20:25 / 11.05.2018
7 899

Rayhon qo‘shiq matni, Hulkar Abdullayeva nojoiz kadrlar, «Ummon» yotoqxona sahnasi uchun…

Rayhon qo‘shiq matni, Hulkar Abdullayeva nojoiz kadrlar, «Ummon» yotoqxona sahnasi uchun…
Xonanda Farhod Saidov tomonidan ijro etilgan «Ko‘zlaring» deb nomlangan qo‘shiq muhokama etilib, ijro yaxshiligi bois videoklip suratga olish uchun tavsiya berildi. Bu haqda «O‘zbekkonsert» DM xabar berdi, deb yozadi protoday.uz nashri.

Xonandalar Sarvinoz Jo‘rayeva, Muhayyo Umarova, Shuhrat Mahmudov, Yorqinxo‘ja Umarov, Jasur Mavlonovning qo‘shiqlariga tasvirga olingan videokliplardagi ayrim juz’iy kamchiliklarni bartaraf etish xonandalarning o‘zlariga va klipmeykerlariga tushuntirilib, ba’zi kadrlardan voz kechish, to‘g‘rilash sharti bilan istisno tariqasida ruxsat berildi.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rayhon G‘aniyevaning «Yurak» (Hamdam Sobirov so‘zi, Jasur Badalboyev) musiqasiga olingan klipda qo‘shiq so‘zlari mantiqan mukammal emasligi hamda ayrim kadrlardan nojoiz foydalangani uchun uni qayta ishlash tavsiya etildi. «Nihol» mukofoti sovrindori Hulkar Abdullayeva tomonidan «Dard» deb nomlangan qo‘shiqning so‘zlari va ijrosi yaxshiligi alohida ta’kidlanib, lekin qo‘shiqqa ishlangan klipdagi kadrlardan nojoiz foydalangani bois, ushbu klipni qayta to‘g‘rilash tavsiya etildi.

«Via Marokand» guruhi tomonidan kuylangan, so‘zi va musiqasi Jasur Badalboyevga mansub «Turist» qo‘shig‘i matni sayoz, mantiq va she’riyat talablariga javob bermaydigan bachkana so‘zlar asosida ekanligi va klip kadrlarida tushunarsiz holatlar mavjudligi aytildi. Qo‘shiq so‘zlari she’riyat talablariga javob bermagani tufayli rad etilib, xonandalar qo‘shiq so‘zlarini shoirlar bilan qayta to‘g‘rilab, qayta topshirishi mumkinligi tavsiya etildi.

«Ummon» guruhining «Oq gulim» deb nomlangan qo‘shig‘i (so‘zi va musiqasi guruhga mansub) tinglandi, bu qo‘shiq ham so‘zlarining mazmunsizligi hamda klip kadridagi «alkogolli ichimliklar, yotoqxona sahnasini olib tashlash» tavsiya etilib, ushbu holatda efirlarga uzatish rad etildi. Muassasa mas’ullariga «Ummon» guruhi xonandalarini keyingi kengashga taklif etish vazifasi topshirildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Rayhon qo‘shiq matni, Hulkar Abdullayeva nojoiz kadrlar, «Ummon» yotoqxona sahnasi uchun…