13:50 / 20.02.2018
4 839

Nima uchun oddiy xalq belgilangan narxda kassadan chipta sotib ololmaydi?

Nima uchun oddiy xalq belgilangan narxda kassadan chipta sotib ololmaydi?
45 000 so‘m (belgilangan narx) — 100 000 so‘m (qo‘lda), 50 000 so‘m (belgilangan narx)— 120 ming so‘m (qo‘lda).

San’atkor va xalq orasida foyda ko‘rayotganlar kim?

Bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarning barchasida madaniy hordiq chiqaradigan konsert, teatr, sirk tomoshalariga onlayn — shaffof tarzda chipta sotish yo‘lga qo‘yilgan. Nahotki, shu usulni yurtimizda qo‘llab bo‘lmaydi?!

Yurtimizda san’atkorlarga keng yo‘l ochib berildiki, deyarli har kuni yangi kuy-qo‘shiqlar oynai jahon orqali yangramoqda. Oldinlari faqat bahor va kuz mavsumida tomoshabin bilan to‘ladigan “Istiqolol” san’at saroyi, endi barcha mavsumlarda qo‘shiq shinavandalarini o‘ziga chorlamoqda. Ayniqsa, bayramlar arafasida konsertlar bir-biriga ulanib ketmoqda. Biroq negadir konsert dasturlari ko‘paygani sari madaniy hordiq olish ilinjida kelganlar chipta sotish kassalaridan chipta topolmay sarson bo‘lib qolishyapti. Ayniqsa, mamlakatimizning chekka hududlaridan poytaxtga ish yuzasidan kelib, konsertga tushish istagida bo‘lgan yurtdoshlarimiz san’at saroyining kassasidan chipta topa olmasdan, “qo‘l”dan qimmat narxlarda sotib olishayotgani ularga bir qadar noqulaylik tug‘diryapti. Xo‘sh, nima uchun chiptalar chipta sotish shoxobchalaridan “qo‘l”ga chiqib ketyapti?

Biz buning sababini bilish uchun vaziyatni o‘rgandik. Ma’lumki, 3-5 mart kunlari gala-konsert tashkillashtirilgan. Chiptalar sotuvga chiqqan bo‘lsa ham ko‘p o‘tmay saroy kassalari “chipta yo‘q” degan javobni bera boshladi. 17 fevral kuni san’at saroyining chipta sotish shoxobchasiga borib, konsertga hali 15 kun muddat borligiga qaramay chipta topa olmay sarson yurgan yurtdoshlarimizni uchratdik. Aslida esa “qo‘l”dan konsertga chipta topish mumkin. Ammo...

Bu chiptalar belgilangan narxdan bir, bir yarim baravar qimmat. Masalan, 16 qatorning chekka joylari 100 ming so‘m. Aslida chipta narxi 45 ming so‘m deb yozilgan. 25 qatorning o‘rtaroq joylari 120 ming so‘m. Chipta narxi esa asli 50 ming so‘m. Kassalarda yo‘q chiptalar qanday qilib ularning qo‘lida to‘planib qolgani esa qorong‘i. Noqonuniy sotuvchilar esa bu chiptani qayerdan olganliklari haqida “tanishimning sovg‘asi, bizga ham ofisdan berishadi, tanishlar berib ketishadi”, kabi mujmal javoblardan boshqa gap aytishmadi. Chipta sotish shaxobchasidagilar esa “biz faqat chipta sotamiz, boshqasini bilmaymiz”, deya javob berishdi.

San’at saroyi chipta sotish shoxobchalari yonidagi tartibni saqlaydigan ichki ishlar xodimlari esa bunday holat doim bo‘lishini ta’kidlashadi. Ularning aytishlaricha, noqonuniy chipta sotuvchilar doim shu yerda o‘ralashgani uchun, ularni kassaga tushirishmas ekan. Biroq ularning qo‘lida doim chiptalar bo‘ladi. Ularni qanday qo‘lga kiritishlarini esa bilishmaydi.

Chipta sotish shoxobchasi atrofidagi uzun quloq gaplarga qaraganda aslida bu yerga “karobka” ya’ni o‘rta ryadlardagi joylarning chiptalari kelmas ekan. Ular qayerda, kimlarga sotilishi esa noma’lum. Qo‘lda chipta sotayotgan sotuvchilarning chiptalarini ko‘zdan kechirganimizda esa haqiqatdan ham ularning qo‘lidagi chiptalar faqat chekka joylarga bo‘lib chiqdi. Kassadan mart-aprel oyidagi konsertlarga chipta olayotganlar ham chekka joylardan chipta qolganini ta’kidlashdi. Biroq bu chiptalar qayerda, qay tartibda sotilishi yoki tarqatilishini aniqlay olmadik. Chekka hududlardan konsert tomosha qilaman deb kelgan dam oluvchilar esa gala-konsertga kassadan chipta topolmasdan bir-ikki baravar qimmatga sotib olishmoqda.

Xo‘sh, chiptalarning barchaga birday sotilishini qaysi tashkilot nazorat qiladi? Shu kabi savollar bilan “O‘zbekkonsert” davlat muassasiga yuzlandik.

— “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi konsert tomoshasini o‘tkazish uchun tashkilotchiga bir martalik ruxsatnoma beradi, — deb ma’lum qildi “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi matbuot bo‘limi. — Bunda eksport komissiyasi konsert dasturining ssenariysi ma’naviyatimizga, mentalitetimizga zid emasligini, xonandalarning litsenziyasi mavjud yoki mavjudmasligini ko‘rib chiqib, konsert o‘tkazishga ruxsatnoma beradi. Konsert tashkilotchisining faoliyati tarbirkorlik faoliyati hisoblangani uchun, chipta narxi qancha bo‘ladi, kassada qanchaga sotiladi, qayerda va kimga sotadi, buni uning o‘zi belgilaydi. Ularning moddiy foaliyatini nazorat qilish “O‘zbekkonsert” davlat muassasasining vazifasiga kirmaydi. Ular tadbirkor hisoblangani uchun chiptani sotmasdan konsert o‘tkazishi yoki pul o‘tqazish yo‘li bilan tashkilotlarga tarqatib yuborishi ham mumkin. Bu ularning istagi. Kassadan tashqarida chipta sotayotganlarga kelsak, ularni noqonuniy tarzda faoliyat yuritayotgani uchun boshqa tashkilotlar nazorat qiladi.

Xo‘sh, bunday holatda oddiy qo‘shiq shinavandalari qayerdan chipta sotib olishlari kerak? Agar san’atkor o‘zining konsert chiptalarining narxini o‘zi belgilasa, nima uchun xalq belgilangan narxda kassadan chipta sotib olishi mumkin emas? Agar san’atkorni tadbirkor deydigan bo‘lsak, tadbirkor bilan xalq orasida foyda ko‘radiganlar kimga kerak? Nazarimizda, bu muammoning yechimini topish vaqti keldi. Chunki bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarning barchasida madaniy hordiq chiqaradigan konsert, teatr, sirk tomoshalariga onlayn — shaffof tarzda chipta sotish yo‘lga qo‘yilgan. Bunda san’atini sotuvchi va oluvchi o‘rtasida hech qanday foyda ko‘ruvchilar bo‘lmaydi.

Eslatib o‘tamiz bundan oldin saytimizda “Chiptalar narxini kim nazorat qiladi yoxud nega Yulduz Usmonovaning konsertiga oddiy muxlis kirolmaydi?” maqolasi "Istiqlol" san’at saroyi rahbariyati e’tiboriga havola etilgan edi. O‘ylaymizki, mazkur mulohazali maqolaga ham mutasaddilar befarq qarashmaydi. Mavzu yuzasidan bildirilgan fikr-mulohazalarga yana qaytamiz.
Go‘zaloy Matyoqubova

Manba: Uza.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Nima uchun oddiy xalq belgilangan narxda kassadan chipta sotib ololmaydi?