16:55 / 04.06.2018
28 079

Sardor Rahimxon shou-biznesni tark etdi, ammo... (video)

Sardor Rahimxon shou-biznesni tark etdi, ammo... (video)
Hayot kutilmagan hodisalarga, inson esa kutilmagan qarorlarga boy. 2002-2005 yillar O‘zbekistondagi turli radiokanallarda boshlovchilik qilgan, so‘ngra qo‘shiqchilik faoliyati bilan shug‘ullanishni boshlab, 2006 yil “Nihol” mukofoti bilan taqdirlangan, 2009 yilda esa O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoniga ega bo‘lgan Sanjar Rahimov (Sardor Rahimxon) shou-biznesni tark etdi. Uning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, shou-biznes sohasini tark etgani haqidagi xabarlar rost.

- Shou biznesni tark etganim rost. Yangi to‘ylarga buyurtma olmayapman, bir oydan buyon to‘ylarga ham chiqmayapman, - dedi u.

Bundan bir necha kun avval “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi tomonidan bir necha nafar san’atkorlar qatori Sardor Rahimxonning ham litsenziyasi tugatilgani xabar berilgan edi.

Sardor Rahimxon muborak Ramazon oyida tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi “Ajr” deb nomlangan videorolik tayyorladi. Ushbu videorolik mazmuni saxiylik va uning ortidan keladigan baxt haqida. Quyida uning to‘liq matni va videosi bilan tanishishingiz mumkin.

“Oylarning sultoni Ramazon ham kirib keldi. Bu oyda ajoyib voqealar sodir bo‘lib turadi. Bugun ham sizlarga mana shunday voqealardan birini so‘zlab bermoqchiman.

Men oddiy bir kirakash edim. Har doimgidek o‘z mijozimni aytilgan manzilga yetkazdim. Ko‘zim keksa bir onaxonga tushib qoldi. Yugurib borib u kishining ahvolini so‘radim. Bergan javoblaridan butun vujudimni titroq bosdi.

“Mening yolg‘iz bir farzandim bor edi. Uning vafotidan so‘ng uch nafar nabiram qo‘limda qolib ketdi. Yordam beradigan hech kimimiz yo‘q. Nabiralarim ikki kundan buyon go‘shtli ovqat yeymiz deb, yig‘lashgani yig‘lashgan. Shuning uchun mana bu qog‘ozlarni sotib, ularning puliga yegulik olmoqchiman”, deb qo‘lidagi karton qog‘ozlarga qarab zorlandi onaxon.

Mashinamning ballonlari eski edi, shu sabab ularni almashtirish uchun ozgina pul yiqqan edim. Mana shu pullarni Alloh yo‘lida onajonga berishga ahd qildim. U kishi xursand bo‘lib, ortimdan uzoq duo qildilar. Bu voqeadan so‘ng qalbim qandaydir taskin topdi.

Uyga qaytishim bilan jufti halolim qarshi olib, hol-ahvolimni so‘radi va menga “ballonlaringizni almashtirdingizmi?”, deya savol berdi. Men nima deb javob berishimni bilmasdan, “do‘konga buyurtma qildim, yaqin kunlarda olib kelishar ekan”, dedim. Har doimgidek ikki rakat nafl namozidan so‘ng, Allohdan to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishini so‘radim.

Kunlardan bir kun ishdan qaytganimda, jufti halolim meni qarshi olib, “buyurtma bergan ballonlaringiz kelibdi, borib ularni almashtirishingiz mumkin ekan”, deb qo‘limga manzil yozilgan varaqcha tutqazdi. Bu holatdan hayratda qoldim, chunki hech kimga ballon buyurtma bermagan edim.

Ertalab manzil bo‘yicha ko‘rsatilgan joyga bordim. Qo‘limdagi varaqchani shu yerdagi ishchilardan biriga berdim. U varaqchani olgach, menga hayron bo‘lib tikildi va “akajon, ketib qolmang, hozir xo‘jayinni chaqirib kelaman”, deb yugurib ketdi. Birozdan so‘ng xo‘jayini meni oldimga kelib, “shu inson sizmisiz?”, deya meni qattiq quchoqlab oldi. Men esa hech narsani tushunmas edim.

U mendan so‘radi: “Alloh roziligi uchun ayting, qanday amal bajardingiz? Payg‘ambarimiz (s.a.v) uch kundan buyon tushimga kirib, sizning hojatingizni chiqarishni buyurmoqdalar”. Shunda men unga bo‘lib o‘tgan voqeani so‘zlab berdim. U esa ko‘zidagi yoshlarni to‘xtata olmas edi. Meni qattiq quchoqlab aytdiki: “Do‘stim, men sizga nafaqat ballonlaringizni yangilab beraman, balki butun borimni berishga roziman”.

Kimki, Alloh roziligi uchun bir insonning hojatini chiqarsa, Alloh taolo undan rozi bo‘lib, u insonning hojatini chiqaradi. Barchamizga Allohning rahmati, payg‘ambarimizning shafoati nasib aylasin”.

Kun.uz tahririyati Sanjar Rahimovga yangi faoliyatida omadlar tilab qoladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Sardor Rahimxon shou-biznesni tark etdi, ammo... (video)