U o‘zbek shou-biznesi yulduzi edi, ammo Allohga muhabbat baridan ustun keldi (video)

  • Madaniyat
  • 24-04-2018, 12:56
  • 2 248
  • У ўзбек шоу-бизнеси юлдузи эди, аммо Аллоҳга муҳаббат баридан устун келди (видео)
    U o‘zbek shou biznesi olamining yorqin yulduzi edi. Aktyor, qo‘shiqchi, sevimli san’atkor. Ammo ayrim sabablarga ko‘ra, ayni porlayotgan vaqt u o‘z faoliyatini tugatdi. Bunga nima sabab bo‘ldi? Biz nazarda tutayotgan inson Farrux Soipov shu va boshqa mavzularda jurnalist Jasur Hamroyevga videointervyu berdi.

    Hayotini keskin o‘zgartirgan turtki
    - Hayotimni Qur’on o‘zgartirdi. U bilan hamnafasman, - deydi Farrux Soipov videosuhbatda. – Shou-biznesda faoliyat yuritayotgan vaqtim yaxshilikka xizmat qiluvchi ko‘p ishlar qilmoqchi bo‘ldim, ammo bu olamda buning imkoni yo‘q ekan. Shu bois men bu sohadan ketdim va buni to‘g‘ri deb bilaman. Hozir rizqimga atalgan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanyapman. Inson hayotida juda ko‘p holatlarga duch keladi. Xafa bo‘lgan kezlarimda zikr aytaman. Zikrda ma’no ko‘p...

    Ilm u uchun nima?
    - Bugun O‘zbekistonda ilm olish uchun barcha imkoniyatlar bor. Ilm serob. Internet orqalimi yoki kitoblar bo‘ladimi bu ehtiyojni qondirish mumkin. Islomiy filmlar olish haqida o‘ylaganman, ammo bunga jur’at eta olmaganman. Chunki, tarixda o‘tgan avliyolar yoki olimlarni ekranda gavdalantira oladigan aktyorlar bizda yo‘q, chunki u zotlar nuroniy, o‘sha shaxsni biladigan, ilmdan boxabar kishilar bo‘lgan. Ikkinchidan, u zotlarni filmda noto‘g‘ri talqin etilishidan qo‘rqaman.

    Kino mast qiluvchi ichimlikka o‘xshaydi. Chunki uning foydasidan ziyoni ko‘p, deb bilaman. Yoshlarni kino orqali tarbiyaga chaqirish qiyin, chunki kinoteatrlarda juda ko‘p kuzatganman, bugungi kun tomoshabini ko‘proq komediyalarga, oldi-qochdi gaplari ko‘p filmlarga qiziqadi.

    Foto: Videodan kadr

    Halol rizq
    - Inson hayotida topayotgan luqmasi halol bo‘lgani afzal. Sahobalardan biri bo‘lmish Sa’d ibn Abu Vaqqos (r.a) payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v)ga: “Ey Rasululloh, duo qiling, men Allohga nimani duo qilib so‘rasam doim ijobat bo‘lsin”, dedilar. Shunday payg‘ambarimiz (s.a.v): “Halol luqma yegin, duoing doim ijobat bo‘ladi”, degan ekanlar. Shu sabab shaxsan men uchun halol luqmaning ahamiyati juda katta.

    Menga sokinlik yoqadi...
    Men sokinlikni yaxshi ko‘raman, odam ko‘p joylar menga uncha xush kelmaydi. So‘nggi paytlarda filmlar, ko‘rsatuvlar ko‘rishni kamaytirganman, deyarli yo‘q desa ham bo‘ladi. Ko‘p kitob o‘qiyman. Inson umri chegaralangan, shuning ham asosiy qismi uyqu va boshqa keraksiz mashg‘ulotlar bilan o‘tib ketadi. Ijtimoiy tarmoqlarni umrni kemiruvchi, keraksiz narsa deb bilaman. Umrada bo‘ldim, u yerda inson asl kimligini tushunar ekan.

    Soqol haqda
    - Soqol mavzusi haqida ko‘p gapirish mumkin. Umuman, soqol erkak kishiga xos bo‘lgan jihat, uning foyda tomonlari ham bor. Payg‘ambarlarning barchasi soqol qo‘yishgan. Bundan tashqari, o‘zimizdan o‘tgan buyuk olimlar, maktab darsliklariga kiritilgan ulug‘ siymolarda ham soqol bo‘lgan. Umuman olganda, soqol qo‘yish menga fitratan yoqadi. O‘zi bizning xalqimizda soqol qo‘yish odati azaldan bo‘lgan. Soqolning negativ narsalarga umuman aloqasi yo‘q, deb o‘ylayman.

    » » U o‘zbek shou-biznesi yulduzi edi, ammo Allohga muhabbat baridan ustun keldi (video)
    Яндекс.Метрика