08:02 / 19.07.2018
5 486

Modani taqiqlash kerakmi?

Modani taqiqlash kerakmi?
Bugungi kunda turli mamlakatlarda paydo bo‘layotgan har qanday liboslar, kostyumlar tez orada dunyo miqyosida urfga aylanyapti. Buning sababi nimada? Buning ikkita sababi bor. Birinchisi, urfga aylanayotgan kostyumni targ‘ib qiluvchi vositalarning hozirgi paytda kuchli taraqqiy etgani, ya’ni sun’iy yo‘ldoshlar, ommaviy axborot vositalari, internet orqali jahonda paydo bo‘layotgan kiyinish yangiliklari haqida axborotga ega bo‘lish.

Ikkinchisi, hozirgi paytda erkinlikka intilish hamda madaniyatlarning o‘zaro yaqinlashuv jarayoni bilan bog‘liq. Muammolar umumiylashmoqda. Bu hodisa o‘z navbatida madaniyatga ham ta’sir qilmay qolmaydi. Masalan, Braziliyada paydo bo‘lgan kiyinish g‘arbda ham, sharqda ham bir xil qabul qilinyapti.

Bugungi yoshlarimiz juda qiziquvchan, yangilikka o‘ch. Ular har bir voqea-hodisani e’tiborsiz qoldirmaydilar. Ayniqsa, dunyoda paydo bo‘layotgan modalar hamisha ularning diqqat markazida.

Xo‘sh, aslida ham “moda” yoshlarimizni buzyaptimi? Ularning milliy an’analarimizga xos kiyinishlariga nima to‘sqinlik qilyapti? Yoki modani taqiqlash kerakmi? Umuman, moda tushunchasi nima? Ularning tashabbuskorlari kim?

Kiyinish madaniyati o‘zgarishi yoki buzilishiga faqat yangilikka o‘ch yoshlar sababchimi? Mazkur muammoga oydinlik kiritish maqsadida fikr-mulohazalarimizni aytib o‘tsak.

Vaqt o‘tib, faqat liboslargina emas, shu bilan birga bosh kiyim, poyabzal, zeb-u ziynatlar, soch turmaklash, pardoz qilish — hammasi birgalikda kostyum ansambliga aylandi. Ana shu kostyumlar bugungi kunda ma’lum shaxslar, ijodkorlar, ya’ni modelerlar, libos dizaynerlari tomonidan yaratiladi. Bu kostyumlar ham ijod mahsuli hisoblanadi.

Hozirgi paytda liboslar sanoati bilan shug‘ullanuvchi “Kristian Dior”, “Versache”, “Pol Makkarti”, “Shanel” kompaniyalarining mahsulotlari dunyo bozorida eng yuqori o‘rinlarni egallaydi. Uni urfga, odatda el nazariga tushgan kishilar, ya’ni kiyim namoyish qiladigan manekenlar, mashhur artistlar, qo‘shiqchilar, sportchilar olib kiradilar. Boshqalar, ayniqsa, shunday kishilarning ixlosmandlari o‘z-o‘zidan ularga ergashadilar. Qarabsizki, o‘sha kiyim rusumi ko‘chaga chiqadi.

Modani ikkiga bo‘lish mumkin. Birinchisi, tor doirada, ya’ni mahalla, qishloq, shahar miqyosida hamda ikkinchisi, keng doirada mamlakat, dunyo miqyosidagi modalar. Tor doiradagi liboslarda milliy o‘ziga xoslik ustun bo‘ladi. Keng doirada, ya’ni butun dunyoda urf bo‘lgan kiyinish ma’lum mamlakatda paydo qilinsa-da, unga boshqa mamlakatlarning ta’siri ham bo‘ladi.

Qayd etish kerakki, modalarning rivojlanishi va tarqalish darajasi baland. Eng qizig‘i, modalar bir mamlakatdan ikkinchisiga emas, balki bir paytning o‘zida dunyoga tarqalyapti. Bu albatta, sivilizatsiyaning natijasidir. Ammo sivilizatsiyaning ta’siriga ko‘r-ko‘rona tushib qolmaslik kerak. Balki uni qabul qilishda ham did, fahm-farosat va bilim zarurdir.

Yoshlarimiz kiygan kiyimlari ularning muomalasi, yurish-turishi, xatti-harakatlari, o‘zini tutishi, og‘izlaridan chiqayotgan so‘zlariga ham ta’sir etmay qolmaydi. Natijada, ba’zan noo‘rin so‘zlar, xatti-harakatlar jamoatchilik orasida norozilik kayfiyatini uyg‘otadi. Har bir shaxs oilada kamol topadi. Uning atrofida tergaydigan ota-onasi, buvi-bobosi, amma-xolasi bor. Ammo ba’zan ular o‘zlari o‘rtoqlaridan qolmasin, deb qizlariga tor shim, kalta yubka yoki yelkasi, qorni ochiq kiyimlarni kiyishga izn berayotgan ekan, demak, bu borada faqat yoshlarni ayblash adolatdan emas. Qolaversa, ma’lum ma’noda oiladagi, maktabdagi muhit ham bunga sababchi. Aynan oilaning o‘zi shunday kiyimlarni kiyishni, “zamonaviy” bo‘lishni talab qilishi afsuslanarlidir.

“Moda”da kiyinishga qarshi bo‘lganlar jon kuydirib bunday holatga chek qo‘yish, o‘quv muassasalarida taqiqlash lozimligini kuyinib aytadilar. Modani taqiqlash mumkinmi? Inson tabiatida taqiqlangan narsaga qiziqish kuchli bo‘ladi. Ota-onasi taqiqlasa ham bola avval shuni qilib ko‘radi. Yomon tomoniga guvoh bo‘lgach, bu ishdan o‘zini tortadi.

Man qilishdan ko‘ra yoshlarga tushuntirish, ularning didi, fahm-farosatini tarbiyalash ko‘proq ijobiy natijalar bermaydimi? Shundan keyingina tanlash huquqini yoshlarning o‘zlariga qo‘yish kerakdir, balki. Muhimi, bu borada ota-onalar ham farzandlarini tushunib, o‘zlarini ularning o‘rinlariga bir zum qo‘yib ko‘rsalar, yomon bo‘lmasdi. To‘g‘ri, inkor qilmaymiz, me’yor buzilgan. Shu ma’noda, milliy liboslarimiz noyob namuna sifatida faqat ma’lum bir davralarda, aytaylik, bayramlar, to‘ylarda kiyiladi. Shunda ham zamonaviy tus bergan holda, albatta. Ayniqsa, bu poytaxtda juda bilinadi. Viloyatlar, tumanlar, qishloqlar nisbatan kichkina hudud bo‘lganligi, hamma bir-birini tanigani bois, odamlar har holda andisha qiladilar. Yoshlikning o‘zi go‘zal. Bugungi yoshlarimizning g‘arb modasiga mukkasidan ketayotgani, ular milliy kiyinish an’analarini unutdilar, degani emas.

O‘zbegimizning milliy iftixori bo‘lgan atlasga hamisha e’tibor katta. U bizda hech urfdan tushmaydi. Shu bilan birga yaqin-yaqingacha unutilgan adras, banoras, beqasam matolar yana urfga kiryapti. Bu quvonchli hol, albatta. Hozirda bu matoga qiziqish ortdi. Zamonaviylik hamda milliy uyg‘unlik aks etgan andozalarda tikilgan liboslar qizlarimiz husniga yana ham ko‘rkamlik baxsh etadi. Bu matolarni faqat to‘yu tantanalarda emas, ish sharoitlari uchun ham moslashtirish niyatida mutaxassislarimiz izlanmoqdalar. Ularning namunalari yoshlarimizning egnida paydo bo‘lganligi hali bu borada yangi-yangi milliy libos rusumlari yaratilishiga umid uyg‘otadi.

Faqat modada kiyinish zamonaviylikni bildirmaydi. Zamonaviylik avvalo insonning ichki va tashqi dunyosini zamonga uyg‘unlashtirish demakdir. Shu ma’noda har bir kostyum, libosning o‘z mazmuni bor. Uning to‘g‘ri tanlanishi, atrofdagilar tomonidan iliq qabul qilinishi ham urfni belgilaydi. Shu bilan birga kishining kayfiyati, qanday ish bilan shug‘ullanishida ham kostyum kiyishning o‘rni bor. Shu o‘rinda milliy me’yor masalasiga to‘xtalmoq joiz, deb o‘ylaymiz. Barcha rivojlangan davlatlarda oiladan tashqari maktabda, o‘quv yurtlarida insonning turli davralarda o‘zini tutishi, muomalasi, buyumlarning ishlatilishi, o‘zi uchun munosib kiyimni tanlash borasida maxsus bilimlar beriladi.

Bizda bunday bilimlar maktablarda “Odobnoma”, “Oila psixologiyasi”, oliy o‘quv yurtlarida “Etika”, “Estetika” singari fanlarda umumiy o‘rgatiladi. Vaholanki, bu fanlarni har birining o‘z vazifasi bor. Aytmoqchi bo‘lganimiz, yoshlarning modaga ruju qo‘yishi, ochiq-sochiq kiyinishini faqat tanqid qilish, yomonlash bilan cheklanib qolmay, uning oldini olish choralarini, yaxshi tomonga o‘zgartirish yo‘llarini izlash lozim.

Har kimning kelbatiga yarasha didi, fahm-farosati ham bor. Eng zaruri, ana shu didni, fahm-farosatni to‘g‘ri tarbiyalay bilish kishini bezaydi, yanada xushsurat qilib ko‘rsatadi. Tarbiyalaydigan esa, jamoatchilik, ya’ni siz-u biz — barchamiz.
Zulfizar ​Choriyeva
Respublika dizayn kolleji o‘qituvchisi.

Manba: Xalq so’zi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Modani taqiqlash kerakmi?