16:26 / 30.03.2018
5 272

Sevara Nazarxon: "Tabiatan hazilkashmasman, lekin Shukurullo Isroilovga konsert dasturi uchun hajviy chiqish yozib berganman"

Севара Назархон: "Табиатан ҳазилкашмасман, лекин Шукурулло Исроиловга концерт дастури учун ҳажвий чиқиш ёзиб берганман"
Bu ijodkorning qo‘shiqlari rang-barang, san’at va hayot haqidagi qarashlari ham naqshinkor. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sevara NAZARXON ayni paytda qizg‘in ijod og‘ushida bo‘lsa-da, ko‘p sonli muxlislari iltimosiga binoan xonanda bilan bog‘landik.

— Sevara opa, agar rassom bo‘lganingizda, hayotni qaysi ranglarda aks ettirardingiz?
— Afsuski, men rassom emasman. Surat chizish qobiliyati egasi bo‘lganimda, albatta, yorqin ranglardan foydalanardim. O‘zbekistonlik iste’dodli rassom Bobur Ismoilov kabi. Bu rassom suratlarida udumlar va kelajakka parvoz uyg‘unligini ko‘rasiz.

— O‘zbekistonga kelishingiz bilan odatda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalaringizga nonlarimiz, ko‘k somsa, sarxil mevalarimiz suratlarini joylaysiz. O‘zimizning ne’matlarni qattiq sog‘inasiz chog‘i. O‘zingiz qaysi milliy taomlarimizni alohida mehr va mahorat bilan tayyorlaysiz?

— Men o‘zimni pazanda deb bilmayman. Bu mavzuda so‘z ochilganida, keling, mening qanday pazanda ekanligimni bir chetga suraylik-da, o‘zimizning taomlar haqida suhbatlashaylik. Nazarimda, dunyodagi eng shirin taomlar bizda tayyorlanadi! Yurtdan olisdaligimda doim ko‘nglim milliy taomlarimizni tusaydi. Bugungi kunda ko‘plab davlatlarda o‘zbek taomlari tayyorlanadigan restoranlar bor. Masalan, Rossiyaning o‘zida minglab desam, adashmayman. Hatto, Londonda ham. Bu shaharda yaqinda ochilgan «Samarqand» restoraniga bemalol xorijlik do‘stlarimni taklif qilishim mumkin. Chunki taomlarini ta’riflashga til ojiz, qolaversa, u yerda yurtimiz madaniyatining bir parchasini ko‘rasiz. Bu kabi restoranlar elchixonamizdek go‘yo.

Ha aytgancha, Toshkentga har borganimda do‘stim Tohir Sodiqov o‘z qo‘llari bilan moshkichiri tayyorlab, mehmonga chaqirishni kanda qilmaydi.

— Bolaligingiz ta’mini nimalarda his qilasiz?
— Plombir muzqaymoqlari, «Love is…» saqichlari, qaynatilgan makkajo‘xori, paxtaqand, xurmo — mana, mening bolaligim mazasi!

— Rahmatli otangiz bilan bog‘liq yorqin xotiralaringizdan birini gapirib bera olasizmi?
— Ular bilan bog‘liq xotiralarim juda ko‘p, hozir qay birini tanlab aytishni bilmay qoldim, to‘g‘risi. Qo‘shiqlari, kuylashlari, chin ko‘ngildan mehr berib taom tayyorlashlari... Ortga nazar solib shunga amin bo‘layapmanki, dadam eng yaxshi ota bo‘lgan ekanlar.

— Sizning ijrongizdagi «Ko‘rgim kelar» taronasi «Osmondagi bolalar» filmi bilan bizga yod bo‘lgan. «Otajonimsiz» qo‘shig‘ingiz esa «Suv yoqalab» kartinasini juda chiroyli va mazmunli yakunlab bergan. O‘zbek filmlarini tomosha qilasizmi?
— Bilasizmi, meni nima xursand qiladi, kinoijodkorlarimizning hech qachon qo‘l qovushtirib o‘tirishmagani. Boshqa davlat kino olami vakillari qayta qurish davrida hech kim bizga haq to‘lamayapti, deya nolishganda ham, ijodkorlarimiz tekinga bo‘lsa-da ishlashdi, harakatdan to‘xtashmadi. Xo‘jakent, Chimkent, O‘sh, Bishkek, Almata kabi shaharlarda filmlarimiz yozilgan «DVD» disklar keng tarqalganining guvohi bo‘lganman. Men filmlarimizni yaxshi-yomon, deb muhokama qilolmayman. Xuddi taomlarimiz kabi ular bizning alohida e’tirof etiladigan boyligimiz, madaniyatimizni targ‘ib qiluvchi bir vosita sanaladi. Quvonchu tashvishlarimiz haqida o‘z tilimizda so‘zlaydi.

— Siz haqingizda film suratga olinsa, u qaysi janrda bo‘lardi?
— Albatta, komediya janrida.

— Marhum so‘z ustasi Hojiboy Tojiboyevning muxlisi bo‘lgansiz. Yumor hissi o‘zingizda qanchalik kuchli?
— Men hamon Hojiboy akaning dasturlaridan parchalarni tomosha qilaman. Bu inson sahnada qanchalik komik bo‘lsalar, hayotda shunchalik jiddiy edilar. Ijodimning ilk yillari men bilan xuddi katta odamlardek suhbatlashgandi. Hazillari ko‘nglimga juda yaqin. O‘zim tabiatan hazilkashmasman. Ammo bir paytlari qiziqchi Shukurullo Isroilovga konsert dasturi uchun hajviy chiqish yozib berganman. U to‘ylarda bu dastur bilan chiqishlar qilgan. Biroq menga bir so‘m ham bermagan, yettita somsa bilan aldab qo‘ya qolgan.

— Sevara Nazarxonni biz kuchli, intiluvchan, o‘zini turli yo‘nalishlarda sinab ko‘rishdan cho‘chimaydigan ijodkor sifatida bilamiz. Yig‘lab ham turasizmi?
— Yig‘lab ko‘nglimni bo‘shatishim uchun alohida xonam bor. U yerda o‘zbek filmlarini tomosha qilib ham yengil tortaman.

— Har bir insonning o‘ziga xos olami bo‘ladi. Sevara Nazarxonning olami...
— Men o‘zimni, hayotimni ma’lum bir qoliplarga solishni istamayman. Butun olamdan zavqlanib yashashni xohlayman. Xuddi gilamdagi naqshlar kabi hayotim rang-barang bo‘lsa, har kuni yangi bir naqshni kashf qilsam... Menimcha, izlanish va yangi sahifa ochish inson tabiatiga xos.

— O‘zimizning san’atkorlardan kimlarni kuzatasiz? Kim bilan duet kuylashni istaysiz?
— Bolaligimdan O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayevning muxlisiman. Ustoz hofiz bilan duet kuylaymanmi-yo‘qmi bilmadim, ammo men uning muxlisi bo‘lib qolaveraman. Boshqa xonandalarga baho berishim qiyin, ularning qay biri bilan duet kuylashimni oldindan aytolmayman.

Tohir Sodiqov, Ruslan Sharipov, Dj Piligrimning san’atini hurmat qilaman. Yoshlardan Shahriyorning ijodini kuzatib boraman. Fikrimcha, u o‘z ustida yanada ko‘proq ishlasa, yaxshi bo‘lardi.

— Tanqidlarga qanaqa munosabat bildirasiz?
— Ijodimni boshlagan kezlarim juda ko‘p tanqidlar bo‘lgan. Avvaliga ularni haddan ortiq jiddiy qabul qilganman. Ammo keyin angladimki, hadeb tanqidlarga quloq solsangiz, o‘z haqiqatingiz, yo‘nalishingizni yo‘qotib qo‘yarkansiz. Shuning uchun hozir tanqidiy fikrlarning hammasini ham inobatga olavermayman. Inson har doim o‘zi to‘g‘ri deb bilgan yo‘ldan borsa, sevgan ishi bilan mashg‘ul bo‘lsa, maqsadga erisha oladi.

— Ayol kishiga xos bo‘lishi kerak bo‘lgan uch asosiy xislat, sizningcha?
— Inson, ayolmi yo erkak kishimi, halol, mas’uliyatli va kamtar bo‘lishi kerak, deb hisoblayman. Har doim o‘z ustimizda ishlashimiz, mudom izlanishimiz shart. O‘rganishdan charchamasak, ishimizning ustasi bo‘la olamiz. Yaxshi ota-ona va vaqti kelganida yaxshi bobo-buvi bo‘lishga harakat qilish ham muhim.

— «Toch v toch» kabi loyihalarda ishtirokingiz bilan siz nafaqat betakror ovoz sohibasi ekanligingizni, keng qirrali iste’dodingizni ham namoyon qildingiz. Biz — muxlislaringizga noma’lum bo‘lgan yana qanday yashirin qobiliyatlaringiz bor?
— To‘qishni bilaman, rangli iplardan bilaguzuk kabi taqinchoqlar yasay olaman (makrame). Otda sayr qilishni yoqtiraman. Oz-moz bo‘lsa-da, dutor chalishni uddalayman.

— Qo‘shiqlaringiz muvaffaqiyatini so‘zlarining ohangdorligi va mazmunondorligi ham ta’minlagan. She’rlarni qanday tanlaysiz?
— Men muallifiga qarab she’r tanlamayman. Hammanikini birdek qabul qilaman. Masalan, «Tushim» taronasining she’rini metroda bir notanish yigit qo‘limga tutqazgandi. Qog‘ozga Kamron deya imzo chekilgan edi. Hamon she’rlarni qanday tanlashimni bilmayman. Shunchaki, birinchi o‘qiganimdayoq menga yoqsa, o‘sha zahotiyoq ohangi yaraladi. Agar yoqmasa, qancha o‘ylamay — baribir hech nima chiqara olmayman.

— Mutolaa davomida biror asar qahramonini sevib qolganmisiz? Qaysi badiiy qahramonga o‘xshashni istagansiz?
— Ko‘plab badiiy asarlarga mehrim tushgan, ularning qahramonlarini g‘oyibona yaxshi ko‘rib qolgan paytlarim ham bo‘lgan. Biror badiiy qahramonga o‘xshash fikriga borish davridan esa o‘tganman. Men hamisha o‘zim bo‘lib qolishni istayman.

— Bolalaringiz bilan qanday vaqt o‘tkazasiz? Farzand tarbiyasi borasida o‘zingizga xos uslubingiz bormi?
— Hamma ota-onalar singari bolalarim bilan vaqtni mazmunli o‘tkazishga harakat qilaman, birga o‘ynaymiz, kitob o‘qiymiz, kinoteatr, muzeylarga boramiz. Tarbiyada esa alohida qoidalarim bor, deya ayta olmayman. Muhimi, ishlarimiz ko‘pligi ularga vaqtida e’tibor qaratmasligimizga bahona bo‘lmasligi kerak.

— Farzandlaringizning sizga o‘xshash jihatlari haqida gapirib bering.
— Albatta, ular menga o‘xshaydi. Olmaning tagiga olma tushadi, deyishadi-ku. O‘g‘lim truba (karnaysimon musiqa asbobi) chalishni biladi. Qizalog‘im hali kichkina, unda hozircha faqat tashqi ko‘rinishdagi o‘xshashliklar ko‘zga tashlanadi.

— Sevara opa, «Netay» nomli taronangizda shunday so‘zlar bor: «Hamon faxrdaman bu hayot ichra, Seni hayotdan ham ko‘proq sevoldim...» Shu satrlarni o‘z hayotingiz misolida izohlab bera olasizmi?
— Menga qo‘yib bersangiz, buyuk muhabbat haqida kitob yozardim. Biroq ayni paytda qo‘limdan faqat kuylash keladi. Muxlislarim hozircha shunga rozi bo‘lib turishsin.
Shoira ShAGIAHMEDOVA suhbatlashdi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Sevara Nazarxon: "Tabiatan hazilkashmasman, lekin Shukurullo Isroilovga konsert dasturi uchun hajviy chiqish yozib berganman"