21:00 / 17.01.2018
14 507

Mirkamol Qoraboyev: "Ozodbek Nazarbekovning «Mendirman o‘sha» klipi meni elga tanitdi"

Миркамол Қорабоев: "Озодбек Назарбековнинг «Мендирман ўша» клипи мени элга танитди"
O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning muxlislarga taqdim etgan «Mendirman o‘sha» tarixiy klipi chin ma’noda katta loyiha bo‘ldi. Kattayu kichikning e’tiborini tortgan videorolikning bosh rol ijrochilaridan biri Mirkamol Qoraboyev bugungi suhbatdoshimiz. U bilan «Mendirman o‘sha» haqida gaplashamiz.

— Fikringizcha, nega aynan sizni bosh rolga taklif qilishdi?
— Bu rolni ijro etishim men uchun kutilmaganda bo‘ldi. Asli kasbim rejissyor. Bir kuni «O‘zbekfilm» studiyasining libos sexida ishlar bilan yursam, Sevara Zunnunovani uchratib qoldim. (Sevara Zunnunova «Mendirman o‘sha» klipida liboslar bo‘yicha rassom sifatida ishlagan). Gap orasida «Mirkamol, Ozodbek Nazarbekov yangi klip suratga olyapti, shunga suratlaringizni bersangiz» deb qoldi. So‘ngra rejissyorlar bilan ko‘rishib rasmga tushdim. Lekin klipga meni olishadi, unda Jaloliddin Manguberdining obrazni gavdalantirar ekanman, degan o‘y umuman bo‘lmagan. Xullas, oradan bir hafta o‘tib, rejissyorlar men bilan bog‘lanishdi. Ozodbek akani ofisiga bordim hammalari bilan ko‘rishib, gaplashganimizdan so‘ng klip haqida ma’lumotlarga ega bo‘ldim. O‘sha paytda quvonch va katta mas’uliyat xissini tuyganman. Rolga tayyorlanish jarayonida tarixiy kitoblarni ko‘p o‘qidim. Ozodbek akaning o‘zi ham buyuk siymo Jaloliddin Manguberdi haqidagi kitoblarni berdilar. O‘qib, o‘rganib, obraz ustida ishlay boshlagandim.

— Ish jarayonida qanday qiyinchiliklarga duch keldingiz?
— Klip qisqametrajli film kabi ishlangan, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Ssenariy, rejissura, kadrlarning professionalligi gaplarimga isbot, bo‘la oladi. Har birimiz ishimizdan shu qadar zavqlanib ishladikki, 15 kun davom etgan tasvirga olish ishlarida umuman charchoq nima ekanini bilmadim. Ammo shunday bo‘lsa ham otlar ishtirokidagi sahnalarda biroz qiynaldik. Tayyorgarlik jarayonidagi otlar o‘rgatilgan edi, tasvirga olish jarayonida esa uloqlardagi jaydari, chopog‘on baquvvat otlardan foydalanilgan. Ular anchayin qaysarlik qilgan bo‘lsa-da, amallab, kelishib-kelishib ishlashga muvaffaq bo‘ldik (kuladi).

— Jaloliddin Manguberdi roli sizning tashrif qog‘ozingizga aylandi, deyish mumkinmi?
— 2013 yil mashxur bokschi Muhammadqodir Abdullayevga bag‘ishlangan filmda boks ustasining rolini o‘ynaganman. Unda ham ozmi ko‘pmi olqishlar olgandim. Lekin qaysidir ma’noda Ozodbek Nazarbekovning klipidagi bu rol meni elga yanada tanitdi.

— Yana qaysi tarixiy shaxslarning rolini ijro etishni istardingiz?
— Agar Jaloliddin Manguberdiga bag‘ishlangan film suratga olinsa, unda buyuk janchining rolini ijro etishni juda istardim.

— Kimning bahosi siz uchun muxim?
— Ustozim, Shoira Hamidova, onam va akamning munosabatini kutdim. Ular rolimni ko‘rishgandan keyin qanday fikr bildirishar ekan deb shoshgandim.

— Xo‘sh...
— Yaqinlarim ijodimni kuzatib, quruq maqtovlar bilan ko‘kka ko‘tarishmaydi. Ular ko‘proq tanqidiy nazarda tahlil qilib berishadi. Bu menga juda ko‘p foyda bergan. Ammo bu gapim bilan rolim faqat tanqid qilindi, demoqchi emasman. Albatta, ijobiy fikrlarni ham ko‘p eshitdim.

— Keling, suhbatimiz so‘ngida oilangiz bilan tanishtirsangiz?
— Otam rahmatli Muxtorjon Qoraboyev xofiz edilar. Onam Rohatxon Qoraboyeva, akam Muzaffar Qoraboyev rejissyor, opam Dilfuza Qoraboyeva ham san’at sohasida ishlaydi. Bir so‘z bilan aytganda san’atkorlar oilasimiz.

FAKT:
  • Mirkomil Qoraboyev — 1992 yil Farg‘ona shahrida tug‘ilgan. O‘zbekisiton Davlat San’at va Madaniyat institutining estrada va ommaviy tomoshalar rejissyorligi fakultetini tamomlagan.
  • O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekovning «Mendirman o‘sha» klipi «9999» studiyasi rejissyorlari Xurshid va Nodir Sobirovlar tomonidan suratga olingan.
  • Qo‘shiq matni shoir Botir Ergashev qalamiga mansub.
  • Klipda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarida xizmat ko‘rsatgan artist Maxset Otemuratov ham asosiy rollardan birini ijro etgan...
Aliya SULAYMANOVA

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Mirkamol Qoraboyev: "Ozodbek Nazarbekovning «Mendirman o‘sha» klipi meni elga tanitdi"