22:25 / 19.02.2018
14 830

«ZO`R-TV» bosh muharriri «Sevgi iztirobi» seriali namoyish qilinishidan ko‘zlangan maqsadni aytdi

«ZO`R-TV» bosh muharriri «Sevgi iztirobi» seriali namoyish qilinishidan ko‘zlangan maqsadni aytdi
O‘zAda jurnalist Vohid Luqmonning «Mamlakat chegaralari millat ma’naviyatidan boshlanadi» nomli maqolasi e’lon qilindi.

Maqolada yurtimiz telekanallarida namoyish etilayotgan, «ZO`R-TV» telekanali orqali efirga uzatilgan «Sevgi iztibori» seriali haqida tomoshabinlar hamda ziyolilarning fikrlari berilgan. Quyida ularning ayrimlarini e’tiboringizga havola etamiz.

Jabbor Eshonqul, adabiyotshunos:
— Global jamiyatda olomon madaniyatini targ‘ib qilishning eng maqbul yo‘li san’at bo‘lib qolmoqda. Soxta «san’at»ga bugun mayl ko‘rsatsak, ertaga mahliyo bo‘la boshlaymiz, keyin esa uning asiriga aylanamiz.

Biz qancha kitobxonlik haqida, ulug‘ ajdodlarimizning ilmiy, adabiy merosi haqida gapirmaylik, millionlab tomoshabinlarga ochiqdan ochiq fahshni, xiyonatni, zulm va zo‘ravonlikni targ‘ib etish imkoniyatlari mavjud ekan, bizning sa’y-harakatlarimiz hech qanday samara bermaydi.

Mamlakat chegaralari qanday muhofazaga muhtoj bo‘lsa, millatning estetik didi, saviyasi, ma’naviyat hududlari ham xuddi shunday muhofazaga muhtojdir. Yana ham aniqroq aytadigan bo‘lsak, mamlakat chegaralari millatning ongu tafakkuri, ma’naviyatidan boshlanadi. Chegarani buzganlarga qanday qonuniy jazo ko‘rilsa, millatning didi, saviyasi, ma’naviyatiga talofat yetkazuvchilarga undan og‘irroq jazo belgilanishi shart.

Ulug‘bek Hamdam, yozuvchi:
— O‘tgan asrning 90-yillaridan keyin teleseriallar dunyo bo‘ylab urf bo‘la boshladi. Eslayman, mening o‘zim ham bir necha Meksika seriallarini ketini uzmay ko‘rgandim. Lekin ulg‘aya borib, bunday seriallarning insonga foydasidan ko‘ra ko‘proq zarari borligini fahmlay boshladim.Bu narsa nimalarda ko‘rindi? Nazarimda, avvalo, seriallardagi voqealarning chuchmalligi va haddan tashqari cho‘zilib ketganligi oqibatida ulardan olinadigan badiiy-estetik zavqqa putur yetganida.

Keyinroq seriallar haqida bir qancha jahon rejissyorlarining fikrlarini o‘qib qoldim: ularning e’tirof etishicha, seriallar teletomoshabinni band qilish uchun ishlab chiqilar ekan. Tovar sifatida. O‘ylay-o‘ylay, axiyri, shunday xulosalarga kela boshladim: to‘g‘ri-da, jahon miqyosida olganda ham yashash sharoiti tobora yaxshilanib, odam degani ko‘payib boryapti. Aslida, yashash sharoitining yaxshilanishi, meditsina xizmatining yo‘lga qo‘yilishi natijasida o‘rtacha umr ko‘rish darajasi o‘sdi, o‘lim kamaydi, tug‘ilish esa ortdi. Hozirda yer sharida qariyb 7.5 milliard aholi istiqomat qilmoqda. Boshqa tomondan urbanizatsiya darajasi ko‘tarilib boryapti. Aholining katta bir qismi esa nafaqada - uyda, yana bir qismi ishsiz - uyda, yana bir qismi smenadan kelgan – uyda, yana bir qismi kasal - uyda, yana bir qismi esa bolalar - uyda... Tap-tayyor auditoriya degani bu! Demak, uydagi odamlarning bo‘sh vaqtlari bor, ularni nima bilandir band qilish kerak. Natijada kimlarningdir g‘oyalari bilan ssenaristu rejissyorlar yeng shimarib ishga kirishib ketadi: 100, 200, 300, 400 va hatto 500 qismli seriallar ishlab chiqarilib, iste’molga taqdim qilinadi. Bu yoqda och tomoshabinlar armiyasi ham ularni yamlamay yutadi. Yutmasa bo‘lmaydimi? Yo‘q! Sababi - tomoshabinning hayot tarzi, saviyasi shu seriallarni qabul qiladigan darajada. Bu haqda ham o‘ylangan.


Bu bilan men hamma seriallar birdek sifatsiz demoqchi emasman. Aslo! Yaxshilari bor. Hamisha yaxshi seriallar ishlasa bo‘ladi. Faqat buning uchun shu ishga bosh-qosh bo‘layotganlarning professionallik saviyalaridan tashqari, odamlar hayotini yaxshi bilishi, katta bilimga ega bo‘lishi va albatta, u ezgu niyatli bo‘lishi kerak. Bunday seriallar tomoshabinni avvalgi holidan ozgina bo‘lsin yaxshiroq bo‘lishga undashi, yoshlarni esa chinakam inson o‘laroq shakllanishida ko‘maklashishi lozim.

Maqsud Jonixonov, jurnalist:
— Xorij, ayniqsa, zamonaviy turk seriallaridagi tasvirlarni ko‘rib, odam uyalib ketadi ba’zan. Masalan, «Sevgi iztirobi»ning bir-ikki qismini kuzatib, hayratda qoldim. Qiz aka-ukasi, ota-ona davrasida bemalol ochiq-sochiq o‘tiradi. Hayotidagi muammolarini ikir-chikirigacha aytadi.

Oilaga xiyonat - bu serialning asosiy mavzusi. Film qahramoni eri bo‘la turib, bemalol uning ko‘z oldida boshqa bilan xilvatlarda yurishi, ko‘ngliga siqqanini amalga oshirishi, bir ishning tayini yo‘q, ammo hashamat ichida yashashi bizning yoshlarimizga qanday ta’sir qilayapti ekan? Shundan bo‘lsa kerak, bugun maktab, kollej, litsey o‘quvchilari o‘rtasida qiz talashishlar ortidan pichoqlashishlar kelib chiqmoqda, bir kishini guruh-guruh bo‘lib do‘pposlash avj olayapti.
Ekranga olib chiqilayotgan har bitta tasvirda tarbiya va ibrat bo‘lmas ekan, u buzg‘unchilikka xizmat qilaveradi.

Mana shu seriallarning o‘rniga bir paytlar o‘zimizda ishlangan «Girdob», «Ichkuyov», «Abadiyat qonuni» kabi mashhur videofilmlarni bersa bo‘lmasmikan, deb o‘ylab qolaman.

Muhayyo Yo‘ldosheva, filolog:

— Seriallar muntazam, bir necha oy davomida bir vaqtda qo‘yib borilgani uchun insonni boshqara olish, o‘ziga ergashtirish, dunyoqarashni o‘zgartirish imkoniga ega. Har bir serial televideniye xodimlari tomonidan juda ehtiyot bo‘lib, ming chig‘iriqdan o‘tkazilib tanlanishi shart!

Afsuski, yaqin o‘n yildan beri bu oltin qoida unutildi. Telekanallarimizni Lotin Amerikasi, Janubiy Koreya, Hindiston, Pokiston, Turkiya seriallari egallab oldi.

Men turk seriallariga to‘xtalmoqchiman. Nega? Chunki bu millat bizga ham tili, ham dini jihatdan yaqin - qardosh hisoblanadi. Biz Braziliya yoki Meksika seriallaridagi udumlarga ergashmaymiz. Ammo ildizimiz bir bo‘lgan turklar ishlagan seriallar haqida bunday yengil gapira olmayman. «Zerda», «Kelin», «Ishkomli uy», «Xinoli qor», «Osiyo», «Istanbullik kelin», «Sevgi iztirobi»... Bu ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Afsuski, mana shu seriallar sevgi deb ota-onasi yuziga oyoq bosadigan qizlar avlodini, bu yo‘lda oridan-da kechadigan yigitlar safini shakllantirib bo‘ldi. Seriallar nimaga o‘rgatyapti – sevdingmi, sevging uchun har qanday usul bilan bo‘lmasin kurash, bu mumkin, bu uyat, nomus, zino emas, demoqda!

Abdulhay Otaxo‘jayev, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining «Kinoteatr» telekanali bosh muharriri:
— So‘nggi yillarda ishlanayotgan turk seriallari turkiyalik tomoshabinlarning o‘zlarini ham qoniqtirmayapti. Kino – ijod mahsuli. Unda bo‘rttirib, oshirib ko‘rsatish holatlari bo‘lishi tabiiy. Turkiya Yevropaga yaqin davlat. Tabiiyki, bu seriallarda ham seziladi. Ammo Turkiyada yashayotgan odamlarning hayoti kinodagidek emas.

Inson kino ko‘rganida o‘sha mamlakat haqida unda tasavvur paydo bo‘ladi. Rang-barang seriallarni namoyish etish yaxshi albatta. Chunki ularni ko‘rib, yashash tarzimizda, madaniyatimiz, ma’naviyatimizda farq borligini his qilamiz.

Ayni kunlarda bizning kanalimiz orqali «Jasur va Go‘zal» serialini namoyish qilish boshlandi. Iloji boricha ixchamlashtirib, yoshlar tarbiyasiga salbiy ta’sir qilmaydigan jihatlarini berishga harakat qilyapmiz. Ammo ba’zida xususiy kanallarga otilayotgan tosh bizlarga ham kelib tegayotgani odamni ranjitadi.

Navro‘za Biynazova, «ZO`R-TV» telekanali bosh muharriri:

— Ayni kunlarda bizning telekanalimiz orqali «Sevgi iztirobi» nomli turk seriali namoyish etilmoqda. Ushbu serial syujeti juda ham qiziq bo‘lganligi bois tomoshabinlar mehrini qozondi. Serial bizgacha Rossiya, Qozog‘iston singari mamlakatlarda namoyish etilgan, to‘liq varianti internet tarmog‘iga ham joylashtirilgan.

Bu filmni «Romeo va Juletta»ga o‘xshash tomonlari bor. Ya’ni, ikki yoshning sevgisini deb, ikkita oiladagi insonlar taqdiri vayron bo‘ladi. To‘g‘ri, sevgi yoqimli tuyg‘u, har bir inson sevgan kishisiga yetishishni istaydi. Bu serialni namoyish etishdan maqsadimiz, muxlislarga hayotda sevgidan ham kuchli tuyg‘ular, qadriyatlar borligini anglatishdan iborat.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » «ZO`R-TV» bosh muharriri «Sevgi iztirobi» seriali namoyish qilinishidan ko‘zlangan maqsadni aytdi