09:42 / 20.04.2018
4 899

Bir million dollarga ham sotilmagan gilam (video)

Bir million dollarga ham sotilmagan gilam (video)
Zargilamda kumush va oltin suvi yugurtirilgan iplar ishlatilgan.
Foto: «xabar.uz»

Xalqaro ekologiya, inson va tabiat xavfsizligi fanlari akademiyasi a’zosi, tadbirkor hamda huquqshunos Anvarmirzo Husainov bilan Rog‘un GESi bo‘yicha yangi loyiha yuzasidan suhbatlashganimizdan boxabarsiz. Suhbatdoshimiz nafaqat yetuk olim, balki xalq san’atining asl shaydosi ham ekan.

Anvarmirzo akaning Toshkentdagi uyida bo‘lgan odam bu fayzli xonadonning bir xonasida osilib turgan, sohibqiron Amir Temur siymosi va taxt atrofi aks etgan ajoyib gilamdan hayratlanmay iloji yo‘q.

Tadbirkor asli buxorolik. Buxoroning zardo‘zi san’atining yuksak namunalari aks etgan bu gilam alohida tarixga ega. Boshdan oxir qo‘l mehnati bilan yaratilgan bu gilamning ustida 12 nafar to‘quvchi 10 oy uzluksiz mehnat qilgan. Buxoroda boshlangan ishlar Moskvada yakuniga yetkazilgan. Suhbat asnosida, nega bunday qilingani bilan qiziqdik.

— Buning ham o‘ziga xos va qiziqarli tarixi bor, — dedi Anvarmirzo aka. — Gilamga men buyurtma berganman, qanday ko‘rinishda yaratilishi kerakligini ham o‘zim belgilaganman. Tabiiyki, barcha xarajatlar ham o‘zimning zimmamda bo‘lgan.

Gilam deyarli 90 foiz tayyor bo‘lganida unga ishqibozlar paydo bo‘la boshladi va ular gilamni qo‘lga kiritish payiga tushishdi. Men bu vaziyatdan xabardor bo‘lishim bilan chala bitgan gilamni olib Moskvaga ketdim. Ortimdan ikki gilamdo‘zni jo‘natishdi va loyihaning yakuniy ishlari Moskvadagi uyimda amalga oshirildi. Shu tariqa bu san’at asari oilam ixtiyorida saqlanib qoldi.

— Bu gilam yaratilishiga nima turtki bergan?

— 1996 yilda yurtimizda sohibqironning yubileyi o‘tkazildi. «Temuriylar tarixi» davlat muzeyi ham poytaxtda ish boshladi. Mana shu gilamda kichraytirib aks ettirilgan «Amir Temur jahon taxtida» nomli surat muzeyning markaziy kompozitsiyasi hisoblanadi. Men shu suratni ko‘rib juda ta’sirlanganman va Buxoroga yo‘l olganman. 1996 — 1998-yillarda hunarmandlar iqtisodiy jihatdan ancha murakkab ahvolga tushib qolishgandi. Bu gilam ular uchun ham katta buyurtma bo‘ldi. Shu o‘rinda aytmoqchi bo‘lgan gapim, har doim tadbirkorlar, badavlat insonlar hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlashlari kerak!

Endi bu gilam oddiy gilam emas, zargilamdir. Bu zardo‘zi san’atining cho‘qqisi hisoblanadi. Zargilamda kumush va oltin suvi yugurtirilgan iplar ishlatilgan. Shu tariqa balandligi 2,10, eni 3,45 metr bo‘lgan zargilam 1998 yilda to‘qib tugatildi.

— Endi andak nozik bir savol. Bu gilamning qiymati qancha?

— Bu zargilamning aniq bahosi yo‘q. Men uchun u bebaho, oilaviy mulkim hisoblanadi.

— Uzr, aytaylik shu zargilamga 200 ming AQSh dollari taklif qilinsa sotarmidingiz?

— Yo‘q albatta.

— 500 mingga-chi?

— Yo‘q! Bu zargilamni Moskvadagi ko‘rgazmada o‘zbek hunarmandchilik san’ati ramzi sifatida namoyish qilganimda ko‘pchilik xaridor bo‘lgan. Hatto 1 million dollar ham taklif qilishgan. Ammo sotmaganman!


Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Bir million dollarga ham sotilmagan gilam (video)