14:04 / 18.08.2017
15 504

O‘zjan Deniz: «San’at meni o‘ziga ipsiz bog‘lab olgan edi». Aktyorning shaxsiy hayotidagi omadsizliklari (Foto)

O‘zjan Deniz: «San’at meni o‘ziga ipsiz bog‘lab olgan edi». Aktyorning shaxsiy hayotidagi omadsizliklari (Foto)
O‘zbek muxlislariga «Ishkomli uy» seriali orqali yaxshi tanish aktyor O‘zjan Denizning butun dunyo bo‘ylab muxlislari topiladi desak, xato bo‘lmaydi. Sharq erkaklariga xos qosh-ko‘z va tashqi ko‘rinishga ega ijodkor nafaqat aktyorlik mahorati bilan tilga tushgan, balki san’atning bir necha yo‘nalishida ijod qilib kelayotganlardan. Sahifamiz davomida barchasi haqida birma-bir so‘z yuritishga harakat qilamiz. Ha aytgancha, uning shaxsiy hayoti ham e’tiborimizdan chetda qolmadi…

O‘ziga ishongan aktyor!
Aktyorning ijodini baholagan san’atshunoslar «O‘zjan — o‘z kuchi va imkoniyatiga ishongan, qat’iyatli ijodkor hech qachon xor bo‘lmasligining yaqqol isbotidir», deya fikr bildirishadi. Bejiz unga bunday ta’rif berilmaganiga maqolani o‘qib chiqqach, o‘zingiz amin bo‘lasiz.

San’atga sehrlagan bolakay…
O‘zjan Deniz 1972 yil Turkiyaning Anqara shahrida dunyoga kelgan bo‘lsa ham, bolalik va o‘smirligi Istanbulda o‘tgan. U kichikligidan iqtidori va ko‘rkam bo‘y-basti bilan boshqalardan ajralib turardi. Uning yana bir yutug‘i, chiroyli ovozida ekanligini alohida ta’kidlab o‘tmasdan ilojimiz yo‘q. Aktyor san’at aynan qo‘shiq kuylab qadam qo‘ygan. Avvaliga havas cheksiz mehr aylandi, keyinchalik O‘zjan qat’iy qaror qabul qildi. Bolakay hatto o‘rta maktabdagi o‘qishini tashlab, boshi bilan ijodga sho‘ng‘ib ketdi. Bu qaroridan uni ota-onasi va yaqinlari ham qaytara olishmadi. Ijodkor «San’at meni o‘ziga ipsiz bog‘lab olgan edi, ko‘zimga hech narsa ko‘rinmasdi.

Chinakamiga telbaga aylangandim. O‘shanda onam «O‘ylamay qadam bosib kelajagingni barbod qilayapsan», deb hafa bo‘lardi. Lekin, mana, yillar o‘tib, aslida ko‘nglim amriga quloq tutib to‘g‘ri qilganimni isbotlaganimdan baxtiyorman», deya o‘sha damlarni eslaydi.
Shunday qilib, 13 yasharligida ijodiy faoliyati boshlangan O‘zjan Deniz professional darajadagi ijrosi bilan tilga tusha boshladi. 16 yoshda Antaliya bo‘ylab gastrol safarini uyushtirgani esa so‘zlarimizning isbotidir. San’atdan ma’naviy ozuqa olib, rohatda ishlagan ijodkor yaqinlarining moliyaviy ahvolini yaxshilashga ham ko‘mak berardi. 17 yoshga to‘lganida esa Germaniyaga yo‘l oladi. Maqsad — imkoniyatlarini chegaralamasdan, mahoratini oshirish edi. O‘zini tutishni, o‘z uslubini topishni ham uch yil davomida aynan shu mamlakatda o‘rganadi. Myunxendan vataniga qaytgach, harbiy xizmatga jo‘nab ketadi. Sevimli ishidan uch yilga uzoqlashgan O‘zjan xizmat muddati tugagach, faqat xonandalik bilan chegaralanmay, o‘zidagi yashirin qobiliyatlarini ham namoyon eta boshlaydi.

Kinoga ilk qadam…
23 yoshida uni seriyalga taklif etishadi. Ochig‘ini aytish kerak, bu O‘zjan uchun ham kutilmagan istak edi. Ya’ni xarbiy xizmatdan endi qaytganida o‘zbek tomoshabinlariga yaxshi tanish «Ishkomli uy» serialining rejissyori uni bosh rolga taklif qiladi. Buni qarangki, O‘zjanning bu yo‘nalishda ham omadi kela boshlaydi. Yuqorida aktyorning bir necha bor ta’kidlangan ko‘rkamligi melodrama janrini sevuvchi teletomoshabinlarini befarq qoldirmadi va ular O‘zjanni aktyor sifatida qayta kashf etishdi. «Ishkomli uy» orqali O‘zjan qisqa fursat ichida hayratlanarli darajada mashhurlikka erishdi. Bir ma’lumotni alohida ta’kidlab o‘tish kerakki, kinodagi muvaffaqiyati uning xonandalikdagi faoliyatiga aslo salbiy ta’sir ko‘rsatmagan. U yangi qo‘shiqlari bilan tinglovchilarni xushnud etish bilan birga yakkaxon konsertlar uyushtirishga ham ulgurardi. Shuningdek, o‘sha yillari uning — «Mening farishtam» nomli mashhur musiqiy to‘plami sotuvga chiqqan. Birinchi albomdan so‘ng ko‘p o‘tmay «Muhabbat yulduzi» to‘plamini ham taqdim etgan.

Kutilmaganda o‘zi uchun kashf etgan kino olamida «Endi u soldat», «Iyun oqshomi» va «Qaerdasan, Firuza?» kabi kinoloyihalarda muvaffaqiyatli chiqishlarni amalga oshirdi. Aktyorning turli xarakterdagi rollarini tomoshabinlar qiziqish bilan kuzatishdi. Mamlakatning eng mashhur aktyori deya ta’riflana boshlangan O‘zjan ishtirokidagi film va seriallar chet ellarda ham katta mamnuniyat bilan qabul qilina boshlangandi. Bu esa uning muxlislari sonini orttirib, «geografiya»sini kengaytirishiga xizmat qildi.
Kino olamidagi yana bir ko‘zga ko‘ringan roli — Nejat. Yosh, qalbida o‘ti bor oshiq yigit roli qizlarning e’tiboriga tushdi. «Xavfli muhabbat» kartinasi aktyorga olamshumul shuhrat keltirdi. U romantik qahramonni shunday mahorat bilan gavdalantirgan ediki, hatto aktyorga mamlakatning zamonaviy Rameosi deya ta’rif bera boshlashdi.

Navbat rejissyorlikka…

2011 yilda O‘zjan Deniz o‘zini yana tajriba maydoniga otdi. «Ikkinchi imkon» kartinasida u mashhur aktrisa Nurgul Yashilchay bilan partnyor bo‘lgani haqida Darakchi.uz ma’lum qildi.

Shaxsiy hayot…
Ijodini faol tarzda olib borishga erishgan mashhur aktyor, xonanda va rejissyorning shaxsiy hayoti ham rang-barang. 44 yoshni qarshilagan Deniz uzoq yillik faoliyati davomida bir qancha aktrisa va xonandalar bilan baxtini sinab ko‘rdi. Ammo uning o‘zi bu haqda ko‘p gapirishni istamaydi.

Qahramonimiz 1991 yilda aktrisa Xandan Deniz bilan turmush quradi. Lekin muhabbat bilan bog‘langan oila rishtasi 9 yil davom etgan, xolos. 2000–2001 yillardan boshlab esa u yana bir aktrisaning oshig‘iga aylanadi. Afsuski, bu munosabatlar ham mustahkam emasdi. Mashhur aktrisa Faxrie Evjen bilan muhabbat qissalari 2013 yil o‘z yakuniga etdi. Ommaviy axborot vositalarining yozishicha bunga O‘zjanning o‘zi aybdor. Mish-mishlarga qaraganda, Faxrie jurnalistlar tomonidan olingan paparassiya suratlarida sevgilisini bir model qiz bilan ko‘rib qolgan…

Shaxsiy hayotdagi bunday omadsizliklarni kuzatib turgan aktyorning onasi nabirali bo‘lish maqsadida o‘g‘liga qat’iy shart qo‘yadi. Lekin mashhur o‘g‘il haligacha jiddiy munosabat qurib, oilali bo‘lish haqida so‘z ochganicha yo‘q, hamon bo‘ydoq sanladi.
Ayni kunlarda «Istanbullik kelin» serialida suratga tushayotgan O‘zjan haqida yuqorida aytilgan «kat’iyatli» ta’rifi juda to‘g‘ri qo‘llanilganiga hech shubha qolmadi. Oddiygina, o‘rtahol oiladan chiqib, hatto, bilim olishdan ham voz kechib o‘zini san’atga bag‘ishlagan aktyor ana shunday tarzda yutuqlarni birma-bir qarshi olmoqda. Bolalikdagi orzu va maqsadlariga erishib, onasiga bergan va’dasining ustidan chiqib, kelajagini yarata olgan ijodkordan yana ko‘plab ijodiy ishlarni kutib qolamiz.

Aktyorning butun dunyoga mashhur serial va filmlari.
Seriallar:
«Ishkomli uy» («Asmali konak») 2002 yil;
«Taqdirim yozilgan kun» («Kaderimin yazildigi gun») 2014 yil;
«Qora atirgul» («Karagul») 2013 yil;
Filmlar
«Suv va olov» («Su ve Ates») 2013 yil;
«Shundan so‘ng-chi?» («Ya sonar?») 2011 yil;
«Qalbim uyi» («Evim sensin») 2012 yil;
«Araf» 2012 yil.



arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » O‘zjan Deniz: «San’at meni o‘ziga ipsiz bog‘lab olgan edi». Aktyorning shaxsiy hayotidagi omadsizliklari (Foto)