08:02 / 15.06.2018
5 056

Vashingtonda "Shoshmaqom" yangradi

Вашингтонда "Шошмақом" янгради
AQShning Nyu-York shahridagi Markaziy Osiyo Jamiyatining “Shoshmaqom” ansambli mana necha yillardirki, amerikaliklarga Markaziy Osiyo xalqlarining milliy xalq kuy-qo‘shiqlarini namoyish etib keladi.

Yaqinda mazkur ansambl Vashingtonning Smitson muzeyi Frier va Sakler gallereyalarida o‘zbek musiqa san’atining o‘chmas mumtoz durdonasi Shoshmaqomdan yana bir bor namunalar ijro etib berdi. Guruh a’zolari - Shumiel Kuenov doira, David Davidov tanbur, Rafael Badalboyev akkardion chalib, o‘z san’atini namoyish etgan bo‘lsa, Rustam Samarqandiy o‘zining jozibali ovozi, Firuza Yagudayeva esa mohirona raqsi bilan amerikaliklarning havasini keltirdi.

Tadbirda “Jonon bo‘laman deb”, “Ajab-ajab”, “Samarqand ushshog‘i”, “Bahoram”, “Soqinomai Savti Kalon”, “To Bodi Sabo”, “Xanda-Xanda” kabi yana bir qator milliy xalq kuy va qo‘shiqlari yangradi.

- Shoshmaqom tarkibidagi Buzruk, Rost, Navo, Dugoh, Segoh va Iroq maqomlarining har biri yirik shakldagi turkumli asarlar bo‘lib, 20 tadan 45 tagacha katta va kichik hajmdagi maqom yo‘lini o‘z ichiga oladi. O‘tmishda maqomlarning ijro etilishida tanbur va doira yetakchi sozlardan hisoblangan”, - deya yig‘ilganlarga qisqacha ma’lumotlar ham berib o‘tdi asli O‘zbekistondan bo‘lgan ijodkor Shumiel Kuenov.

Ha, xalqimiz madaniy merosining ajralmas qismi bo‘lgan milliy maqom san’ati o‘zining qadimiy tarixi, teran falsafiy ildizlari, betakror badiiy uslubi va boy ijodiy an’analari bilan jahon san’ati va madaniyati taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan. Binobarin, Katta ashula, Navro‘z va Boysun madaniy merosi qatori Shoshmaqom ham YuNESKOning Reprezentativ ro‘yxatidan joy olgan.

2017 yilda esa O‘zbekiston Prezidenti o‘zbek milliy maqomchilik san’atini rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Hujjatga muvofiq, O‘zbek milliy maqom san’ati markazi tashkil etilib, o‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirishga doir chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. 2018 yildan boshlab Shahrisabz shahrida har ikki yilda bir marta Xalqaro maqom san’ati anjumani o‘tkazilib, Oqsaroy maydonining tarixiy qismida maqom san’atiga bag‘ishlangan muzey va milliy sozlar laboratoriyasi tashkil etilishi ham belgilangan.

Shu yo‘lda maqom san’atini o‘rganib, rivojlantirib, mamlakat va dunyo miqyosidagi turli tadbirlarda namoyish etib, targ‘ib qilishga o‘z hissasini qo‘shayotgan professional ansambllar, havaskor badiiy jamoalar faoliyatiga omad tilab qolamiz.

Manba: Xalq so‘zi

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Vashingtonda "Shoshmaqom" yangradi