11:20 / 15.04.2018
5 881

Yulduz Usmonova: “Samimiyat va rostgo‘ylik doimiy hamrohim”

Yulduz Usmonova: “Samimiyat va rostgo‘ylik doimiy hamrohim”
Yaxshi qo‘shiq inson ko‘ngliga o‘zgacha halovat bag‘ishlaydi. Ayniqsa, nastarin gullari bo‘yi havoni va ko‘ngillarni muattar aylagan shu kunlarda O‘zbekiston xalq artisti Yulduz USMONOVAning qo‘shiqlarini tinglashning olam-jahon zavqi bor. Ariq bo‘yida xayol surgan 17 yoshli qizlaru, bo‘tana suvga boqib hayot haqiqatini anglayotgan hikmatsevar ko‘ngillar, “xasta bo‘lma” deya yozg‘irayotgan ayol nolasi, har ne mushkulotda Yaratganning sinovlariga shukur qilayotgan mardona yuraklar…

“ZO‘R TV” telekanali va FM 102.7 radioto‘lqinlari hamkorligida tashkil etilgan uchrashuvda xalqimizning sevimli xonandasi muxlislarni qiziqtirgan ko‘p savollarga javob berdi.

“Sahnaga hammaga birdek yoqish uchun chiqmayman!”

“Uchrashuvlarda va konsertlaringizda hayotimizdagi va jamiyatimizdagi kamchiliklarni ro‘yi-rost aytib, yurtdoshlarimizni ziyraklikka va hushyorlikka chorlaysiz. O‘zingiz kimning tanqidini to‘g‘ri qabul qilasiz?”

Uchrashuv tashkilotchisi, “Vodiy sadosi” radiosi boshlovchisi Feruza Bonuning ushbu savoliga xonanda shunday javob berdi: “Bilasizmi, men har qanday vaziyatda haqiqatni odamlarning yuziga aytishga odatlanganman. Va bu odatim hammaga ham yoqavermaydi. Sahnaga esa men hammaga birdek yoqish uchun chiqmayman. Ko‘p holatlarda qo‘shiqlarimdan o‘zini topib olgan odamlar menga g‘ashlari kelib, xafa bo‘lib yurishadi. Inson asosli tanqidni eshitganida o‘zidan bir qadam oshib, o‘z kamchiliklariga xalq nazari bilan boqishi kerak. O‘zimga keladigan bo‘lsak, men dastlab olovlanib ketganim bilan, tanqid asosli ekanligini anglasam, bir oz vaqt o‘tgach, “Rahmat, to‘g‘ri aytgan ekansiz!” deya tan oladigan odatim bor. Shu o‘rinda yana bir narsani aytib o‘tishni istardim, biz nafaqat ovqatdan, balki odamlardan ham parhez qila bilishimiz kerak. Shu bois, hamisha samimiy va rostgo‘y insonlar suhbatiga intilaman!”

“Hayotimning har bir onida xizmatingda bo‘lay, xalqim!”

“Adoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!”, “Dadajon”, “Onam” kabi qo‘shiqlaringizni yig‘lamasdan tinglay olmaymiz. Mana shunday dilbar va yurakka yaqin qo‘shiqlar uchun sizga rahmat. Oylab safarlarda yurasiz, tunni kunga ulab qo‘shiqlar yaratasiz, s’yomkalarda, to‘ylarda elimiz ko‘nglini olasiz, bir necha kunlab dam olmasdan konsertlar berasiz… Shuncha kuch-quvvatni, g‘ayratni, ona yurtga, xalqimizga bo‘lgan yuksak muhabbatni qayerdan olasiz?”

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova toshkentlik muxlisi Ma’mura Qayumovaning ushbu savoliga javob berar ekan, o‘z qalbidagi kechinmalarini, ijod jarayoni blan bog‘liq mulohazalarini shunday bayon qildi: “Avvalo, menga Alloh ato etgan iste’dod va ilhom onlari uchun ming bora shukur qilaman. Qolaversa, men ham sizlar kabi oddiy insonman. Menga berilgan g‘animat umrni samarali o‘tkazishga intilaman. Yosh o‘tgani sayin hammaning ham beli, oyog‘i og‘riydi. Biz tengi ba’zi ayollar kelin qo‘lidan choy ichib, televizor ko‘rib o‘tishni ma’qul ko‘radi. Men esa hamisha harakatda bo‘lishni istayman. Uydan hadeb ko‘chaga chiqavermaganim bilan hovlida gul ekaman, yer chopaman, qushlarimga qarayman. Sport bilan shug‘ullanaman. Eng asosiysi, o‘tayotgan kunlarimga shukur qilaman. To‘g‘ri, hayotda men uchun ijod yo‘li mashaqqatlarga va sinovlarga to‘la bo‘ldi, biroq men ana shu sinovlarda xalqimning mehru muhabbatiga sazovor bo‘ldim. Yo‘l qo‘ygan kichiq bir xatoim uchun ham katta to‘lov to‘ladim. Va menga yana qayta hayot berilsa, yana shu taqdirni qabul qilgan bo‘lardim. Haqiqat ro‘yobga chiqqanida barcha qiyinchiliklar bir zumda unutiladi. Shu bois, har qanday vaziyatda ham inson o‘zligini unutmasligi kerak. Allohdan har kuni mazmunli umr so‘rayman, hayotimning har bir onida xalqimga xizmat qilish baxtiga musharraf etgin, kerakli inson bo‘lay, deyman”.

“Nabiralarim davrasida juda baxtliman!”


Savol-javoblar chog‘ida sevimli xonandamiz ijtimoiy tarmoqlar orqali muxlislari bildirgan fikr-mulohazalarga alohida vaqt ajratishini, muxlislar e’tirofi san’atkor uchun hamisha qadrli ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Shuningdek, qizi Nilufar Usmonova bilan bog‘liq savollarga ham to‘xtalib, ayni kunlarda yangi nabira kutayotgani, qizi Nilufarni bag‘rikeng ona va mehribon farzand sifatida juda ardoqlashini ham aytib o‘tdi. Ayniqsa, Nilufar keyingi paytlarda Marg‘ilondan buvisini o‘z uyiga olib kelib, alohida mehr ko‘rsatayotganini yuksak baholadi. “Men ana shunday oqibatli farzandim borligidan faxrlanaman, nabiralarim davrasida juda baxtliman”, — dedi san’atkor hayajon bilan.

“San’atkor faqat shou qilmasdan, qalb bilan ishlashi kerak!”

“Biz Samarqanddan uch opa-singil kelganmiz, — dedi yana bir muxlis ayol. — Qo‘shiqlaringizda har bitta ayolning quvonchi va g‘amini yuraklarga yetib boradigan qilib kuylaysiz. Ayollar qalbini siz kabi tushunadigan shogirdlaringiz bormi?”

“Savolingiz menga yoqdi. Ashula aytadigan emas, inson qalbini tushunadigan shogirdlaringiz bormi, deyapsiz. Ba’zi qo‘shiqchilar kimlargadir o‘chakishib ashula aytadi, kimnidir boplab qo‘yish uchun kuylaydi, lekin asl qo‘shiqda dard bo‘lishi kerak. Buning uchun esa san’atkor avvalo o‘zligidan, o‘z o‘tmishi va kamchiliklaridan uyalmasligi, mard bo‘lishi lozim. Shogirdlar haqida gap ketganida, avvalo, o‘z ustozlarimni aytib o‘tay. Men ajoyib ustozlar dastasi bilan ishlash baxtiga muyassar bo‘lganman. Mushtdayligimdan qo‘shiq ayta boshlaganimda marg‘ilondagi ustozlarim — Zaynobiddin qiziq, Ibrohim Ishoqov hamda O‘zbekiston xalq artisti Faxriddin Umarovlarning duolarini olganman. Men sakkizta farzandi bor ko‘p bolali oilaning farzandi edim. O‘z mehnatim, izlanishlarim bilan yo‘limni topishga harakat qilganman. “Birinchi bo‘laman”, “Hammadan zo‘r bo‘laman” degan fikr yo‘q edi, lekin maqsadim aniq, intilishlarim qattiq edi. Hozirgi yoshlarning aksariyati esa tezroq televizorga chiqish va tanilishni istaydi. Bilim olish va ijod zavqi degan tushunchalar ularda yo‘qligini ko‘rib, tashvishga tushaman”.

“She’r tanlash bobida qattiqqo‘lman!”

“Ko‘p qo‘shiqlaringiz matnini o‘zingiz yozasiz. Shuning bilan birgalikda she’r tanlashdagi qattiqqo‘lligingiz tufayli shoirlar siz bilan ishlashga hayiqib turishar ekan…”

Muxlislarning bu e’tirofini sevimli xonandamiz tabassum bilan qarshi oldi va: “Mana, davrada taniqli qo‘shiqchi shoirlarimizdan biri o‘tiribdi. Bu savolga javobni Bobur Bobomuroddan so‘rab ko‘ringlar”, — dedi.

“Juda to‘g‘ri, Yulduz Usmonova she’r tanlash bobida juda talabchan ijodkor. U bilan birga ishlash mashaqqatli, biroq juda zavqli. Mendan ko‘p muxlislar Yulduz opa kuylagan qo‘shiqlardagi ayol dardini qanday yoza olgansiz, deb ko‘p so‘rashadi. Bu borada menga hamisha san’atkorning o‘zi g‘oya berganini ta’kidlab o‘tganman”.

Bobur Bobomurodning bu so‘zlaridan so‘ng Yulduz Usmonova qo‘shiqchi shoirlar borasidagi o‘z mulohazalarini ham kuyunchaklik bilan gapirib o‘tdi: “Men O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf bilan juda mazza qilib ishlaganman. Masalan, “Adoying bo‘lgaymiz seni, O‘zbekiston!” qo‘shig‘ini yozganimizda, avvalo, birgalikda kalit so‘zlarni topganmiz, keyingi misralarni ham o‘zaro muloqot va fikrlash orqali davom ettirganmiz. O‘tgan yili Bobur Bobomurod va Lola Sobirovalar bilan ishlagan bo‘lsam, bu yilgi konsertda Abdulla Oripov hamda Usmon Azim she’rlariga murojaat qildim. Bilasizmi, hozirgi yosh ijodkorlar yozgan she’rlarda ustozlar she’riyatidagi sirli parda yo‘q. Yoshlar yalang‘och misralarga o‘ralashib qolishgan. Shu bois, ustoz shoirlarga murojaat qilishni yaxshi ko‘raman”.

“Xasta bo‘lma, azizim, yurt ishqida bedor bo‘l!”

Muloqotlar chog‘ida san’atkor tomonidan ijro etilgan qo‘shiqlarni uchrashuvga kelgan mehmonlar birgalikda kuyladilar. Sevimli qo‘shiqchisi bilan yuzma-yuz suhbatlashish va uning jonli ijrosidan bahramand bo‘lish ularning qalblariga bir olam zavq va hayajon baxsh etdi. Mehru muhabbatga to‘la yuksak qalbi va ijodi bilan bugun o‘zbek qo‘shiqchiligida o‘z maktabini yaratgan ustoz san’atkorning samimiy va rostgo‘y munosabati, muxlislariga bo‘lgan ehtiromi chindan ham e’tirofga loyiq. Zero, bu otashin qalb sohibasi qalbidan yaralib, millionlab yuraklarga ko‘chib o‘tgan qo‘shiqlar qanotida Ona yurtimizga bo‘lgan muhabbatimiz, sadoqatimiz, jasoratimiz, orzu va armonlarimiz ohanglari shu ko‘hna olam uzra kezib yuribdi!
Muxtasar TOJIMAMATOVA yozib oldi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Yulduz Usmonova: “Samimiyat va rostgo‘ylik doimiy hamrohim”