19:32 / 22.01.2018
14 764

Neslixon Otagul: «Maqsadim – onamni rozi qilish»

Neslixon Otagul: «Maqsadim – onamni rozi qilish»
Bu aktrisa ayni kunlarda yurtdoshlarimiz tomonidan tomosha qilinayotgan seriallardan biri «Sevgi iztirobi» dagi Nihon rolini ijro etgan. Odatdagidek, «Sevib tomosha qilinayotgan» demaganimizning sababi esa kartinaga odamlarninng turlicha fikr bildirayotganidadir. Kimdir bu erkak va ayol o‘rtasidagi chin, cheksiz muhabbat qissasi desa, kimdir erli ayolning boshqa birovdan ko‘ngil uzolmay yurishini qoralayapti. Nima bo‘lganda ham Nihon obrazi mushtariylarni befarq qoldirmadi. Demak, shu obrazni yaratgan aktrisa Neslixon Otagul haqida gaplashamiz.

«Yoshligimdan aktrisa bo‘lishni istardim»

Neslixon 1992 yili 20 avgustda Stambulda tug‘ilgan. Otasi butun umr haydovchilik qilgan, onasi esa uy bekasi bo‘lib, o‘zini farzandlari tarbiyasiga bag‘ishlagan. Neslixonning o‘zidan yetti yosh katta Ilkay ismli akasi ham bor.

«Ota-onam kino olamidan yiroq odamlar bo‘lishsa-da, biz uchun istagan narsamizni maxliyo qilishar, orzularimiz ro‘yobga chiqishida qo‘llaridan kelgancha yordam berishardi», deb xotirlaydi aktrisa.

Qizaloq sakkiz yoshidayoq aktrisa bo‘lishga qaror qiladi va bu haqida otasiga aytadi. 13 yoshida esa onasi bilan turli kastinglar va moda agentliklariga bora boshlaydi. Ko‘zga yaqin qizaloq bu soha vakillarini e’tiborini tortadi, «Valenza Kids», «Tofita», «Süta» kabi taniqli brendlar reklamasidan qatnashishga taklif etishadi.

Maqsadi sari qat’iyat bilan harakat qilgan Otagulning harakatlari natija beradi – 2006 yili birinchi marta kinoda suratga tushadi. «Birinchi muhabbat» filmidagi debyut roli uchun u «Oltin pilla» kinofestivalida umidli yosh aktrisa sifatida mukofotlanadi. Teatr institutida mahoratini sayqallashni boshlaguniga qadar «Xazonrezgi» serialida ham ishtirok etishga ulguradi. Bu serialda u 14 yoshidan suratga tushishni boshlagan bo‘lsa, serial tuagaganida 18 yasharli bo‘yi yetgan qizga aylangandi. Neslixon butun mamlakatning ko‘z o‘ngida katta bo‘ldi, desak sira mubolag‘a bo‘lmaydi. Serial so‘ngida konservatoriyaga o‘qishga kirib, ham o‘qir, ham suratga tushardi.

Shampunlar qirolichasi

Darvoqe, go‘zal aktrisamizning reklama kontraktlaridan topgan daromadi kinoga beriladigan gonorarlardan kam emas. Mashhur shampun markasinining «yuzi» bo‘lgani uchun 284 ming AQSh dollari olgan bo‘lsa, sport kiyimining reklamasi uning daromadlarini taxminan 342 ming AQSh dollariga oshirdi.

Yulduzli juftlik

Bir yil avval esa aktrisa «Stambulning ikki yuzi» serialidagi partnyori Qodir Dog‘uliga turmushga chiqdi. Bu oddiygina ishdagi ishq edi: ular sevishganlarning rolini o‘ynab, kinodagi hissiyotlar hayotga ham o‘tganini sezmay qolishdi. So‘ng Bosfor qirg‘og‘ida 200 kishilik chiroyli to‘y qilishdi, yoshlar quvnoq raqslari bilan mehmonlarni zeriktirishmadi. Kelin to‘yda mashhur brendlardan ikkita kelin ko‘ylagini kiydi.

«Butun umr birga hayot kechirishni istaydigan insonni topganingda har kuning cheksiz bo‘lishini istarkansan» deb yozgandi Qodir Dog‘uli to‘y arafsida ijtimoiy tarmoqlarga.

2015 yili unashtirilib, bir yildan keyin to‘yi bo‘lgan kuyov bilan kelin shunchalik mashhur edilarki, to‘y suratini nikoh bazmi kechasining o‘zidayoq ikki million kishi tomosha qilgan.

To‘ydan so‘ng aksariyat aktrisalardan farqli o‘laroq Neslixon erining familiyasiga o‘tdi. Suyukli yorining uning muhabbatiga biror shubhasi bo‘lmasligi uchun esa labining ichki qismiga uning ismining bosh harfini tig‘ bilan o‘yib yozdirdi.

Neslixon Qodirni jondan ortiq sevishini yashirmaydi, Qodirning ham muhabbati chin ekaniga shubha yo‘q. Balki ularning taqdirlari o‘xshashligidandir, hammasi. Gap shundaki, Qodir kambag‘algina, ko‘p farzandli oilada dunyoga kelgan bo‘lib, yoshligidan ro‘zg‘orga qarashib voyaga yetdi. Suv tashish bormi, velosiped tuzatishmi – barini qilar, orzusi barmen bo‘lish edi. 17 yoshida esa poytaxtga ketib, orzusini amalga oshirdi – barmen va oshpazlikda o‘zini sinab ko‘rdi. Tuzukroq ish topishiga ko‘zi yetmay, endi shahriga qaytib ketmoqchi bo‘lganida bo‘yi baland, qaddi-qomati kelishgan yigitni modellik agentlaridan biriga taklif qilishdi va u shu sohada muvaffaqiyat qozona boshladi. U yog‘iga kino industriyasiga kiradi...

«Sevgi iztirobi» dan tashqaridagi iztiroblar

Bu serialdagi roli bilan shundoq ham mashhur-u ma’lum aktrisa yanada el og‘ziga tushdi. Kinoning ommalashishida «Muhtasham yuz yil» da Balibey va «Choliqushi» serialida Kamron rollari bilan tanilgan, Turkiyada mega-yulduz sanalmish Burak Ozchivitning bosh qahramonni ijro etishi sabab bo‘lgandi. Ammo aynan shu aktyor bilan Neslixonda muammolar tug‘ildi – u sherigi bilan chiqisha olmay qolgandi.

Boshida hammasi tuzukkina edi, oilaviy bordi-keldi qiligandek ham bo‘lishdi. Burak bilan Qodir «Istambulning kichik sirlari» serialida suratga tushishgach qadrdonlashib ham qolishgandi-da. Ammo Ozchivit bilan Atagul o‘rtasida muhabbat borligi haqida mish-mishlar tarqalganida (axir bir-biriga nisbatan hech narsa his qilmay turib, kadrda bunday kuchli muhabbatni ijro etish mumkinligiga hech kim ishonmasdi-da), bu kuyov to‘raga ma’qul kelmadi. Qodir rashk qila boshladi. Buning ustiga bir safar Neslixon bilan Burak ssenariy bo‘yicha bo‘sa olish sahnasini ijro etishayotganida Qodir tasodifan suratga tushish maydonchasiga kelib qoladi. Doguliga Ozchivit haddan tashqari ehtiros bilan harakat qilayotgandek tuyuladi-yu, o‘sha-o‘sha kelinposhshaga suratga olish maydonidan tashqarida Burak bilan uchrashishni taqiqlab qo‘yadi.

Bu butun suratga olish guruhining ishini murakkablashtirgandi. Bosh qahramonlarni juda zarur, boshqachasiga olib bo‘lmaydigan kadrlardagina birga suratga tushirishardi. Qolgan sahnalarni esa ularni alohida suratga tushirib, keyin montajda «yopishtirishardi».

Mana shu vaziyatlarni inobatga olib, Neslixon bilan Qodir to‘ylariga Ozchivitni taklif qilmadilar. Evaziga shu yil yozda aktrisa Fahriya Evjanga uylangan Burak ham ularni to‘yga chaqirmadi. Ana sizga haqiqiy sharqona munosabatlar!

To‘rt devor orasida...
Neslixon ishsiz o‘tirmaydi, shu bois uyda bo‘ladigan kunlari ham ko‘p bo‘lmaydi.

«Ko‘pincha Qodir bilan dam olish kunlarimiz bir kunga to‘g‘ri kelmaydi. Shu bois uyda bo‘lib qolgan vaqtimizni birga o‘tkazishni istaymiz. Ammo muammo shundaki, men klaustrofobiyaga chalinganman – to‘rt devor orasida uzoq qolsam, vahimaga tushaveraman. Istasak-istamasak, biror yerga aylangani chiqishimizga to‘g‘ri keladi. Qayerga borishimizning ahamiyati yo‘q, muhimi savdo markazlariga bormasak bo‘ldi. Negaki, do‘konlarda o‘zimni to‘xtatolmayman, magazin peshtaxtalarini bo‘shatmagunimcha tinchimayman. Kiyimdan tashqari qora ko‘zoynakka ham o‘chman, ko‘rganimni olaman».

Aslida, Neslixon oddiygina kiyinadi, shunchaki, kiyim-kechaklardan ko‘ra ko‘zoynaklarni ko‘proq almashtiradi, xolos.

Aktrisa oshxonada biror yegulik pishirishni yoqtiradi – muhimi kartoshka bilan go‘sht bo‘lsa, bas. Buvisining kartoshkali taomlarini yeb katta bo‘lgan qiz-da. Shu ikki masaliqqa uning ishqi o‘zgacha bo‘lgani bois, ortiqcha kaloriyalarni eritish uchun yoga, suzish yoki pilates bilan shug‘ullanadi.

«Hayot qisqa, – deydi u, – shu bois o‘zimni hayotning lazzatlaridan mosuvo etgim kelmaydi. Och o‘tirgandan ko‘ra, sal ko‘prok mashq qilish mumkin».

Bo‘sh vaqtlarida aktrisa kitob o‘qishni, filmlar tomosha qilishni va rasm chizishni yoqtiradi.

Neslixonning hayotdagi maqsadi – onasining u bilan g‘ururlanishini ko‘rish. Aktrisaning aytishicha, onasining niyatlarini amalga oshirish uchun barcha vazifalarni imkon qadar yaxshi bajarishga harakat qilgan. «Ishlarimni uddalaganim chog‘larim o‘zimni baxtli his qilaman. Men qadamma-qadam o‘z maqsadlarim sari intildim va nihoyat yuqori marralarni egalladim», deydi aktrisa.

Qisqa suhbat

– Yoshligingizning ekranda o‘tgani sizga qanday ta’sir etgan?
– Bundan qiynalmaganman. 13 yoshimdayoq o‘zimga so‘z berganman: «Hamisha o‘zligingni saqlab qolasan!» deb. Shunga amal qilganman. Men uchun yaxshi odam bo‘lishim juda muhim.

– Moda haqida gapirganingizda qimmatbaho kiyimlar kiymasligingizni va so‘nggi rusumdagi telefonlar apparatlaridan foydalanmasligingizni aytgandingiz. Nima uchun?
– Iste’mol qilish hayotimiz asosiga aylangan. Iste’mol hamma narsani – munosabatlar, taraqqiyot, hayotning o‘zini egallagan. Biz bu hayotda nima muhim va qadrli ekanini bilmaymiz, shuning uchun oddiy narsalardan lazzatlanishni unutganmiz.

– Ammo qo‘lingizda smartfonning oxirgi nusxasi turibdiku?
– Nima ham qilardim. Men ham jamiyat qoidalariga rioya qilib yashayman. Ammo modaning ortidan rostdan ham quvmayman. Nazarimda, odamlarning o‘z didi qolmagandek yoki boshqalarga o‘xshamaslikdan qo‘rqishadi.

– «Sevgi iztirobi» dagi qahramoningizdek hissiyotlarga beriluvchanmisiz?
- Ha, juda ehtirosliman. Men ham to‘lib-toshib yashayman.

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Neslixon Otagul: «Maqsadim – onamni rozi qilish»