09:02 / 19.02.2018
9 341

“Kseroks”: “Tanqidda ham tarbiya bo‘lishi kerak”

“Kseroks”: “Tanqidda ham tarbiya bo‘lishi kerak”
Turli ko‘rsatuv va filmlardagi sahnalarga taqlid asosida o‘z ijod mahsullarini taqdim etayotgan ko‘rsatuv ijodkorlari asosan yoshlardan iborat. Shu sababmi, “Kseroks”ning har bir soni quvnoqligi va hazillarga boyligi bilan tomoshabin e’tiborini tortmay qo‘ymaydi.

Jamoa haqida:
Ulug‘bek Holiqjonov — 1989 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining estrada aktyorligi fakultetini tugatgan. O‘zbek milliy akademik teatrida ishlaydi.
Ulug‘bek Xolmedov — 1991 yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. Respublika estrada va sirk kollejini tamomlagan. “ZO‘R TV” telekanalida rejissyor sifatida ish olib boradi.
Sevara Mansurova — 1995 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining estrada aktyorligi fakulteti 3-bosqich talabasi.
Mohirbek Fayzullayev — 1996 yili tug‘ilgan. Respublika estrada va sirk kollejini tamomlagan.

— “Kseroks” ijodiy jamoasining shakllanishi qanday tarzda kechgan? Umuman olganda, mana shunday jamoani yig‘ish g‘oyasi kimdan chiqqan?

Ulug‘bek XOLMEDOV:

— Ko‘rsatuvimizning dunyoga kelishiga “Real xit” ko‘rsatuvi sabab bo‘lgan. O‘zim estrada sirk kollejini bitirgandan keyin ancha muddat u yerda o‘qituvchi bo‘lib ishlaganman. “Real xit” boshlovchisi Jahongir Xo‘jayev ham o‘quvchilarimdan. Yozda bu ko‘rsatuv endi-endi tanilib, ko‘zga ko‘rinib qolgan payti edi. Hazil tariqasida shu ko‘rsatuvni parodiya qilib, telefonga tasvirga oldik va Jahongirning o‘ziga yubordik.

U tasvirni ijtimoiy tarmoqqa joylaganida bu video juda ko‘p bora tomosha qilinibdi. Shundan keyin bizdan yana shu kabi video tayyorlab berishimizni so‘radi. Bu taklif asosida yana sahna ko‘rinishlarini tasvirga oldik. Shu tariqa ko‘rsatuvning yangi sonlari dunyoga keldi. Ularni telekanalda tasdiqlashgach, faoliyatimizni TVda rasman davom ettirdik.

— Ko‘rsatuvning ssenariy va g‘oyalari muallifi kim?

Sevara MANSUROVA:

— Ssenariylarni asosan Ulug‘bek Xolmedov yozadi. Jamoada bu inson ham rejissyor, ham ssenariynavis, ham aktyor, ham birinchi tanqidchimiz hisoblanadi.

Ulug‘bek XOLMEDOV:
— Hazil yozish — bu qo‘shiq yozishdek ish emas. Chunki u xuddi shu avj, xuddi shu qochirim, xuddi shu daqiqada to‘xtatilmaydi. Lekin ssenariyni bir o‘zim yozaman, demayman. Ssenariy ko‘rinishida olib kelgan asarimiz sahnaga qo‘yilayotgan paytidan boshlab har bir aktyorning improvizatsiyasi asosida mukammal asar ko‘rinishiga keladi. Qiziqchi sahnaga qadam qo‘ygandan boshlab hazil qilishni uddalay bilishi kerak. Jamoadagilar ham ssenariyni o‘z topqirliklari bilan boyitib berishadi.

— Ko‘rsatuv haqida birinchi bo‘lib kimning fikrini eshitasizlar? Birinchi tanqidchingiz kim?

Ulug‘bek XOLMEDOV:

— Ko‘rsatuvimizni avvalo badiiy rahbarimiz, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Mirzabek Xolmedov ko‘rib, o‘z fikrini bildiradilar. Qolaversa, ko‘rsatuv s’yomka qilinganidan keyin redaktorlarimiz, ustozimiz Aziz Umrzoqov ko‘radilar va to‘g‘ri yo‘nalish beradilar.

Ko‘pchilik “Tanqid — kelajak mevasi” deydi. Lekin bu to‘g‘rida mening o‘z fikrim bor, men uchun tarbiya — kelajak mevasi. Chunki bugun bo‘lar-bo‘lmas behuda tanqidlar juda ko‘p. Bu tanqidlarni ko‘proq internet tarmog‘ida o‘tiradigan bekorchilar bildirishadi. Tanqidni shu sohada bizdan ko‘proq ko‘ylak yirtgan ustozlarimiz, sahnaning “changini yutgan” san’atga daxldor insonlar bildirishsa, buni to‘g‘ri qabul qilamiz. Lekin hamma tanqidlarga ham e’tibor beravermaymiz.

— Sevara, sizga jamoada faqat o‘g‘il bolalar bilan ishlash qiyin emasmi?

Sevara MANSUROVA:

— Men bolaligimdan o‘g‘il bolalar bilan o‘ynashni yaxshi ko‘rardim. Chunki o‘g‘il bolalarda qizlarga o‘xshab bir-birini g‘iybat qilish, hasad degan narsa yo‘q. Xato qilsam, o‘zimga to‘g‘risini aytishadi. Bundan xafa bo‘lmayman, aksincha, o‘sha xatoni to‘g‘rilab, kelgusida uni takrorlamaslikka harakat qilaman. Ko‘rsatuvga taklif qilishganida ham jamoada o‘g‘il bolalar ishlashini eshitib, bajonu dil rozi bo‘lganman. Shu kungacha aka-singildek bo‘lib ketdik va bir-birimizni yaxshi tushunamiz.

— Ko‘rsatuvga bildirilayotgan fikrlar orasida tanqidlar ham bormi?

Ulug‘bek HOLIQJONOV:

— Besh qo‘l barobar emas, ba’zan, to‘g‘risi, maqtovlardan tanqidlar ko‘proq bo‘ldi. Shunda “Nega shuncha mehnat qilsak ham, bizni tanqid qilaverisharkin?” deb xafa ham bo‘ldik. Keyin hammaga birdek yoqishning iloji yo‘qligini tushundik. Ko‘rsatuv efirga keta boshlaganiga yarim yil bo‘ldi, vaqt o‘tgan sari inson sekin-sekin tanqidga ham, maqtovga ham o‘rganarkan va oddiy qaraydigan bo‘larkan. Maqtashsa, “Mana, mehnatimizni bilishdi-yu!” deb, ichimizdan xursand bo‘lamiz.

Sevara MANSUROVA:
— Ko‘rsatuvga kelishdan oldin kinoda ham rollar o‘ynaganman. “Kseroks”da chiqa boshlaganimda, “Cenga dramatik rollar ko‘proq yarashadi, komediya yarashmabdi. O‘ylab ko‘rgin, balki boshqa bu loyihada chiqmassan”, deganlar bo‘lgan. Ammo ko‘rsatuv haqida ijobiy fikr bildirayotganlar ham ko‘p, ayniqsa, do‘konlarga kirganimda, yoshi katta ayollar meni tanib savolga tutishadi. Shu holatlarni o‘ylab, menga bildirilgan tanqid xolis fikr emasligini, o‘rtada ozgina raqobat ham borligini tushunganman.

Aslida aktyor rol tanlashi kerak emas. Men o‘zimga berilgan rollarning hammasini tanlamay o‘ynab berganman.

Ulug‘bek XOLMEDOV:

— Bugungi kunda “instagram” tarmog‘ida muxlislarimiz soni o‘n mingtaga yetdi. Nafaqat yurtimizdagi, balki xorijda istiqomat qilayotgan, o‘qib, ishlab nasibasini terib yurgan hamyurtlarimiz ham ko‘rsatuvlarimizning navbatdagi soni qachon bo‘lishini so‘rashadi, kutishadi. Aslida kuttirish odamni xijolat qilishi kerak, ammo men ko‘rsatuvimizni kutishayotganidan xursand bo‘laman.

— Har bir xatti-harakatingiz, aktyor sifatidagi jihatlaringizni otangiz Mirzabek Xolmedovga o‘xshatayotganlar ko‘p. Bu haqda o‘zingiz nima deysiz?

Ulug‘bek XOLMEDOV:

— Chindan ham avval “Mirzaning o‘g‘li” deyishardi, hozir “Mirzaning kseroksi” deyishyapti (kulib). Faqat men emas, qolgan ustoz san’atkorlarning bolalarida ham gapirishida, ohangida, nolasida otalarini ko‘rishadi. Otamga o‘xshashim — tabiiy hol, Ulug‘bek Xolmedov bo‘lishim uchun esa hali juda katta ishlar qilishim kerak. Chunki tomoshabin sizni emas, sizdan oldin chiqqan insonni yaxshiroq taniydi. Ustazoda san’atkorlar uchun qiyin tomoni ham shu. Bu bilan qolgan san’atkorlarga oson, demoqchi emasman, ammo ular mehnati bilan yuzaga chiqqan bo‘lsa, biz o‘z nomimizni tanitish uchun ulardan o‘n baravar ko‘proq mehnat qilishimizga to‘g‘ri keladi.

Otam san’atkor bo‘lishimga qarshi bo‘lganlar. San’at institutiga o‘qishga kirmoqchi bo‘lganimda ham oxirgi daqiqagacha “yo‘q” deb turishgan, oxiri rozi bo‘lib, imtihonga ketayotganimda, “Ehtiyot bo‘lgin, Mirzaning o‘g‘lidan ko‘p narsa kutishadi, zaxirangda qo‘shimcha materialing bo‘lsin”, degandilar. Ikki yil hujjat topshirib, rejissyorlik sohasi bo‘yicha o‘qishga kirish menga nasib qilmadi. Ammo men uchun institut otamning yonidagi jonli tajriba bo‘ldi. Birini tarbiyachim, ustozim, tanqidchim ham o‘zlari bo‘ladilar, hozirgacha maslahatlarini ayamaydilar.

— Qiziqchilikda ham me’yor bo‘lgani yaxshi, ammo bugun ozgina shu me’yordan chiqish kuzatilyapti, bunga munosabatingiz qanday?

Ulug‘bek XOLMEDOV:
— Biz tomoshabin ko‘rayotgan ko‘rsatuvlarning kamchiliklarini, ko‘zga ko‘rinadigan jihatlarini yoki xalqimiz sevgan ko‘rsatuvlarning ular ko‘ra bilmagan nuqtasini parodiya bilan olib chiqishga harakat qilamiz. Biz sahnada o‘ynayotgan shaxs hayotda bor odam. Demak, tanqid qiladigan odam “Shu obrazni olib chiqishga ijodkorni nima majbur qildi?” deb kengroq mulohaza yuritsa, u “bachkana” deyishdan uzoqlashadi. Bu sohani tushunmagan insonning birgina so‘z bilan oylab qilgan mehnatingizni yo‘qqa chiqarishi, hafsalasi pir bo‘lganini ko‘rishning o‘zi ko‘ngilni sindirib qo‘yadi. Tanqidda ham tarbiya bo‘lishi kerak. O‘rinli tanqid chiroyli tushuntirilsa, xatolarni tuzatishda katta ahamiyatga ega.
Muhabbat ShARIFOVA suhbatlashdi.

Manba: tasvir.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » “Kseroks”: “Tanqidda ham tarbiya bo‘lishi kerak”