shoxobchalar faoliyatiga barham berildi, aybdorlarning qonun oldida javobgarligi ta’minlandi.
Albatta, har bir faoliyat turi ma’lum tartiblarga asoslanishi maqsadga muvofiqdir. Aks holda, esa aybdorga jazo muqarrar.

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » To‘yda xizmat ko‘rsatishga ruxsatingiz bormi?