15:44 / 23.10.2017
12 231

Halima Ibragimova g‘azabda! San’atkorlarning paxta terishi xo‘jako‘rsinga uyushtirilganmidi?

Halima Ibragimova g‘azabda! San’atkorlarning paxta terishi xo‘jako‘rsinga uyushtirilganmidi?
Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tashabbusi bilan o‘zbek shou-biznesining ko‘zga ko‘ringan vakillari — xonanda, sozanda va aktrisalar Toshkentning Bektemir tumanidagi paxta dalalariga borib, yig‘im-terim ishlariga o‘z hissalarini qo‘shganlari haqida xabar bergan edik.

2017 yil paxta hosilining “Zarbdor” o‘ttiz kunligiga munosib hissamizni qo‘shaylik shiori ostida tashkil etilgan aksiyada O‘zbekiston xalq artistlari: G‘ulomjon Yoqubov, Yulduz Usmonova, Mahmud Nomozov, Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar: G‘iyos Boytoyev, Mavluda Asalxo‘jayeva, Ilhom Farmonov, Rayhon G‘aniyeva, Alisher Fayz, Ziyoda Qobilova, xonandalar: Abdulla Qurbonov, Guli Asalxo‘jayeva, Shahzoda, Oybek va Nigora, Madina Mumtoz, Umidaxon, Vohidjon Isoqov, Bahriddin Zuhriddinov, Sherzodbek, Alijon Isoqov, Ulug‘bek Xoliqov, Xadicha Qurbonova, Dilafruz Hayitmetova, so‘z ustalari: Zokir Ochildiyev, Ortiq Sultonov, Valijon Shamshiyev hamda aktrisa Halima Ibragimova ishtirok etdilar.

San’at olami vakillari paxta dalasida tushilgan suratlarni ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy sahifalariga joylashtirganlaridan so‘ng suratlar tinimsiz muhokama qilindi. Kimdir ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlab, yig‘im-terim mavsumidan chetda qolmaganlarini alqasa, yana kimdir bu shunchaki ko‘zbo‘yamachilik uchun qilinganini yozadi.

Ayniqsa, ijodkorlarning tushlik dasturxoni qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Aslida dasturxonda palov, non, ichimliklar va salatdan boshqa narsa yo‘q edi. Shunday bo‘lsada boshqalarning fikricha, paxta dalalaridagi haqiqiy mehnatkashlar suvga non bo‘ktirib yemoqda...

Ajabo! Issiq o‘rnida o‘tirib, loaqal shu san’atkorlarchalik bo‘lmaganlar qayerga qarab fol ochyapti, hayronsan kishi.

Aktrisa Halima Ibragimova ijtimoiy tarmoqqa paxta dalasidan eng ko‘p surat joylaganlardan biri bo‘ldi. Tabiiyki, tanqidlarning eng ko‘pi ham unga yog‘ildi. Eng qizig‘i, qoralayotganlar begona emas!

Hasan va Husan so‘z ustalari uchligi a’zosi Azamat Halima Ibragimovaning ijtimoiy tarmoqlardagi suratlariga nisbatan o‘z fikrlarini bayon etarkan, san’atkorlar paxta terishga emas, fotosessiyaga borganini iddao qildi. Bu esa Halima Ibragimovaning videojavobiga sabab bo‘ldi. Ibragimova ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan videosida shunday deydi:

“...Bu video Hasan va Husan uchligidagi Azamatga javob. Postga san’atkorlar paxta tergani bordimi yo rasmga tushgani, deb yozib qo‘yibsan. Bu yerda hamma uyidagi bola-chaqasini tashlab, Madaniyat vazirligining gapini ikki qilmasdan, paxta tergani bordi. Kimdir yosh bolasini tashlab, kimdir kecha yo‘ldan kelib, bugun aksiyaga chiqdi. Bu majburiy emas, hamma ko‘ngillilar bordi. Uyda o‘tirib, rasm qo‘yib, “intriga” yasab, birovga kesatib gapirishing shart emas! Bu yerda hech kim maynavozchilik qilayotgani yo‘q, orqa-oldingga qarab gapirgin... O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar, O‘zbekiston xalq artistlari bukilib paxta terib, 150–200 kg paxta topshirayotganda sen “patsan”ga qoladigan gap yo‘q. Uyda o‘tirib olib, o‘sha maynavozchiligingni qilaver, instagramga post qo‘yib hammaning asabiga tegma! Bir marta dalaga chiqib ishlab kelgin, keyin ko‘ramiz nechta rasm qo‘yasan”.

Biz na Halima Ibragimovaning va na Hasan va Husan uchligidagi Azamatning tarafini olish fikridan yiroqmiz...
Umumiy fikrimiz shuki, paxta dalasida xalqimiz tinim bilmay mehnat qilyapti. Yurtning ertasi uchun jon kuydiryapti. Dehqonning hosilini bezarar terib olish, yurt iqtisodiga hissa qo‘shish uchun harakat qilyapti. Albatta, kamchilik, ba’zi bir og‘ir sharoitlar haqidagi fikrlarni butkul rad etmaymiz. To‘g‘ri, qaysidir hududlarda yotoq sharoiti yaxshi emasdir, qaysidir paxta dalasida dasturxonga har kuni palov tortilmayotgandir. Lekin bunda san’atkorlarning aybi yo‘q-ku. Har holda san’atkorlar bir chekkada tomoshabin bo‘lib turgani ham yo‘q. Muhimi shu! Paxta dalasiga borib, xalq bilan samimiy muloqotda bo‘lmoqda, beli bukilib paxta terish nimaligini his qilmoqda. Yo Rossiyadagi kartoshka yig‘im-terimiga Dima Bilan, Alla Pugacheva, Sergey Lazarev, Valeriya, Vera Brejneva qatnashganini, qo‘shiq kuylaganini eshitganmisiz?!

Hammasi qanday bo‘lgan edi...

Bundan bir necha kun avval, “O‘zbekkonsert” davlat muassasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov san’atkorlarni yig‘ib, paxta dalasiga borib, konsert berish, odamlar orasiga kirish, ular bilan suratga tushish taklifini bergan edi. Shunchaki konsert berish g‘oyasi bilan boshlagan aksiya O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova hamda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Mavluda Asalxo‘jayevalarning dalada ko‘rsatgan tashabbusi bilan haqiqiy yig‘im-terim aksiyasiga aylanib ketdi.

Ma’lum qilinishicha, birinchilardan bo‘lib Yulduz Usmonova va Mavluda Asalxo‘jayeva etaklarni olib, sahna tomonga emas, paxta dalasiga qarab yurishgan. Tabiiyki, yoshlar ular ortidan ergashgan.

Mavluda Asalxo‘jayeva, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist:

– Yoshligimizda ko‘p paxta terganmiz. Ancha unutib qo‘ygan ekanmiz. O‘sha kuni Yulduz etakni olib, “Yur, paxta teramiz!”, deganidan keyin birimiz u boshdan, birimiz bu boshdan yoshlarga “namuna” ko‘rsatdik. Hamma xirmonga o‘z hissasini qo‘shdi. Hatto ma’murlarimiz, haydovchilarimiz ham chetda tomoshabin bo‘lib turgani yo‘q! Paxtakorlar bilan suhbatlashdik, hazillar qildik. Videolarda ko‘rgan bo‘lsangiz, qo‘shiqlarni ham dalaning o‘rtasida aytdik. Odamlarga hayronman. O‘sha gapirayotganlarning o‘zi paxta dalasi yonidan indamay o‘tib ketadi. San’atkor o‘z hissasini qo‘shsa, darrov o‘zlarini ko‘z-ko‘z qilyapti, deyishadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda san’atkorlarning tushlik qilayotgani tasvirlangan suratlar tarqaldi. Unda tushlik paxta dalasida bo‘lgani aks etgan edi. Dasturxonadagi palov esa yana muhokamalarga sabab bo‘ldi. Agar san’atkorlar biror restoranda tushlik qilganida yoki o‘sha palovni hasharchilardan ayri holda yeganida — odamlar bunga ham gap topardi! Lekin suratda keyingi stolda paxtakorlar o‘tirgani, ularning dasturxoni ham san’atkorlarniki bilan bir xilligi aks etgan.

Bundan bir necha kun avval xorij matbuotining O‘zbekistondagi paxta yig‘im-terimi qoralangan maqolasiga javoban “Qulog‘imiz qachon tinch bo‘ladi? Paxtani termasakmi yoki ekmasak?” nomli maqolani chop etgan edik. Tushunishimizcha, paxta dalasiga qadam bosmay turib, o‘tirgan o‘rnida vaziyatga baho beradigan, faqat qoralashni maqsad qilganlar o‘zimizda ham yo‘q emas.

Ularga oldiga ham shu savolni qo‘yamiz: QULOG‘IMIZ QAChON TINCh BO‘LADI?

O‘zbekistonda paxta plani o‘tgan yillarga qaraganda ancha kamaygan. Paxta ekiladigan ekin maydonlari ham qisqartirildi. Yig‘im-terimga o‘quvchi va talabalar jalb qilinmayapti. Yotoq va oziq-ovqat sharoitlari avvalgidan yaxshilangan. San’atkorlar paxta dalalarida faqat konsert berish bilan cheklanayotgani yo‘q, xalq orasida kirib, paxtakorlar bilan birga mehnat qilyapti.

Xo‘sh, yana nima kam?

Mavzuni vaziyatga qarab davom ettiramiz...

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Halima Ibragimova g‘azabda! San’atkorlarning paxta terishi xo‘jako‘rsinga uyushtirilganmidi?